Pandemiya davrida iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish va barqarorligini saqlab qolish maqsadida hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarga ko‘plab imtiyozlar hamda preferensiyalar taqdim etilmoqda. Birgina Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari tomonidan amalga oshirilgan import uchun bojxona to‘lovlari bo‘yicha 795 milliard 585 million so‘m miqdorida bojxona imtiyozlari qo‘llanildi.

Maʼlumki, bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalar nafaqat viloyatimiz, qolaversa, mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini yana-da oshirishga o‘z hissalarini qo‘shmoqda.

Misol uchun, “Chiroqchi istiqlol parrandachilik” masʼuliyati cheklangan jamiyati Qarshi shahrida o‘z faoliyatini yana-da kengaytirishni maqsad qilib, Turkiya davlatidan bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan qiymati 1 million 11 ming AQSH dollar bo‘lgan jihozlarni import asosida olib keldi.

- Korxonamiz 2012 yildan faoliyat yuritib kelmoqda deydi, - jamiyat masʼul xodimi Ro‘ziboyev Xolmaxmat.  – Olib kelingan yangi uskuna soatiga 250 tonna jahon standartlariga javob beradigan sifatli un mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Samarasi shundaki, barcha jarayon avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi. Bu esa, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga hamda mahsulotlarni tashqi bozorlarga sotishga imkoniyat yaratadi. Korxona ishga tushirilishi natijasida 200 ta yangi ishchi o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Darhaqiqat, bu borada tadbirkorga bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari yaqindan amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Olib kelingan texnologik jihozlar tezkorlik bilan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, tadbirkorga qiymati 1 milliard 546 million so‘mlik bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanildi.

Viloyat bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan karantin qoidalariga rioya qilgan holda muntazam ravishda tadbirkorlik subyektlariga tashrif buyurib muammo va takliflar o‘rganilmoqda, shuningdek bojxona sohasida yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi Axborot xizmati

03-10-2020 |
Foto galereya