Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda boshqarma jamoasi, jamoatchilik vakillari, faxriylar va OAV vakillari ishtirok etdi.




Ta’kidlanganidek bugungi kunga qadar transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari bir necha yil muqaddam qurilgan, sharoitlari yetarli bо‘lmagan eski binoda faoliyat kо‘rsatib kelayotgan edi. Qarshi shahridagi “Nasaf temir yо‘l kompleks qurilish” xususiy korxonasi bunyodkorlari tomonidan Qarshi vokzali yaqinidagi qarovsiz yotgan hududda qariyb 6,5 milliard sо‘mdan ortiq mablag‘ evaziga barpo etilgan yangi uch qavatli binoda boshqarma xodimlarining yanada samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

– Navbatchilik qismidan tortib shinam xizmat xonalarigacha axborot- kommunikatsiya texnologiyalari, kuzatuv uskunalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi, – deydi boshqarma katta tergovchisi, mayor Anvar Ochilov. – Shuningdek, ma’rifat, faxriylar, maxsus tergov va qayd etish, intizomiy kengash xonalari, voyaga yetmaganlar maxsus tergov xonasi, yotoqxona hamda aniq turar joyi yо‘q va mashg‘ulotga ega bо‘lmagan shaxslarni reablitatsiya etish markazida ham bir qator qulayliklar yaratildi. Tergovda adolat va xolislikni ta’minlash maqsadida maxsus tergov xonasi hamda maxsus qayd etish xonasida videoyozuv uskunalari о‘rnatildi.

Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i va navbatchilik qismlariga xizmat avtomobillari topshirildi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qо‘shiqlar davraga о‘zgacha fayz baxsh etdi.

Shu kuni О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi neft mahsulotlarini kuzatish batalyoni 7-otryadi Qarshi bekatining ham yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tadbirda О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Toshpо‘latov ishtirok etdi.

О‘lmas BAROTOV

22-07-2019 |
Foto galereya