Ma’lumki, bozorni puxta о‘rganib ish kо‘rgan, xaridorgir va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘ygan tadbirkor aslo yutqazmaydi. G‘uzor tumanidagi "Soliha Muslima fayz" korxonasi faoliyati bunga yaqqol  misol bо‘la oladi.

- Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng kо‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda, - deydi korxona rahbari Shokir Shaymardonov. - Tabiiyki, bunyodkorlik hajmining yildan-yilga о‘sib borishi qurilish mollariga bо‘lgan talabni yanada oshiradi. Yuvib tozalangan va saralangan shag‘al tosh esa qurilishda doimiy ishlatiladigan va talab juda yuqori bо‘lgan mahsulot. Tumanning о‘zida ham unga katta ehtiyoj mavjud. Shuni inobatga olib, tо‘rt yil avval faoliyatimizni aynan shag‘al tosh ishlab chiqarish bilan boshlagan edik. Bu ishimiz har tomonlama о‘zini oqladi.

Tadbirkorning aytishicha, sexga toshlar mashinada olib kelinib, birinchi bosqichda juda katta bosimdagi suv bilan yuviladi. Keyin tosh va qum alohida ajratilib, tayyor holatda chiqariladi. Bu ishlarning barchasi deyarli qо‘l mehnatisiz, kompyuterlashgan tizimda amalga oshiriladi.

Ayni paytda korxona ikki smenada, tо‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Mahsulotga xaridor kо‘p. Daromad ham shunga mos. Bu tadbirkorning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirib, yangi faoliyat turlarini yо‘lga qо‘yishi uchun zamin hozirlayapti.

- Yaqinda beton tо‘siqlar ishlab chiqarishni ham boshladik, - deydi Shokir Shaymardonov.  - Hozir ichki bozorda turli xil temir tо‘siqlar mavjud. Ammo juda mustahkam va chidamli bо‘lgan beton tо‘siqlarga ham talab yuqori. Biz ularni  о‘ziga xos dizaynda, milliy naqshinkor uslubda ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘ydik. Bu faoliyat turini tashkil etish ortiqcha qiyinchilik tug‘dirgani yо‘q. Zarur xom ashyoning asosiy qismi о‘zimizdan chiqadi. Kerakli qoliplarni olib kelib, ishchilarimizni shu hunarga о‘rgatdik xolos.

Faoliyatning kengayganidan ruhlangan tadbirkor yana bir rejani amalga oshirish maqsadida. U endi zamonaviy dizaynga ega yо‘lakbop plitkalar hamda yana bir necha turdagi temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘ymoqchi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya