Xabaringiz bor, biroz avval Qarshi shahrida Prezident sovrini uchun "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bо‘lib о‘tgandi. Mazkur nufuzli tadbirda "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Xizmat kо‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori", "Yilning eng yaxshi fermeri", "Yilning eng yaxshi hunarmandi", "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" kabi 5 asosiy yо‘nalish bо‘yicha g‘oliblar aniqlandi. 

Quyida ularning samarali faoliyati, kelgusi rejalariga atroflicha tо‘xtalishni lozim topdik. Ilg‘or, yangilikka intiluvchan, biznesda tashabbuskorlik kо‘rsatayotgan ishbilarmonlarni barchaga namuna qilib kо‘rsatish foydadan xoli bо‘lmaydi, albatta.

 

Sanoat

TUXUM EKSPORTIGA IXTISOSLASHGAN KORXONA

Har qanday mahsulotni eksportbop qilib ishlab chiqarish kerak, shunda bozor topish qiyin bо‘lmaydi. Birgina parrandachilik sanoatini olaylik. Ilgari tarmoqda tuxum yetishtirish mahsuldorligi qoniqarsiz edi. Bu vaziyatda iste’moldan ortmay turib, tuxumni chetga eksport qilish notо‘g‘ri bо‘lardi. О‘tgan yillarda sohada kо‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi natijasida mahsulot yetishtirish hajmi sezilarli darajada kо‘paydi. Ichki ehtiyoj tо‘liq ta’minlandi. Shuni inobatga olib, yaqin-yaqindan tuxum eksportiga ruxsat berildi. Natija esa ijobiy - chet elda xaridor shunchalik kо‘p ekanki, tashqi savdo hajmida ushbu tovar ulushi anchagina oshdi.

Viloyatimiz ham xorijga tuxum sotishda yetakchi hudud sanaladi. Vohamizda yirik ishlab chiqaruvchilarning mavjudligi bunga keng imkon berayapti. Shahrisabz tumanidagi "Eko parranda" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati ham e’tiborga molik. Korxona tuxum yetishtirish va uni eksport qilishga ixtisoslashgan. Bultur tadbirkorlik subyekti tomonidan umumiy hisobda 18 million 240 ming dona mahsulot realizatsiya qilingan bо‘lsa, shuning 5 million 390 ming donasi eksportga chiqarilgan. Natijada qariyb 277 ming AQSH dollari miqdorida valyuta tushumi ta’minlangan. Joriy yil 1 may holatida esa xorijlik hamkorlarga qiymati 138 ming AQSH dollariga teng mahsulotlar yetkazib berilgan.

- Tuxum doim talab yuqori mahsulot sanalgan, - deydi korxona rahbari Muhiddin Umidov. - Bir orada tashqi bozorda narx pastlagani bois mahsulotimizni ichki bozorga yо‘naltirib turgandik. Yana hammasi iziga tushdi. Hozir asosan Afg‘onistonga tuxum jо‘natayapmiz. Hamkorlar mahsulotimiz sifatini yuqori baholashadi. Boshqa joylardan ham takliflar yо‘q emas.  Misol uchun, Yevropa mamlakatlaridan. Ayni paytda muzokara olib borayapmiz. Kelishuv amalga oshsa, eksport geografiyasini kengaytiramiz. Albatta, ishlab chiqarish hajmi ham shunga yarasha bо‘lishi kerak. Bugungi kunda 72 ming bosh Loman-Braun, Xay-Layn singari tuxum yо‘nalishidagi tovuqlarni boqayapmiz. Aslida jami quvvat 100 ming bosh parrandaga mо‘ljallangan. Qolaversa, 30 ming jо‘ja parvarishlayapmiz. Tez orada salmoqni oshiramiz.

Tadbirkorning aytishicha, hozir korxonada qо‘shimcha 2 ta blokni ishga tushirish bо‘yicha ish ketayapti. Har birida 50 ming boshdan tovuq boqiladi. Ayni paytda bitta blok tо‘liq tayyor holga keltirilgan. Rossiya mamlakatidan qiymati 200 ming dollarlik zamonaviy jihozlar olib kelib о‘rnatilgan. Yangi liniya tovuqlarni oziqlantirishdan tortib, tuxumni yig‘ishtirib olishgacha bо‘lgan barcha jarayonlarni avtomatlashgan holda bajarish imkonini beradi. Quvvat ishga tushgach, yana 12 kishi ishli bо‘ladi. Mahsulot yetishtirish kо‘lami esa bir yarim barobar oshadi. Keyinchalik tо‘rtinchi quvvatni ham foydalanishga topshirish navbati keladi.

Tashqi bozorni, talab va taklifni yaqindan о‘rganish imkoniga ega bо‘lgan tadbirkor boshqa bir tarmoqni ham tashkil etib, tez orada issiqxona xо‘jaligi sharoitida eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni yо‘lga qо‘ymoqchi. Hozir 2 gektar maydonda zarur inshootni bunyod etish ishlari ketayapti. Buning uchun 300 ming AQSH dollari ekvivalentida mablag‘ sarf etilmoqda. Zamonaviy issiqxonada asosan pomidor, bodring va bulg‘or qalampiri yetishtirishni tashkil etish va uni xorijga yо‘llash kо‘zda tutilgan.

Ushbu loyiha eksportdan kelgan valyuta tushumi hisobidan amalga oshirilayotgani ahamiyatlidir. Bu tashabbus ham 10 ga yaqin kishini doimiy daromadli qilishga sharoit yaratadi.

Muhiddin Umidovning erishgan natijalari "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichida ham alohida qayd etildi va u "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida g‘olib, deb topildi.

M.JО‘RAYEV

Muhiddin Umidov - "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichining "Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishi bо‘yicha g‘olibi.

 

Xizmat kо‘rsatish

"12 MINGDAN OSHIQ KISHIGA KASB-HUNAR О‘RGATDIK"

Yakkabog‘ tumanidagi "Sitora imkon plyus" mas’uliyati cheklangan jamiyati о‘z faoliyatini 2010 yilda boshlagan. Kasb-hunar о‘rganish istagidagi kishilarga ta’lim berish tadbirkorlik subyektining asosiy yо‘nalishi etib tanlangan. Avvaliga nodavlat о‘quv markazida sanoqli yо‘nalishlar bо‘yicha о‘qitish tashkil etilgan bо‘lsa, hozirga kelib mutaxassisliklar soni 18 taga yetdi.

- Bu yо‘nalishlarni aholi ehtiyoj va talabidan kelib chiqib yо‘lga qо‘yganmiz, - deydi korxona rahbari Nargiza Salomova. - Kompyuter savodxonligi, pazandalik, tikuvchilik, qandolatchilik, sartaroshlik bо‘yicha tahsil olishga ishtiyoqmandlar kо‘p tumanimizda. Hozirga qadar 12 mingdan ziyod yosh о‘quv markazimizni bitirib chiqqani ham kо‘p narsani aytib turibdi. E’tiborlisi, bugun shularning aksariyati hayotda о‘z о‘rnini topdi, tadbirkorlikka qо‘l urdi. Darslarni amaliyot bilan uzviy olib boramiz. 2013 yilda gо‘zallik saloni ochdik. Xotin-qizlar shu yerda ham mahoratini oshirish imkoniga ega bо‘lishdi. Yaqinda esa tikuvchilik seximizni ishga tushirdik. Odamlardan kelayotgan buyurtma asosida ishlaymiz. 10 dan oshiq tikuv mashinasi olib kelganmiz. Bozorga yaqin hududda joylashganimiz uchun ham mahsulotni sotishga qiynalmaymiz. Ayni paytgacha korxonamizda 40 nafar kishini ish bilan ta’minlay oldik.

Albatta, xizmat kо‘rsatish iqtisodiyotning muhim sohalaridan biridir. Bu tarmoqni jadal ravnaq toptirish esa chekka hududlarda aholi bandligi muammosini samarali hal etishga yordam beradi. Shuni e’tiborga olib, ishbilarmon muhim ijtimoiy loyihani ilgari surgan. Maqsad esa asosan xotin-qizlarni foydali ish bilan mashg‘ul etishga qaratilgan.

- Prezidentimiz ayollar jamiyatning faol a’zosiga aylanishi kerak, deb bejiz ta’kidlamayapti, - deydi tadbirkor Nargiza Salomova. - Davlat rahbari taklif etgan besh muhim tashabbusdan biri ham aynan shu maqsadga qaratilgan. Unga kо‘ra, joylarda ixcham tikuv-trikotaj korxonalarini ishga tushirish zarurligi aytilgandi. Biz ham о‘z hissamizni qо‘shishga, jim qarab turmaslikka ahd qildik. Bugun tumanimizda 130 ga yaqin qishloq bor. Tuman hokimligi bilan hamkorlikda har bir hududda bittadan kichik tikuvchilik sexlari, shuningdek, gо‘zallik saloni tashkil etish bо‘yicha ish olib borayapmiz. Tashabbuskorlarga bino, yer, kredit masalasida yordam kо‘rsatilayapti. Xо‘sh, biz tomonimizdan qanday kо‘mak bо‘ladi? Tabiiyki, ushbu quvvatlarga malakali sartarosh va tikuvchi kerak. Biz о‘quv markazimizda xotin-qizlarni ana shu kasblarga bepul о‘qitishni tashkil etamiz. Jarayonga qiynalgan, ish topolmayotgan, ehtiyojmand ayollar jalb etiladi.

Tadbirkorning fikricha, bu tashabbus har jihatdan о‘zini oqlaydi. Birinchidan, qishloqlarda ishlab turgan gо‘zallik salonlari yо‘q yoki juda kam. Ammo mazkur xizmatga talab katta. Qolaversa, tikuvchilik - serdaromad faoliyat. Sifatli, raqobatbardosh mahsulot xaridorsiz qolmaydi. Bunda ish kasanachilik asosida ham tashkil etilishi mumkin. Har bir tikuvchilik korxonasiga 8 nafardan xotin-qiz ishga joylashtiriladi. Tikuv mashinasi, xomashyo, materiallar bilan ta’minlanadi. Tayyor mahsulot realizatsiyasiga ham kо‘mak beriladi.

Ma’lum bо‘lishicha, bu loyihani rо‘yobga chiqarishga allaqachon kirishilgan. Nargiza Salomova talabgor xotin-qizlarni belgilangan tartibda о‘qitishni boshlash arafasida. Ayollarni о‘quv markaziga olib borib-olib kelishga ham tadbirkor о‘zi homiylik qilmoqchi. Shu tariqa istiqbolda 400 nafar xotin-qizni ish bilan band etish reja qilingan.

Tashabbuskorlik maqtovga loyiq. Bu esa Prezident sovrini uchun о‘tkazilayotgan nufuzli kо‘rik-tanlov viloyat bosqichida ham hisobga olindi. Nargiza Salomova "Xizmat kо‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" degan nomga munosib kо‘rilib, finalda viloyat sharafini himoya qilish imkoniga ega bо‘ldi.

M.SHUHRATOV

Nargiza Salomova  (suratda о‘ngda) - "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichining "Xizmat kо‘rsatish  sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishi bо‘yicha g‘olibi.

 

Yoshlar tadbirkorligi

REJA AMALGA OSHSA, 20 NAFAR YOSH ISHLI BО‘LADI

Eng yaxshi bо‘lish har doim ham oson emas. Ayniqsa, tadbirkorlik sohasida. Chunki raqobatchi kо‘p. Yosh bо‘la turib, shunday e’tirofga sazovor bо‘lish esa maqtasa arzigulik natija. Qarshi shahridagi "Zafar G‘olib ekspress" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari G‘olib Pirnazarov ham hali yosh, shu bilan birga, biznes jabhasida ham yangi. О‘z mustaqil tadbirkorligini boshlaganiga hech qancha bо‘lmadi. Ammo faoliyatida qо‘lga kiritgan yutuqlari bilan kо‘zga tushib bо‘ldi. "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovining viloyat bosqichida "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" deb topilgani ham shunga yorqin dalil.

Xо‘sh, u bunga qanday, nima evaziga erishdi? Qaysi ishlari bilan hakamlar e’tiborini tortdi? Yuqori о‘ringa munosib kо‘rilgani boisi nimada?

Ma’lum bо‘lishicha, bugun yosh ishbilarmon ishlab chiqarish va xizmat kо‘rsatish tarmog‘ida birdek faoliyat olib borayapti. Mahsuloti va xizmati bilan bozorda о‘z о‘rnini topgan.

- Asosiy daromadimiz reklama mahsulotlari tayyorlash hisobidan keladi, - deydi G‘olib Pirnazarov. - Turli о‘lcham va kо‘rinishdagi banner, yozuv, lavha kabi poligrafiya buyumlarini ishlab chiqaramiz. Ishimiz yuqori texnologiyalarga asoslangan. Shuningdek, karton quti yasash quvvati ham mavjud. Joriy yil boshida yangi 3D-printeri xarid qilib, turli gulqog‘oz bosishni yо‘lga qо‘ydik. О‘z mablag‘imizdan bu loyihaga 300 million sо‘m sarf etdik. 5 ta yangi ish о‘rni yaratdik. Hozirda bu mahsulotimizga ham talab oshayapti. Ushbu gulqog‘ozlar odatdagi qurilish materialidan biroz farq qiladi, biroq qо‘llanish sohasi deyarli bir xil.

Tadbirkorning aytishicha, korxonada tashkil etilgan barcha quvvatlar barqaror ishlayotgani 20 nafarga yaqin yigit-qizning  doimiy daromadli bо‘lishiga sharoit hozirlagan. Ahamiyatlisi, ishchilar soni bundan-da kо‘payishi mumkin. Faqat yangi istiqbolli loyihani rо‘yobga chiqarish darkor. Tashabbus karton quti uchun asosiy xomashyo materiali - chiqindi qog‘ozlardan rulonli karton ishlab chiqarishni kо‘zda tutadi. Shu maqsadda xorijdan mahobatli uskunalar olib kelish reja qilingan. Loyiha qiymati juda yuqori, yosh ishbilarmon bu borada tijorat banki kо‘magiga tayanmoqchi. Allaqachon "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi doirasidagi tegishli jamg‘armaga biznes-reja taqdim etgan. Yangi tarmoq ishga tushirilishi yana 20 nafar kishi bandligi ta’minlanishini kafolatlaydi.

M.JО‘RAYEV

G‘olib Pirnazarov - "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichining "Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" yо‘nalishi bо‘yicha g‘olibi.

 

Fermerlik harakati

HAQIQIY ISHBILARMON  BIR TARMOQ BILAN CHEKLANIB QOLMASLIGI KERAK

Ma’lumki, istiqlol yillarida mamlakatimiz qishloq xо‘jaligi tizimida amalga oshirilgan eng muhim islohot - fermerlik harakatining joriy etilishi bо‘ldi. Bugun ushbu faoliyat har tomonlama о‘zini oqlab, fermerlar yurtimiz iqtisodiyotini harakatlantiruvchi yetakchi kuchga aylandi.

Endilikda qishloq taraqqiyotini ularning ishtirokisiz tasavvur etish qiyin. Shu bilan birgalikda, yurtimizda xususiy mulkning mustahkam himoyalanganligi, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar fermerlik rivojida ham muhim omil bо‘layapti. Avvallari faqatgina bir soha bilan cheklangan fermer bugun kо‘plab tarmoqlarni yо‘lga qо‘yayotgani  boisi shundan. E’tiborli jihati, ana shu say-harakatlar natijasida qishloq joylarda infratuzilma rivojlanib, qо‘shimcha ish о‘rinlari yaratilmoqda.

Kasbi tumanidagi "Yurt rizqi naslchilik" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham mustaqillikning ilk yillaridanoq paxta va g‘alla yetishtirish bilan faoliyat boshlagan edi. Keyinchalik tarkibida о‘nlab qо‘shimcha tarmoqlar tashkil etgan xо‘jalik mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatida qayta rо‘yxatdan о‘tib, bugun hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlaridan biri sifatida faoliyat yuritmoqda.

- Ayni paytda 310 gektar sug‘oriladigan yer maydonimiz mavjud, - deydi jamiyat rahbari Nasrullo  Xudoyberdiyev. - Bu yerda paxta, g‘alla bilan bir qatorda deyarli barcha turdagi sabzavot, poliz va dukkakli oziq-ovqat mahsulotlari hamda chorva ozuqasi yetishtiramiz. Shu bilan bir qatorda, naslli chorva yetishtirishni yо‘lga qо‘yganmiz. Bu yerda Ukrainadan keltirilgan 600 boshdan oshiq Qizil chо‘l zotli chorva mollari parvarish qilinmoqda.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, bir tarmoqning rivojlantirilishi о‘z-о‘zidan yana bir tarmoqni yо‘lga qо‘yish uchun zamin hozirlaydi. Misol uchun, jamiyat tasarrufida chorvachilik tarmog‘i yо‘lga qо‘yilgach, olinayotgan sutni shu yerning о‘zida qayta ishlab, foydani yanada kо‘paytirish rejasi yuzaga kelgan. Shu bois tadbirkor bir necha yil muqaddam bankdan imtiyozli kredit olib, sutni qayta ishlash quvvatini tashkil etgan edi. Hozirda sog‘ib olingan sutning asosiy qismi shu yerning о‘zida qayta  ishlanib, ichki bozorga tayyor mahsulot holida yetkazib berilayapti.

Bundan tashqari, jamiyat tasarrufida 30 sotixlik issiqxona xо‘jaligi ham mavjud. Bu yerda asosan pomidor, bodring, limon va  boshqa qishloq xо‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, ishchilarga arzon narxlarda tarqatilayapti. Iste’moldan ortgani esa ichki bozorga chiqariladi.

Albatta, faqat bir tarmoq bilan cheklanib qolish bugungi zamon shiddatiga aslo mos emas. Buni "Yurt rizqi naslchilik" mas’uliyati cheklangan jamiyati misolida ham kо‘rish mumkin. Bundan о‘n yil avval jamiyatning barcha daromadlari ichida paxta va g‘alladan kelgan foyda qariyb 90 foizni tashkil etgan bо‘lsa, bugun bu kо‘rsatkich 25 foizga ham yetmaydi. Demak, asosiy daromad yangi tarmoqlardan olinmoqda. Bu esa jamiyatning iqtisodiy salohiyati yuksalib, yanada yangi marralarni egallashi uchun zamin hozirlayapti. Tadbirkor tomonidan Kasbi tumani markazida zamonaviy tibbiy tashhis markazining ishga tushirilishi, qator savdo va maishiy xizmat kо‘rsatish shoxobchalarining bunyod etilishi ana shu yuksalishlar samarasi.

Jahongir BOYMURODOV

Nasrullo Xudoyberdiyev (suratda chapda) - "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichining "Yilning eng yaxshi fermeri" yо‘nalishi bо‘yicha g‘olibi.

 

Milliy hunarmandchilik

О‘LMAS SAN’AT О‘CHOG‘I

Kitob tumani hunarmandlari haqida gap ketganda kо‘pchilik mashhur yog‘och о‘ymakorlari sulolasi vakillari - Tо‘rayevlar oilasini tilga olishadi.

Aslida ham о‘zbek milliy hunarmandchiligi о‘z rivojlanishining barcha bosqichlarida bir avloddan ikkinchisiga о‘tib, kattalar ishini kichiklar davom ettirib kelgan. Bu jarayonda kо‘pincha hunarmand ota kasbini о‘g‘il farzandlardan biri, onaning ishini esa qizlari davom ettirgan. Ammo Tо‘rayevlar oilasining о‘ziga xosligi shundaki, ularning hammasi mohir yog‘och о‘ymakori. Ota-ona, о‘g‘il-qizlar, hatto kelinlar ham bu hunarni san’at darajasida egallashgan.

Ota-bobolarining ishini munosib davom ettirgan Olim Tо‘rayev kо‘p yillar davomida yog‘och о‘ymakorligi bilan shug‘ullanib, mamlakatimizdagi qadimiy obidalarni ta’mirlash, milliy andazalar asosida barpo etilgan bino va inshootlarning yog‘och qismlariga bezak berish borasida juda katta ishlarni amalga oshirgan. Kо‘plab tanlov va kо‘rgazmalarda о‘z ishlari bilan ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy egallagan. Ahamiyatli tomoni, Olim Tо‘rayevning turmush о‘rtog‘i Gulchehra Niyozova ham mohir yog‘och о‘ymakori hisoblanadi. U о‘z vaqtida Markaziy Osiyodagi eng birinchi yog‘och о‘ymakori bо‘lgan ayol sifatida e’tirof etilgan va maxsus diplom bilan taqdirlangan edi.

Bugun ularning ishini farzandlari davom ettirishmoqda.

- Oilada tо‘rt aka-ukamiz, - deydi Obid Tо‘rayev. - Ayni paytda ota-onamning ishini men qо‘lga olganman. Akalarim boshqa sohalarda ishlashsa-da,  hunarni mukammal egallagan. Ular zarurat tug‘ilganda menga о‘z maslahatlarini berib, bilmaganlarimni о‘rgatib borishadi. Turmush о‘rtog‘im ham yog‘och о‘ymakori, birgalikda ishlaymiz. Endi katta о‘g‘lim shu ishga qiziqib, qо‘li kelishib qolgan. Demak, sulolamiz ishlarini keyingi avlod ham davom     ettiradi. Bundan juda faxrlanaman.

Obid Tо‘rayevning aytishicha, milliy hunarmandchilik hech qachon о‘lmaydigan va eskirmaydigan soha. Qо‘l mehnati bilan yaratilgan gо‘zal san’at namunalari har doim kishilarning e’tiborida bо‘lgan va bundan keyin ham bо‘ladi.

- Mana, texnika taraqqiyoti shunchalik rivojlandi, kompyuterda bitta tugmani bossangiz bо‘ldi, stanok qandaydir uch-tо‘rt daqiqaning ichida yog‘ochga istagan shaklda va kо‘rinishdagi naqshni tushirib beradi, - deydi u. - Ammo shunday imkoniyatlar davrida ham bizning ishimizga bо‘lgan talab ortsa ortayaptiki, aslo kamaygani yо‘q. Buyurtmalar kо‘pligidan, ularni bajarish katta qiyinchiliklar tug‘dirayapti. О‘tgan yili shartnoma asosida Shahrisabz va Qarshi shaharlaridagi bir qator tarixiy obidalarning yog‘och qismlarini ta’mirladik. Yangi bunyod etilgan Shahrisabz shahar madaniyat saroyining yog‘och ustunlari, eshik va derazalariga milliy uslubda naqsh berish ishlarini bajardik. Hali oldimizda kо‘plab buyurtmalar mavjud. Demakki, qо‘l mehnatining qadri har doim yuqori.

Darhaqiqat, stanok yog‘ochga aniq о‘lchamlarda ishlov berishi mumkin, lekin u buyumga inson bergan mehrni, gо‘zallikni, о‘ziga xoslikni, sirlilikni bera olmaydi. Boisi ish jarayonida ustaning qalbidagi ijodkorlik, gо‘zal hissiyotlar, orzu-о‘ylar bevosita uning qilayotgan ishiga kо‘chadi va bu yasalgan buyumda о‘z aksini topadi. Stanokda esa ana shu narsa yо‘q. Bu haqiqatni anglagan Obidjon Tо‘rayev ham bobomeros hunar sirlarini yanada puxta о‘zlashtirish, qilayotgan har bir ishida о‘z imzosi aks etib turishi uchun mudom izlanishda.

J.BOYMURODOV

Obid Tо‘rayev (suratda chapda) - "Tashabbus-2019" kо‘rik-tanlovi viloyat bosqichining "Yilning eng yaxshi hunarmandi" yо‘nalishi bо‘yicha g‘olibi.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

14-06-2019 |
Foto galereya