O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorning asosiy maqsadi tarixiy-shaharsozlik muhiti va tuman (shahar)larning mavjud binolari meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish, reklama konstruksiyalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishni tartibga solishni nazorat qilish, tashqi reklama sohasining barcha ishtirokchilari uchun teng huquqlarni taʼminlaydigan tamoyillar va shartlarni shakllantirishdan iborat.

Hozirgi kunda Qashqadaryo viloyat Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi tomonidan ushbu qarorning tegishli bandlarini ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Boshqarma tomonidan Soliq boshqarmasi, viloyat Statistika boshqarmasi va viloyat Davlat xizmatlari markazidan olingan maʼlumotlar asosida viloyat hududida davlat ro‘yxatdan o‘tgan reklama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi subyektlarining ro‘yxati shakllantirildi.

Viloyat Tasviriy oyna IU tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra 2019 yildagi ro‘yxatda viloyat hududida jami 201 ta tashqi reklama konstruksiyalari mavjudligi ko‘rsatilgan.

Boshqarma tomonidan viloyatning barcha tuman (shahar)larida joylashtirilgan tashqi reklama obyektlarini birlamchi xatlovdan o‘tkazildi. Ushbu xatlov natijasida viloyat hududida jami 515 ta har xil turdagi reklama obyektlari borligi aniqlandi.

Shundan:

- 21 tasi egalik hujjati mavjud, qaror talablariga mos keladigan obyektlar;

- 193 tasi egalik huquqi mavjud lekin, qaror talablariga mos kelmaydigan obyektlar;

- 301 tasi bo‘yicha tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan aniq maʼlumotlar taqdim etilmaganligi va baʼzi bir tashqi reklama obyektlari egalarining maʼlumotlarni taqdim etishdan bosh tortganligi sababli reklama obyektlarining egasiz deb topildi va reklama obyektlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirish orqaga surilib bormoqda.    

Tezkor aniqlangan maʼlumotlarga ko‘ra, viloyatda 408 ta bilbordlar, 16 ta sitibordlar,  11 ta LED monitorlar, 5 ta prizmatronlar va 72 ta boshqa turdagi reklama konstruksiyalari va harfli logitiplar mavjudligi aniqlandi. Shundan atigi 21 tasi qaror talablariga mos keladi xolos.    

Boshqarma tomonidan tuman (shahar)lar hokimliklari bilan hamkorlikda har bir tuman (shahar) bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tuzgan holda, barcha turdagi tashqi reklama obyektlarini ushbu qaror talablariga muvofiqligi yuzasidan to‘liq xatlovdan o‘tkazish va xatlov natijalari bo‘yicha joylashtirilgan tashqi reklama obyektlarining ushbu qaror talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosalar berish ishlari davom ettirilmoqda.

Boshqarma va mahalliy hokimliklar tomonidan tashqi reklama obyektlari egalariga ushbu qaror talablariga javob bermaydigan holatlarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatma va belgilangan talablarga moslashtirilmagan reklama obyektlari (konstruksiyalari) ularning egalari tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘z kuchi bilan olib tashlanishi (demontaj qilinadi) hamda yer maydoni tartibga keltirilishi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinishi va barcha xarajatlar reklama obyektlari (konstruksiyalari) egalaridan undirilishi haqida ogoxlantirish xatlari, shuningdek viloyat hamda shahar teleradiokanallari orqali eʼlonlar berib borilmoqda.

      Tashqi reklama obyektlarini xatlovdan o‘tkazish jarayonida reklama beruvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi. Jumladan:

Qarshi-Beshkent yo‘li yoqasida joylashgan “Javlonbek Botirbek” oilaviy korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish binosining oldida hamda (sobiq) choyxonasi hozirda Qarshi tumani “Toza hudud”DUK ijara asosida faoliyat ko‘rsatayotgan avtogaraj binosining ro‘parasida pivo mahsulotining  reklamasi joylashtirilganligi aniqlandi.

Qarshi shahri “Nasaf” ko‘chasida joylashgan “Nevtarnado” oilaviy korxonasiga tegishli va A.Temur ko‘chasida joylashgan “Tabaka Hamkor” xususiy korxonasiga tegishli reklama bannerlarida “pivo” mahsulotining fotosurati joylashtirilgani aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan, tadbirkorlik subyektlariga O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari tushuntirildi va shu joyning o‘zida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilib reklama lavhalari olib tashlandi.

Tuman (shahar)lar hokimliklari bilan hamkorlikda tashqi reklama bozorini tartibga solish, tashqi reklama konstruksiyalaridan samarali foydalanish  va reklama konstruksiyalarini sonini ko‘paytirish  bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Sherzod Kenjayev

Viloyat Monopoliyaga qarshi kurashish

boshqarmasi, Reklama faoliyatini

tartibga solish bo‘limi boshlig‘i

18-06-2020 |
Foto galereya