Yurtimizda tarixiy yodgorliklar juda kо‘p. Turli davrlarda bunyod etilgan, ne-ne suronli davrlarning shohidi bо‘lgan, har biri moziyning bir parchasi sifatida  saqlanib qolgan madrasa, maqbara, masjid, xonaqoh va ziyoratgohlar tariximizning tilsiz tilsimidir.  Birgina viloyatimizda 927 ta madaniy meros obyekti mavjud bо‘lib, ularning 163 tasini arxitektura inshootlari, 683 tasini arxeologik yodgorliklar, 61 tasini qadimiy san’at asarlari, 20 tasini esa ziyoratgohlar tashkil etadi. Ulardan biri Qamashi tumanidagi Qiziltepa qishlog‘idan 25-30 kilometr olislikda, Hisor tog‘ tizmalari oralig‘idagi Langar qishlog‘ida joylashgan Langar ota ziyoratgohidir.

Ayni kunlarda ushbu maskan, unda saqlanayotgan kо‘fiy xatida bitilgan Qur’oni karimning Yer yuzidagi eng mо‘tabar nusxalaridan biri - Katta Langar Qur’oni haqida juda kо‘p maqolalar e’lon qilinib, telekо‘rsatuvlar namoyish etilmoqda. Vaholanki, Katta Langar qur’oni haqida bundan naq 10 yil ilgari ham taniqli adiba, "Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat muassasasi direktori Sharofat ASHUROVA tadqiqotlar olib borgan, maxsus chiqishlar qilgan edi. Adiba bilan suhbatimiz yana shu mavzuda bо‘ldi.

- Yoshligimdan otamning Amir  Temur hazratlari va ul zotning pirlari tо‘g‘risidagi, Bahouddin Naqshband, Langar ota kabi ulug‘larning sifatlari haqidagi hikoyalarini eshitib katta bо‘lganman, - deydi Sharofat Ashurova. - Ana shunday suhbatlarda Langar ota haqida eshitganman. "Ajdodlarimizdan о‘tib kelayotgan bir gap bor, dunyoni suv bossa, Langarga chiqmaydi. Necha ming yillardan buyon bu manzilu makon obod bо‘lgan, langar tashlanib, kemalar tо‘xtagan, ilmli kishilar yashagan Langar ota ziyoratgohi aslida Yer yuzining kindigidir. Bekorga bu yerni о‘nlab avliyo va shayxlar sо‘nggi manzil tutmagan, yuzlab qabrtoshlar ham bu makonning naqadar muqaddas ekanini aytib turibdi derdi otam.

Tarixdan bilamizki, Sohibqiron Amir Temur Shahrisabzni buyuk davlatning yuragiga aylantirish maqsadida minglab xonalari bо‘lgan "Saodat uyi"ni qurishni boshlaydi. Unda ilm-fan taraqqiyoti bilan bir qatorda islom g‘oyalarini inson ruhiyatiga singdirishning turli usullarini targ‘ib etish kо‘zda tutilgan edi. Jumladan, Ollohga muhabbatni kuy-qо‘shiqlar orqali yetkazish uchun dunyoning turli mamlakatlaridan sozandalar, ijrochilar taklif etilgandi. Amir Temur vafotidan sо‘ng parchalanib ketgan mamlakatning "Saodat uyi"da voyaga yetayotgan "Ishqiya" tariqati targ‘ibotchilari tog‘lar orasidagi Langar qishlog‘ida jon saqlagan bо‘lsa ajab emas. Chunki Langarda hoki qо‘yilgan Shayx Abul Hasan "Ishqiya" tariqati targ‘ibotchisi edi.

Chindan ham bu yer tabarruk qadamjo ekaniga kо‘plab tarixiy, arxeologik asoslar bor. "Turkestanskiye vedomosti" gazetasining 1920 yil 24 avgust sonidagi bir maqolada shunday yozilgan: "Langar qishlog‘i о‘tgan zamonda shahar ham bо‘lgan. Bu qishloq о‘zining madaniy holatini saqlab qolgan. U Yakkabog‘dan uncha uzoqda emas. Albatta vaqti kelib bu yerlarga ham ot yо‘llari о‘rniga asfalt yо‘llari solinar. Langar oddiy qishloq emasligi tо‘g‘risida mozorda turgan qabrtoshlar guvohlik berib turibdi. Ular juda ajoyib bezatilgan...

Katta Qur’on saqlanib kelinmoqda. U ham juda ajoyib bezatilgan. Albatta, bu Qur’on mana shunday binoning kо‘rkiga kо‘rk qо‘shib turibdi. Ammo bu kitobni kо‘rgan har qanday rus kishisi bu asar Peterburg xalq kutubxonalarining birini bezatib tursa edi deya yuragi orziqadi". Buni qarangki, tarix evrilishlarida bu niyat amalga oshib, ushbu Qur’oni karimning katta qismi о‘zga yurtlarga olib ketilgan.

Eski Yakkabog‘  qо‘rg‘onida istiqomat qiladigan keksa jurnalist О‘rol G‘oyibnazarovning aytishicha, 360 avliyo va 123 shayxning qabri shu maskanga daxldor. Demakki, ulug‘lar Yer yuzining kindigi deganda shu jihat nazarda tutilgan bо‘lsa ajab emas.

Anatoliy Sagdullayev tahriri ostida nashr etilgan "Qadimiy Kesh - Shahrisabz tarixidan lavhalar" kitobida manbashunos olim M.YE.Massonning Eski Langar qabr toshlari haqidagi maqolasi ham о‘rin olgan. U qabristondagi epitafiyalarning XV-XVI asrdan to XX asrga qadar bо‘lgan davrga mansubligini qayd etadi. Qabrtoshlarining ayrimlarida bitiklar о‘chirilib, qayta kitobot etilgani Massonning nazaridan chetda qolmagan.

Professor T.Nafasov manbalariga kо‘ra,  "langar" sо‘zi "qо‘nimgoh", "tо‘xtab о‘tiladigan maskan" ma’nolarini beradi. Mahalliy aholining gaplariga qaraganda, Langar dahasidan yuqorida qadimgi kemalarning qoldiqlari topilgan. Shuningdek, bu maskan atrofida bir zamonlar daryo oqqanini suv izlari ham tasdiqlaydi. Qolaversa, Qashqadaryoning  sharqiy qismi, ya’ni hozirgi Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi va G‘uzor tumanlari "Avesto" kitobi bо‘yicha Sо‘g‘diylar yashaydigan joy - Gava deb atalgan.

Langar ota ziyoratgohi qadimiy maskan ekani haqiqat, buni bu yerdagi obidalar, asrlar davomida saqlanib, bizgacha yetib kelgan Qur’oni Karim, osori atiqalar ham tasdiqlaydi. Qolaversa, maqbaraning ichkarisida saqlanib kelayotgan bitiktoshlar hech bir ziyoratgohda uchramaydi. Ajablanarlisi shundaki, nihoyatda nozik ishlangan 1x2 о‘lchamdagi qabrtoshlar qabrlarning bosh uchiga tikka holda о‘rnatilgan bо‘lib, g‘oyat nozik ishlov berilgan. 

Bu makonda izlanish va tiklash ishlari boshida turgan fidoyi inson Abdijabbor Abdilaziz о‘g‘li quyidagicha hikoya qiladi: "Langar ota maqbarasi ichiga dafn etilgan shayxlar qabrlari bosh tomoniga tik о‘rnatilgan marmar toshdagi bitiklar biz uchun katta manba. Birinchi qabr shayx Abul Hasan ibn shayx Ilyos ibni shayx Muhammad ibn shayx Xudayqulniki bо‘lib, vafot etgan davri hijriy 897 yil, ikkinchi qabr esa Shayx Muhammad Sodiq ibni shayx Abul Hasan ibni shayx Ilyosniki bо‘lib, vafoti 952 yilda, uchinchi qabr esa Abul Husayn ibni shayx Muhammad Sodiq Abul Hasan ibni shayx Ilyos ibni shayx Muhammad ibni shayx Xudayqulga tegishli bо‘lib, vafoti hijriy 967 yil sanasida qayd etilgan. Shayxlar sharafiga tik holda qо‘yilgan benihoya san’atkorona ishlangan 2 metr balandlikdagi qabrtoshlar bu maskanda yotgan azizlarning naqadar nufuzi baland ekanini kо‘rsatadi.

Maqbara va uning yaqinidagi masjidning ustun va devorlari turli davrlarda ta’mirlangan, eshik va deraza panjaralari almashtirilgan. Tabarruk Qur’oni karimning kiyik terisiga bitilgan 11 sahifasi saqlanib qolgan bо‘lib, о‘lchami 30x50 santimetr. Qadimda og‘irligi bir tonna va undan og‘ir 9 ta tosh shayxlarga atab keltirilgan bо‘lib, maqbaraga kirish sahnining о‘ng va chap tomoniga о‘rnashtirilgan.

Chindan ham, qishloqdagi mahobatli masjid qurilishi ham bizni hayratga soladi. Masjid 2 ta xonaqoh, 1 ayvon, 4 mehrob, 19 ta ustun va 7 eshikdan iborat. 2 ta xonaqohi katta masjid va kichkina masjid deb nomlanadi. Avval kichkina masjid qurilgan, namozxonlar kо‘payganligi sababli keyinchalik katta masjid va ayvoni qurilgan. Katta masjid ichki devori tepa qismiga "Fath" surasi 1-11 oyatlari yozilgan hamda turli-tuman naqsh-bezaklar bilan bezatilgan. Masjid katta xonaqohining ustuni tepasida hijriy 1362 yil (milodiy 1905 yil)da usta Muhammadiyor tomonidan ta’mirlangani yozilgan. Masjid balandligi 11 metr, bо‘yi va eni 32 metrdan. Masjid shiftiga vassajuft taxlangan. Uning mehrob qismi nozik did va yuksak mahorat bilan bezatilgan. Mehrob atrofi suls yozuvidagi bitiklar bilan tо‘la. Shuningdek, moviy fonga oq rangli yozuvlar bitilgan rang-barang koshinlardan yaratilgan ajoyib mozaika kishi diqqatini о‘ziga jalb qiladi. Barcha osori atiqaning tag-zamirida tilsimlar yashirin gо‘yo.

Bular - tarixiy yodgorlik Langar ota ziyoratgohi haqidagi fikrlarning bir qismi, xolos. Kо‘rib turganingizdek, yuzlab avliyo va ulug‘ zotlar qо‘nim topgan bu muqaddas qadamjoda ulkan tarix jo bо‘lgan.  Xalqimiz milliy va ma’naviy boyliklarini izlab topish, kо‘paytirish, bir-birimizga hadya etish esa chin mо‘minlik belgisidir.

Shohista BOZOROVA yozib oldi.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

28-05-2019 |
Foto galereya