Viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Boshqarma jamoasi, jamoatchilik vakillari, faxriylar va OAV vakillari qatnashgan tantanali marosimda yangi binoning ramziy tasmasini О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Toshpо‘latov hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi vakillari kesishdi.

Qayd etish lozim, boshqarma xodimlari ancha yillar muqaddam qurilgan, sharoitlari yetarli bо‘lmagan eski binoda faoliyat kо‘rsatib kelayotgan edi. Qarshi vokzali yaqinidagi qarovsiz hududda 6,5 milliard sо‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan barpo etilgan yangi uch qavatli binoda yanada samarali faoliyat yuritish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.

Navbatchilik qismidan tortib shinam xizmat xonalarigacha axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kuzatuv uskunalari va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Ma’rifat, faxriylar, maxsus tergov va qayd etish, intizomiy kengash xonalari, voyaga yetmaganlar maxsus tergov xonasi, yotoqxona hamda aniq turar joyi yо‘q va mashg‘ulotga ega bо‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazida ham bir qator qulayliklar yaratildi. Tergovda adolat va xolislikni ta’minlash maqsadida maxsus tergov xonasi hamda maxsus qayd etish xonasida videoyozuv uskunalari о‘rnatildi. Qurilish ishlari Qarshi shahridagi "Nasaf temir yо‘l kompleks qurilish" xususiy korxonasi bunyodkorlari tomonidan amalga oshirildi.

- Qulayliklar tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasidir, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashining raisi Sodiq Islomov. - Bunday sharoit va imkoniyatlarga ega bо‘lgan xodimlar xalq manfaati yо‘lida yanada samarali xizmat qilishlari shart.

Marosimda boshqarma boshlig‘i va navbatchilik qismlariga xizmat avtomobillari topshirildi. San’atkorlar ijrosidagi kuy-qо‘shiqlar bilan tadbir yanada serfayz о‘tdi.

Shu kuni О‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi neft mahsulotlarini kuzatish batalyoni 7-otryadi Qarshi bekatining ham yangi binosi foydalanishga topshirildi.

N.XО‘JAYEV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

23-07-2019 |
Foto galereya