9 iyul kuni Nishon tumanilik M.Y. tuman IIB TB katta tergovchisiga pora berayotgan vaqtida qо‘lga olindi. Bu ma’lumotni tuman IIB mas’ul xodimi tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Tallimarjon shahri Dо‘stlik mahallasida joylashgan uylardan birining egalik huquqi M.Y.ning otasi hamda yana bir fuqaro O.R. о‘rtasida mojaroli bо‘lib kelayotgan edi. Mazkur ish bо‘yicha Nishon tumani IIB tergov bо‘linmasi katta tergovchisi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bо‘lgan.

M.Y. tergovchidan ishni otasining foydasiga hal qilib berishni sо‘raydi va agar shunday qilsa, bu xizmatini quruq qо‘ymasligini bildiradi.

Natijada M.Y. Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Nishon tuman bо‘limi, tuman prokuraturasi hamda tuman IIB xodimlari tomonidan о‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchiga uning xizmat xonasida 965 ming sо‘m pulni bergan vaqtida qо‘lga olingan.

Ayni paytda M.Y.ga nisbatan О‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qо‘zg‘atilgan.

J.BOYMURODOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

12-07-2019 |
Foto galereya