Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv omboridan suv chiqishi oqibatida jabrlangan yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qashqadaryoliklarning 50 tonna xayriya yordami ortilgan saxovat karvoni 6 may kuni kechqurun o‘z manziliga yetib bordi.

Oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, gigiyena vositalari, ro‘zg‘or uchun zarur xo‘jalik mollari, maishiy texnika vositalari, bolalar o‘yinchoqlari, o‘quv qurollari, kitoblar, shuningdek, bir bosh qo‘y hamda tuya ortilgan 10 ta transport vositasi safiga yo‘lda shahrisabzliklarning xayriya yordami jamlangan yana bitta transport vositasi ham qo‘shildi.

Xayriya aksiyasi davomida yig‘ilgan 40 million so‘m mablag‘ ham ofatdan jabr ko‘rganlarga yordam sifatida yetkazildi.

Muruvvat yordami Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanidagi bazada qabul qilib olindi. Bu yerdan mahsulotlar, buyumlar va pul mablag‘lari jabr ko‘rgan oilalarga yetkaziladi.

Bundan tashqari, Sardoba suv ombori o‘pirilishi natijasida ro‘y bergan toshqindan Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi ayrim oilalar ham aziyat chekib, bir qanchasi Qashqadaryodagi yaqinlarinikiga kelishgandi.

Talafot ariy boshlagach, ular ham uylariga qaytish taraddudida bo‘lishdi. 10 nafardan ortiq sirdaryolik yurtdoshlarimiz uchun viloyat transport boshqarmasi tashabbusi bilan avtobus ajratilib, manzillari sari kuzatib qo‘yildi.

Og‘ir kunlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash, dalda bo‘lish, yaqindan ko‘maklashish, mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligi sirdaryolik yurtdoshlarimizga ko‘mak tadbirlarida o‘z aksini topmoqda.

Qashqadaryo gazetasi

07-05-2020 |
Foto galereya