Qashqadaryo respublikada eng kо‘p paxta xom ashyosi yetishtiruvchi hudud sanalishi bilan birga uni chuqur qayta ishlash salmog‘i bо‘yicha ham ilg‘orlab borayapti.  Sо‘nggi vaqtda vohamizda ishlab chiqarilgan paxta tolasining katta qismi ishlov berish maqsadida aynan viloyatdagi tekstil sanoati korxonalariga yо‘naltirilgani ham buning isbotidir.

"Kitob ip-yigiruv" aksiyadorlik jamiyati bu yо‘nalishdagi muhim ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Dunyoning yetakchi mamlakatlaridan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan ushbu korxona oyiga 150 tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.

- Bultur mahsulotimizni asosan eksportga chiqardik, chetga 2 million 700 ming AQSH dollari atrofida mahsulot sotdik, - deydi jamiyat bosh muhandisi A’zam Mirzayev. - Bu yildan esa yarimtayyor tovarni mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetkazib berishga asosiy e’tibor qaratganmiz.  Maqsadimiz - kooperatsiyani rivojlantirish. Shunday qilinsa, xorijlik xaridorlarga yuqori qо‘shilgan qiymatli tayyor kiyim-kechak, tekstil buyumlari taklif etish imkoniyati oshadi. Ahamiyatlisi, shu asosda hozirga qadar korxonamizda ishlab chiqarilgan 625 tonna ip-kalava qayta ishlashning keyingi bosqichlariga yо‘naltirildi.

Mas’ulning sо‘zlariga kо‘ra, bugungi kunda korxonada 150 nafar kishi mehnat qilayapti. Ish 3 smenada tashkil etilgan. Ushbu tadbirkorlik subyekti kelgusida mato tо‘qishni tashkil etish bо‘yicha ham о‘z loyihalarini ilgari surgan.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-06-2019 |
Foto galereya