4 avgust - О‘zbekiston Respublikasi temir yо‘l transporti xodimlari kuni

Shunday insonlar borki, ularning hayotiga, kо‘p yillik mehnat faoliyatiga havas qilsa arziydi. Uzoq yillardan buyon mamlakatimiz temir yо‘llari tizimida turli vazifalarda samarali mehnat qilib kelayotgan Toshmurod Salimovning umr yо‘li ham yoshlar uchun chinakam namuna, ulkan tajriba maktabidir.

1979 yilda о‘zi orzu qilganidek temiryо‘lchi bо‘lish ishtiyoqida Qamashining Qorabog‘idan poytaxti azimga yо‘l olgan yigitcha barcha sinovlardan muvaffaqiyatli о‘tib, Toshkent temir yо‘l transporti muhandislari institutiga о‘qishga kirgan edi. Mana 40 yil bо‘libdiki, hayoti temir yо‘llar va temiryо‘lchilar orasida kechmoqda. Shu soha ichida ham jisman, ham ma’nan о‘sdi, ulg‘aydi. Bir paytlar tajribali mutaxassislarga shogird tushib, ularning о‘gitlarini olgan, tajribalarini о‘rgangan bо‘lsa, bugun о‘zining atrofi shogirdlar bilan gavjum. Toshmurod Salimov ularga о‘z tajribalarini о‘rtoqlashishdan, bilganlarini о‘rgatishdan aslo charchamaydi.

- Institutni bitirganimdan sо‘ng yо‘llanma asosida Sverdlovskdagi temir yо‘l stansiyalaridan biriga ishga bordim, - deydi u. - Stansiyada poyezd qabul qiluvchining yordamchisi sifatida faoliyat boshlaganman. Sо‘ng Qarshi temir yо‘l bо‘limiga poyezdlar harakati dispetcherining yordamchisi bо‘lib keldim. Ana shundan sо‘ng to bugunga qadar mamlakatimiz temir yо‘l tizimining viloyatimizdagi tashkilotlarida mehnat qilib kelmoqdaman.

Qahramonimiz faoliyatining eng qaynoq damlari mustaqillik yillarida kechdi. U 1992 yildan 2009 yilga qadar viloyatimiz temir yо‘l tizimining yuk va tijorat bо‘limida turli vazifalarda ishladi. 2009-2011 yillarda Koson temir yо‘l stansiyasiga, 2011-2013 yillarda esa "О‘ztemiryо‘lyо‘lovchi" aksiyadorlik jamiyati Qarshi filialiga rahbarlik qildi. Ayni paytda "О‘zbekiston temir yо‘llari" AJ Qarshi mintaqaviy temir yо‘l uzeli yuk va tijorat ishlari bо‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Istiqloldan sо‘ng mamlakatimiz temir yо‘llarida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, xizmat sifatining zamonaviy andazalar asosida yо‘lga qо‘yilishida shu sohada mehnat qilayotgan kо‘plab mutaxassislar qatorida Toshmurod Salimovning ham hissasi bor.

- Mamlakatimiz temir yо‘llari  tizimida qisqa vaqt ichida juda katta ishlar qilindi, - deydi u. - Bir paytlar biz tasavvur ham qila olmagan tog‘li hududlarga-da temir izlar kirib bordi, temir yо‘l obyektlarida ulkan qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy  tezyurar poyezdlar harakati yо‘lga qо‘yildi. Shu bilan bir qatorda, xizmat sifatini yaxshilash, mijozlarga qulaylik yaratish borasida ham misilsiz о‘zgarishlar bо‘ldi. Misol uchun, bundan bir necha yil oldin temir yо‘l orqali yuk tashish xizmatidan foydalanish tadbirkor uchun ancha mashaqqatli ish edi. U bu jarayonda kо‘plab ovoragarchiliklarga duch kelardi. Chunki tartib shunday edi. Bugun esa Davlat xizmatlari markaziga boradi va buyurtma beradi, tamom. Keyin kelib shartnoma imzolaydi va biz yukni tashib beramiz. Hatto kassa ham о‘zimizda tashkil etilgan. Maqsad - tadbirkor bankka borib kelish uchun ham vaqt yо‘qotmasin.

Toshmurod Salimov temir yо‘l tizimi, uning mamlakat ravnaqi uchun ahamiyati, qolaversa, ishining о‘ziga xos mashaqqat va mas’uliyatlari haqida ham maroq bilan sо‘zlaydi. Shu sohani tanlab kam bо‘lmagani, erishgan barcha yutuqlarining asosi kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

Toshmurod Safarov turmush о‘rtog‘i bilan birgalikda 4 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Barchasi oliy ma’lumotli, bugun turli sohalarda mehnat qilishmoqda.

Ha, kishi qaysi kasbda bо‘lmasin, astoydil mehnat qilsa, halol ishlasa, hech qachon kam bо‘lmaydi. Bunga Toshmurod Salimovning hayoti ham misol.

J.BOYMURODOV

Suratda: Toshmurod Salimov shogirdlari davrasida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

                                                                                                     Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

03-08-2019 |
Foto galereya