Aksar iqtisodchilar taraqqiyot sur’atini ifoda etishda statistikaga tayanadi. Shundan osoni yо‘qdek. Amalda-chi? Nima о‘zgarayapti? Haqiqatan ham iqtisodiy salohiyatimiz oshmoqdami?

Ochig‘i, raqamu kо‘rsatkichlar boshqa, kо‘z bilan kо‘rib bilganga, hayotda his qilganga hech nima yetmaydi. Kuni kecha Qarshi shahrida bо‘lib о‘tgan  Prezident sovrini uchun "Tashabbus"  kо‘rik-tanlovning hududiy bosqichi shunga imkon berdi. О‘z tumani, shahrida eng yaxshi, deya topilgan, о‘z navbatida sо‘nggi vaqtda faoliyatida katta natijalarni qо‘lga kiritgan tadbirkor, fermer va hunarmandlar qatnashdi unda.

Tadbirni о‘tkazish uchun tanlangan viloyat musiqali drama teatri shu kuni qatnashchi kо‘pligidan juda gavjum bо‘ldi. Shunday bо‘lishi ham kerak edi aslida. Negaki о‘tgan yildan e’tiboran kо‘rik-tanlov yangi formatda tashkil etilmoqda.

Sir emas, tadbirkor desa, faqat ishlab chiqaruvchini tushunib qolganmiz. Natijada xizmat kо‘rsatish sohasida о‘zini kо‘rsatayotgan ishbilarmonlar ilgari munosib e’tirof etilmasdan qolayotgandi. Biznesga endigina qadam qо‘ygan, tanlovda ishtirok etib kelgan yosh ishbilarmonlarga ham hadeganda non tegmasdi. Shuni hisobga olib, barchaga teng imkoniyat va sharoit taqdim etish maqsadida qamrov kengaytirildi.

"Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" degan alohida yо‘nalish ta’sis etildi. Tadbirkorlik yо‘nalishining о‘zi esa ikki qismga - ishlab chiqarish va xizmat kо‘rsatish kabi sohalarga ajratildi. Shu tariqa, asosiy yо‘nalishlar soni 5 taga yetkazildi. Har bir hududdan 5 tadan talabgor kelgan bо‘lsa, kо‘rik-tanlovda g‘oliblik uchun kurash olib borgan tadbirkor, hunarmand va fermerlar soni 70 nafardan oshib ketdi. Hamma ishtirokchi о‘z mahsulotlari va xizmatlari kо‘rgazmasini ajoyib tashkil etishga harakat qilgani bir qarashda sezilib turdi. Asosiysi, stendlarda rang-baranglik, bir-birini takrorlamaslik yaqqol kо‘zga tashlandi.

Tadbirning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini kо‘tarishga amalda ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bu ishlar samarasiga xolis baho berish uchun esa mana shu kо‘rik-tanlov asqatadi. Uning viloyat bosqichida qatnashchilar ilgari surgan yangiliklar, ilg‘or tashabbuslarga ham shu yaqin orada qо‘l urilgan. Namoyish etilgan aksar yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish о‘zlashtirilganiga, xizmatlar yо‘lga qо‘yilganiga hali kо‘p bо‘lmagan.

Masalan, Qarshi shahridagi "Biss electronics system" korxonasi tomonidan istiqbolli loyiha rо‘yobga chiqarilib, bultur viloyatimizda birinchi marta televizor va changyutgich kabi elektrotexnika mahsulotlari tayyorlash quvvati ishga tushirildi. Tadbirkorlik subyekti ushbu import о‘rnini bosuvchi tovar bilan ichki bozordan ishonchli о‘rin egallashga ham ulgurdi. Korxona mutasaddilari tanlov bahonasida yangi rejalari bilan ham о‘rtoqlashishdi. 2020 yilda yana bir xaridorgir mahsulot - konditsioner  ishlab chiqarishni mahalliylashtirish maqsad qilingan.

Darhaqiqat, sanoat Qashqadaryoning yetakchi tarmog‘idir. Mazkur jabhada hudud hatto respublikada ham alohida tilga olinishini eslatishga hojat yо‘q. Ammo hali bu sohada qilinishi kerak bо‘lgan ish kо‘p. Ichki salohiyatdan unumli foydalanish zarur. Zamonaviy texnologiyalarni faol jalb etib, muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish tarmoqda sifat о‘zgarishlari yasashga xizmat qiladi. Ahamiyatlisi, oxirgi paytda bunday kо‘lamdor loyihalar kо‘paygan. Asosan xususiy sektor vakillari bunda tashabbuskor bо‘lib chiqayotganini qayd etish lozim.

- Faoliyatimiz bevosita qayta ishlash bilan bog‘liq, sohada qariyb 20 yillik tajribaga egamiz, - deydi Kitob tumanidagi "Agromir Kitob" qо‘shma korxonasi rahbari Abdujalol Avloqulov. - Sanoatbop uzumdan 6 xil yarimfabrikat - vinomateriali tayyorlaymiz. Axir hududda bunga katta imkoniyat mavjud. Xomashyo mahsulot yetishtiruvchi kо‘p. Quvvatlar ancha eskirib qolgani sabab о‘tgan yili modernizatsiyani amalga oshirdik. Italiyadan mahobatli, energiyatejamkor uskunalar olib kelib о‘rnatdik. Oqibatda sifat yaxshilandi, samaradorlik ortdi. Mavsumda 3 ming tonnagacha uzumni qayta ishlash imkoni bor. Mahsulotimiz eksportbop ekanini ham ta’kidlash о‘rinli. 2018 yilda qariyb 350 ming dollarlik vinomaterialini Rossiyaga eksport qilgan bо‘lsak, joriy yilning shu kunigacha bu kо‘rsatkich 150 ming AQSH dollariga teng bо‘ldi.

Tadbirda parrandachilik, oziq-ovqat, yengil va mebel, qurilish sanoati mahsulotlari ham keng namoyish etildi. Ularning о‘ziga xosligi, turining kо‘pligi mehmonlarni ham befarq qoldirmadi.

Viloyat bosqichida xizmat kо‘rsatish jabhasi salohiyati tо‘laqonli ochib berilmadi, desak hayron bо‘lmang. Chunki tanlov tashkilotchilari sohaning faoliyat yо‘nalishini yaxshiroq aniqlashtirib olishi kerak kо‘rinadi. Aks holda, ayrim ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni xizmat kо‘rsatish sektori vakili sifatida tanishtirishmasdi. G‘oliblikka ba’zi da’vogarlar о‘z kо‘rgazmasida nuqul tekstil mahsulotlarini taqdim etishdi. Shuningdek, mehmonxona va joylashtirish, umumiy ovqatlanish, turizm, transport va logistika, moliya va axborot xizmatlari namoyandalarini deyarli uchratmadik. Xususiy sektor ishtiroki davlat darajasida qо‘llab-quvvatlanayotgan, jadal rivojlanayotgan maktabgacha ta’lim va  sog‘liqni saqlash tizimi tadbirkorlik subyektlari ham quyi bosqichlarda negadir о‘zini kо‘rsatolmagan, bu yergacha yetib kelmagan. Biroq ayni yо‘nalishga mos ishtirokchilar ham oz emasdi.

- Bu bosqichda birinchi marta qatnashishimiz, - deydi Koson tumanidagi "Mamadiyev Yorqul bobo" xususiy korxonasi rahbari Asadullo Mamadiyev. - 10 yildan oshibdiki, poligrafiya xizmati kо‘rsatib kelamiz. Turli banner va peshlavhalarga yozuv, surat bosamiz. Xizmat turi ham kengaydi. Yaqinda "Har bir oila - tadbirkor" dasturi asosida tijorat bankidan 84 million sо‘m imtiyozli kredit oldik. Sex qurib, MDF materialidan bezakli list tayyorlashni yо‘lga qо‘ydik. Aholi buyurtmasi bо‘yicha ta’mir va о‘rnatish ishlarini ham о‘zimiz bajarayapmiz. Barcha mehnat oila a’zolarimiz о‘rtasida taqsimlangan, chetdan ishchi yollamaymiz.

Qayd etish kerak, kо‘rik-tanlov yosh ishbilarmonlarga ham о‘zini kо‘rsatish, qobiliyatini namoyon etish uchun har  tomonlama qо‘l keldi. Tashabbuskor va ilg‘or ishtirokchilarning kо‘pligi esa raqobat kuchli bо‘lishini ta’minladi. Qizig‘i, ularning aksariyati о‘tgan yili о‘z mustaqil biznesini boshlagan yoki yanada rivojlantirgan. "Yoshlar - kelajagimiz" dasturi bunda yoshlarga asosiy kо‘makchi bо‘lgan.

- Dastur asosida menga bultur tegishli jamg‘arma tomonidan 157 million sо‘m moliyaviy yordam ajratilgandi, - deydi Kasbi tumanilik yakka tartibdagi tadbirkor A’zam Panjiyev. - Loyiham mebel buyumlari ishlab chiqarishni kengaytirishni kо‘zda tutadi. Darhol amaliy ishga kirishdim. Qо‘shimcha dastgoh va xomashyo xarid qilib, ixcham va zamonaviy quvvatni ishga tushirdim. 2018 yilning о‘zida 1 milliard sо‘mlikdan ziyod mahsulotni realizatsiya qilishga erishdik. Hozirda esa bog‘chalar uchun turli о‘lchamdagi karavot, shkaf, stol-stul kabi jihozlarni yasashga asosiy e’tibor qaratganmiz. Boisi, tumanimizda xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari soni ortayapti. Boshqa bir biznes-rejam metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni tashkil etishga taalluqli. Bu masalada ham dasturga murojaat qilmoqchiman. Tashabbus hayotga tatbiq etilsa, 5 nafar tengdoshimni foydali ish bilan band etaman. Bu kabi tanlovlar esa biz, yoshlarni yangiliklarga ruhlantirdi.

Tan olish lozim, aholi daromadini oshirish, ish о‘rinlarini yaratishda hunarmandchilikka teng keladigani yо‘q. Kо‘pincha qо‘l mehnatiga asoslagan bu sohaning mavqei juda yuksaldi, milliy qadriyat sifatida yanada ravnaq toptirishga keng sharoit hozirlandi. Bugun biror bozor yо‘qki, hunarmandlarning о‘z mahsulotini sotishiga joy ajratilmagan bо‘lsa. Hatto turistlar kо‘p tashrif buyuradigan hududlarda hunarmandchilik markazlari, ustaxonalar tashkil etilib, ularning emin-erkin faoliyat yuritishiga qulaylik yaratilayapti. Bо‘sh bino, asbob-uskuna va xomashyo olish muammosi bor hunarmandlarga zarur yordam о‘z vaqtida kо‘rsatilmoqda, mablag‘ yetishmasa, imtiyozli kredit bilan siylanayapti.

Bu safar ham ushbu soha vakillari tashkil etgan stendlar rang-barangligi bilan kо‘rik-tanlov chiroyiga chiroy qо‘shdi, tadbirga milliylik ruhini berdi. Hunarmandchilikning ayrim yо‘nalishlarida Qashqadaryo maktabining muhri yaqqol bilinib turdi.

- Qariyb 20 yildan beri chilangarlik hunarim ortidan non yeyman, - deydi tanlovning viloyat bosqichi qatnashchisi, Qarshi shahrilik Sohib Yarqulov. - Asosan metall buyumlarga ishlov beramiz. Temirdan uy-rо‘zg‘or buyumlari yasaymiz. Mahsulotimizga doim xaridor bor. Qо‘l mehnatini biroz kamaytirish, buyumlarimiz raqobatdoshligini oshirish maqsadida yangi uskuna xarid qildik. Natijada biz taklif etayotgan mahsulot turi ham ancha kо‘paydi. Tanlovga eng yaxshi ishlarimizni olib keldik.

Hozir qayerga qaramang, fermerman degan kishi borki, chin ma’noda harakatga tushgan. Sababi, yerni olib, shunchaki unga egalik qilib о‘tirishni davr kо‘tarmaydi. Faqat bir tarmoqda ishlab, arzimagan natija kо‘rsatish esa talabga javob bermaydi. Mamlakatimiz qishloq xо‘jaligi sohasida bora-bora kо‘p tarmoqli faoliyatga о‘tish fermer xо‘jaliklari uchun shart qilib qо‘yilgani ham shundan. Bekorga emas bu, albatta. Qishloq mulkdori degan nomga da’vogarmi, izlansin, yangilik qilsin, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga faol tatbiq etsin.

- О‘tgan yillar davomida yangi-yangi tarmoqlarni yо‘lga qо‘yib, hech bir ziyon kо‘rganimiz yо‘q, - deydi Dehqonobod tumanidagi "Ilhom olmazor" fermer xо‘jaligi rahbari Bahrom Alisherov. - Qaytanga daromadimiz, moddiy manfaatdorligimiz ortdi. Ishni bog‘dorchilikdan boshlaganmiz. 6 gektar maydonda hо‘l meva yetishtiramiz. Shu vaqtgacha faqat aholiga mahsulot sotgan bо‘lsak, о‘tgan yildan qayta ishlash korxonalarini ham sarxil olma bilan ta’minlashga kirishdik. Sharbat ishlab chiqaruvchiga 10 tonnadan ziyod meva yetkazib berdik.  Bundan tashqari, yaqinda sig‘imi 250 tonnalik beton hovuz qurib, balikchilikka qо‘l urdik.  Chavoq tashlab, boqayapmiz. Kuzda xaridorlarga luqmai halol taklif etishni boshlaymiz. Chorvachilik va parrandachilik ham muhim tarmoqlar biz uchun. Tasarrufimizda 100 dan oshiq hisori qо‘y, 500  kurka, 500 tovuq, 20 bosh sog‘in sigir bor. Nufuzli tanlovda о‘z imkoniyatlarimizni yaxshi tomondan namoyish etishga harakat qildik.

Natija, yutuq bormi, uni e’tirof etish, о‘z о‘rnida rag‘batlantirish ham kerak. Kо‘rik-tanlov viloyat bosqichi hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda  qator mezonlarga tayanishdi. Ularning xulosasiga kо‘ra, yilning eng yaxshilari nomlari e’lon qilindi.

Sanoat sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida uchinchi о‘rin Qarshi tumanidagi keng turdagi non va non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi "Gulshan" xususiy korxonasi rahbari Munisxon Ochilovaga, ikkinchi о‘rin "Agromir Kitob" qо‘shma korxonasi rahbari Abdujalol Avloqulovga nasib etdi.  Shahrisabz tumanidagi tuxum yetishtirish va eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi "Eko parranda" MCHJ rahbari Muhiddin Umidov esa g‘olib deb topildi.

Davolash va sog‘lomlashtirish xizmatini yо‘lga qо‘ygan ikki qatnashchi - Shahrisabz tumanidagi "Oqsuv shamoli" xususiy korxonasi rahbari Ne’matullo Xolmurodov va Kitob tumanidagi "Kitob sifat qurilish" MCHJga qarashli "Salomatlik markazi" rahbari Qobil Boboyev xizmat kо‘rsatish sohasida "Yilning eng yaxshi tadbirkori" yо‘nalishida mos ravishda uchinchi va ikkinchi о‘rinlarni bо‘lib olishdi. Yakkabog‘ tumanidagi yoshlarni turli kasblarga о‘qitishni tashkil etgan "Setora imkon plyus" MCHJ rahbari Nargiza Salomova yuqori о‘ringa munosib kо‘rildi.

"Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori" yо‘nalishida g‘oliblarni aniqlash biroz qiyinchilik tug‘dirgani turgan gap. Hakamlar esa Qarshi shahridagi "Zafar G‘olib ekspress" MCHJ rahbari G‘olib Pirnazarovga birinchi о‘rinni berishga qaror qilishdi. Tikuvchilik faoliyatini rivojlantirayotgan, Koson tumanidagi "Koson rivoj tekstil" oilaviy korxonasi rahbari Lobar Qurbonova ikkinchi о‘rinni egalladi. Kasbi tumanilik yosh tadbirkor A’zamjon Panjiyevga  uchinchi о‘rin berildi.

 "Yilning eng yaxshi fermeri" yо‘nalishida ham faoliyatida yuqori iqtisodiy kо‘rsatkichlarga erishgan qatnashchilar munosib taqdirlandi. Jumladan, Kasbi   tumanidagi kо‘p tarmoqli subyekt - "Yurt-rizqi naslchilik" MCHJ rahbari Nasrullo Xudoyberdiyev yetakchilikni qо‘lga kiritdi. Kitob tumanidagi "Abdumurodov Qahramon" fermer xо‘jaligi rahbari Qahramon Xо‘janov mazkur yо‘nalishda ikkinchi bо‘ldi. Mirishkor tumanidagi "Gumbaz kо‘l" fermer xо‘jaligi uchinchi о‘rin bilan kifoyalandi.

"Yilning eng yaxshi hunarmandi" yо‘nalishida kitoblik yog‘och о‘ymakori Obidjon Tо‘rayev birinchi, g‘uzorlik zargar Sharifjon Raupov ikkinchi va shahrisabzlik kulol Rustam Muzaffarov uchinchi о‘rin bilan taqdirlandi.

G‘oliblikni qо‘lga kiritgan tadbirkor, hunarmand va fermer hamda yoshlarga kо‘rik-tanlovning final   bosqichiga yо‘llanmalar berilib, maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, tanlovda bir qator faol ishtirokchilar "Eng yaxshi tadbirkor ayol", "Eng yaxshi innovatsion loyiha muallifi", "Yoshlarga eng kо‘p ish о‘rni yaratgan tadbirkor", "Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi", "Eng yaxshi eksportchi", "Eng mas’uliyatli ijtimoiy sherik", "Yilning eng yaxshi mahsuloti", "Mening yurtim - mening iftixorim" kabi nominatsiyalar bо‘yicha rag‘batlantirildi.

Mirzohid JО‘RAYEV

                                         Suratlarda: kо‘rik-tanlov lavhalari.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

12-06-2019 |
Foto galereya