1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi. Viloyatimizda ham ushbu sanani munosib о‘tkazish maqsadida qizg‘in tayyorgarlik kо‘rilib, turli kо‘ngilochar tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy kechalar о‘tkazilmoqda, bolalarga mо‘ljallangan maskanlar foydalanishga topshirilmoqda.
YANGI BOG‘CHADA YANGI TARTIB…
Qarshi tumanidagi Rovot mahallasidagi 1-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi binosi 2017-2021 yillarga mо‘ljallangan Davlat dasturi doirasida rekonstruksiya qilindi. Salkam 70 yil xizmat qilgan paxsa devorli bog‘cha о‘rnida 136 о‘ringa mо‘ljallangan zamonaviy maskan barpo etildi. Bu ishga 3 milliard 150 million sо‘m mablag‘ yо‘naltirildi.
Muassasada 25 maydan boshlab yozgi sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari olib borilayotir. Ularda 8 ta guruhda 200 nafar bolalar qatnashmoqda. Ta’kidlash joizki, ushbu ta’lim muassasasi nafaqat tumanda, balki viloyatda ham birinchilardan bо‘lib Janubiy Koreya tajribasi asosida uslubiy va didaktik о‘yinlar, о‘yinchoqlar, mebel jihozlari va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlangan. Bog‘chada "Eshitgandan kо‘ra kо‘rgan afzal" metodi amalda.
Aytish joiz, yangi binoga mos holda tartib-qoida ham о‘zgardi. Bog‘cha mudirasi Saida Hazratqulovaning ta’kidlashicha, xorij tajribasining afzalliklari kо‘p. Masalan, bolalar umumiy ovqatlantiriladi. 100 о‘rinli oshxonada bolalar 2 smenada ovqatlanishadi. Bu jarayonni 5 nafar xodim qat’iy nazorat qilib, sust ovqatlanayotgan bolalar bilan yakka holda ishlaydi. Shuningdek, о‘quv mashg‘ulotlari olib borish va uxlash uchun bitta xona ajratilgan. Yog‘ochdan yasalgan yengil va xavfsiz karavotlarini bolalarning о‘zlari kо‘tarib о‘tkazishadi va uyqudan turgach, yana joyiga taxlashadi. Bunda о‘zaro dо‘stlik va ahillik tuyg‘usi shakllanadi, bola mehnatga, saranjom-sarishtalikka о‘rganadi.
- Bog‘chada о‘rnatilgan yangi tartib biz ota-onalarga juda yoqdi, - deydi Nafisa Avloqulova. - Ishchi-xodimlarning bir xil kiyinishi, bog‘cha hududida qо‘l telefonidan foydalanmasligi ham bizga ma’qul. Umuman, bolalarimiz vaqtini unumli о‘tkazishayapti.
Ma’lumot о‘rnida aytish joizki, bugun viloyatimizda 275 ming 123 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar bor. Ularning 25 foizi, ya’ni 68 ming 602 nafari viloyatimizdagi 354 ta davlat va 477 ta nodavlat MTMga qamrab olingan.
OROMGOHLAR MAVSUMGA SHAY...
Yaqinda yozgi ta’tilga chiqqan Asadbek yangi о‘quv yili boshlangunga qadar qayerga borib, nima ishlar bilan shug‘ullanishni obdan о‘yladi. Uning о‘ziga xos "ta’til dasturi"da, albatta, qishloqqa bobosinikiga, sо‘ng ota-onasi bilan qadimiy Buxoroga ziyoratga borish kabi tadbirlar о‘rin olgan. Ammo bundan oldin u 4-16 iyun kunlari Kitob tumani Qaynar qishlog‘idagi "Yosh alangachi" oromgohida dam oladi. Ilk marta borishi emasmi, undan-bundan eshitganlariga kо‘ra, kerakli narsalar, kiyim-kechaklar, о‘yinchoq va kitoblarni sumkaga joylash bilan band.
- Oromgohimizda har bosqichda 700 nafar о‘g‘il-qiz dam oladi, - deydi "Yosh alangachi" oromgohi rahbari Bekmurod Kо‘charov. - Kelayotgan mavsumda ham yosh avlod vakillarini munosib kutib olish uchun puxta taraddud kо‘rayapmiz. Yotoqxona, oshxona, tibbiyot punkti, kutubxona, sport maydonchalari mavsumga shay holga keltirilgan. Shuningdek, 9 mingdan ziyod badiiy adabiyotlar, ertak kitoblar bilan ta’minlangan kutubxona bolajonlar ixtiyorida.
Viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi apparatining madaniy-ma’rifiy va sport ishlari bо‘limi mudiri Fayzulla Mahmudovning aytishicha, joriy mavsumda Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida joylashgan 18 ta statsionar oromgohda 25 ming nafardan ortiq о‘g‘il-qiz dam oldirilishi kо‘zda tutilgan. Shuningdek, Orolbо‘yi mintaqasi hududidan kelgan 500 nafar bola Shahrisabz tumanidagi "Lochin" bolalar oromgohida bepul hordiq chiqaradi.
- О‘g‘lim Sunnat ikki yildan buyon Yakkabog‘dagi "Sohibqiron" oromgohiga boradi, - deydi Mukarrama Jо‘rayeva. - Oromgohning sо‘lim tabiati, toza havosi farzandimning jismonan rivojlanishiga yordamlashsa, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar intellektual salohiyatini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.
S.ALLAYOROVA
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida