Tuyalar eramizdan ikki ming yil avval Arabiston yarim orolida xonakilashtirilgan. О‘sha paytlardan beri suvsizlikka chidamli, qishning izg‘iriniyu, yozning qum-bо‘ronli jaziramalarini pisand qilmay, uzoq masofalarga yuk tashuvchi jonivor sifatida insonlarga beminnat xizmat qilib kelmoqda. Shu bilan birgalikda, tuyalar о‘zining shifobaxsh suti bilan ham qadrlanadi.

Qadimdan ota-bobolarimiz ushbu mahsulotdan tо‘yimli taom, qolaversa, kо‘pgina xastaliklarni bartaraf qiluvchi shifobaxsh oziq modda sifatida foydalanib kelishgan.

Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sino ham о‘zining "Tib qonunlari" kitobida tuya sutining shifobaxshligi xususida yozib qoldirgan.

Tuya sutida mineral moddalardan kalsiy, fosfor, temir, rux, mis, marganets,  natriy va boshqalar, vitaminlardan S, A, V guruhi serob bо‘ladi. Undagi natriy elementi sutga birmuncha shirin-nordon ta’m beradi. Tuya sutidagi temir miqdori sigir sutidagiga nisbatan 10 marta, vitamin S esa 3 marta kо‘p. Tuya sutining energetik qiymati sigirnikidan biroz kam bо‘lsa-da, unda uchraydigan tez hazm bо‘luvchi politо‘yinmagan yog‘lar hamda antimikrob xususiyatli elementlar inson organizmi uchun juda foydali.

Tuya sutining tarkibi va shifobaxshligi u iste’mol qiladigan ozuqa turiga ham bog‘liq. Eng shifoli sut tuyalar asosan yantoq yeb yurganda sog‘ib olingani hisoblanar ekan. Yantoq suvsiz chо‘llarda ham о‘sib, ozuqa qiymati jihatidan somon va shunga о‘xshash quruq hashaklardan ancha ustun turadi, tarkibida kо‘p elementlar, tabiiy uglevodlar, biologik faol moddalar saqlaydi. Uning gulidan shifobaxsh dorilar tayyorlanadi. Ayniqsa, kuz tushishi bilan yantoq tanasida hosil bо‘ladigan shakar (yantoq shakar) о‘ta shifobaxsh hisoblanib, uning barcha xususiyatlari hali oxirigacha о‘rganilmagan.

Bundan tashqari, tuya sutida boshqa hayvonlarda uchramaydigan insulinga о‘xshash oqsillar bо‘lib, bu hol qandli diabetni davolashda asqatadi, undan doim tamaddi qilib turgan bemorlar qonida shakar miqdori kо‘payib ketmasligining sababi ham shunda.

Sutdagi maxsus immunoglobulinlar esa organizmga tushgan begona antitelalarni tez orada yо‘qotadi. Kо‘pgina arab mamlakatlarida tuya suti sut emadigan bolalarning sevimli ozuqasi. Chunki u kо‘pgina jihatlari bilan kо‘krak sutiga о‘xshash bо‘lib, antibakterial va viruslarga qarshi kurashuvchi noyob suyuqlik hisoblanadi.

Ayrim kishilar sigir sutini icha olmaydi, ularda sut shakari laktozani parchalaydigan ferment-laktaza juda nofaol yoki umuman bо‘lmaydi. Mana shunday kishilar ham tuya sutini bemalol ichishlari mumkin, chunki uning tarkibida laktoza ancha kam bо‘ladi. Yana qandli diabetni davolashda shu narsa diqqatga sazovorki, qonda shakarning kо‘payib ketmasligini me’da osti bezidan ishlab chiqariladigan insulin gormoni ta’minlab turadi. Bu gormon esa kislotali muhitda tez parchalanib о‘z kuchini yо‘qotadi, lekin tuya sutida bо‘ladigan insulinga о‘xshash oqsillar me’dadan о‘zgarishsiz ichaklarga о‘tib (chunki bunday kislotali muhitga u chidamli bо‘ladi) shakar miqdori oshib ketmasligini ta’minlaydi.

Tuya suti ichaklardagi foydali mikroblarni kо‘paytiruvchi probiotik ham hisoblanadi. Shuning uchun azaldan uni iste’mol qiluvchilarda oshqozon-ichak xastaliklari tezda bartaraf bо‘lgan. Hozir ushbu noyob tabiiy ne’mat xususiyatlari tadqiqotchilar tomonidan keng kо‘lamda о‘rganilmoqda. Aniqlanishicha, tuya suti tanadagi yomon xolesterinlarni kamaytirib, yurak-qon tomir xastaliklarini davolashda, xususan, qon bosimini pasaytirishda muhim о‘rin tutar ekan. Yana unda shunday xususiyat borki, turli stress holatlarida kishidagi xavotirlanish, bezovtalik, qо‘rquv, toqatsizlanishning oldini olishda asqatadi.

Tuya sutidan bir qancha taomlar, ichimliklar tayyorlash mumkin. Ularning har biri о‘ziga xos maza va ta’mga, shifobaxshlikka ega bо‘ladi.

Misol uchun, viloyatimizning Koson tumanida Ayronchi degan qishloq bо‘lib, о‘tmishda uning о‘troq aholisi asosan tuya sutidan ayron tayyorlash bilan shug‘ullangan. Ayron deganda sut biroz qayta ishlangach, achitilib olingan nordon ta’mli ichimlik tushuniladi.

Aytishlaricha, ushbu mahsulot xalq orasida jazirama kunlari issiq urishidan,   chanqoqni qondirish va kayfiyatni kо‘tarishda hamda oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda dong‘i ketgan ichimlik hisoblangan. Hatto Buxoro amirligi davrida jazirama vaqtlari ham karvon bilan yuruvchi savdogarlar mana shu qishloqqa aynan ayron ichish uchun kelishgani haqidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda keltirilgan. Boshqa davlatlarda ham tuya sutidan har xil mahsulotlar tayyorlanadi. Masalan, kо‘chmanchi chorvadorlar kо‘pincha tuya sutidan qimiz tayyorlashadi. Buning uchun ular teridan tayyorlangan meshga  qatiqqa о‘xshash ozgina achitqi solishadi. Sо‘ngra yangi sog‘ilgan tuya sutini mesh ichidagi achitqiga aralashtirishadi. Bir kecha-kunduzdan keyin meshni yaxshilab chayqatishadi. Qarabsizki, ot sutidan tayyorlangan qimizga nisbatan 8 foiz yog‘liroq, sal shо‘r ta’mli, quyuq ichimlik tayyor bо‘ladi.

Tuya sutidan tayyorlangan qatiq - shubat deyiladi. Shubat sil, о‘n ikki barmoqli ichak yarasida shifobaxshdir. Tabiblarning tavsiyasiga kо‘ra, ich ketishida ham tuya sutidan tayyorlangan qatiq davo bо‘lar ekan. Bundan tashqari, tuya suti qonni yangilaydi.

Tuya sutini iste’mol qilgan davrda bemor achchiq, shо‘r, dudlangan va turli konserva mahsulotlari, shuningdek, spirtli ichimliklarni ichish, sigaret chekishdan tiyilishi kerak. Chunki parhez tutish tuya sutining shifobaxsh ta’sirini oshiradi.

Shoniyoz QURBONOV,  biologiya fanlari doktori, professor 

Gulnoza BURANOVA, fiziolog

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

06-08-2019 |
Foto galereya