Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - О‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat kengashi ijroiya qо‘mitasi hamda partiya xalq deputatlari viloyat Kengashidagi deputatlik guruhining kengaytirilgan qо‘shma yig‘ilishi bо‘lib о‘tdi.
Unda partiyaning yangilangan dasturi va joriy yil dekabr oyida Oliy Majlis hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlarda samarali ishtirok etish masalalari muhokama etildi.
Qayd etilganidek, mamlakatga kechayotgan islohotlar, Saylov kodeksining qabul qilinishi, siyosiy maydonda yana bir partiyaning vujudga kelishi va boshqa bir qancha omillar bо‘lajak saylovlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichda, ochiqlik, oshkoralik tamoyillari va kuchli partiyalararo raqobat, g‘oyalar va dasturlar kurashi ostida bо‘lib о‘tishidan dalolat beradi.
Bu esa, о‘z navbatida, partiya tuzilmalari, deputatlik korpusi oldiga ushbu saylovlarda munosib va samarali ishtirokni ta’minlash borasida qator vazifalar qо‘yadi. Xususan, turli darajadagi vakillik organlari deputatligiga munosib nomzodlarni, partiya kuzatuvchilari, ishonchli vakillarini tanlab olish, ularning siyosiy, huquqiy bilim va kо‘nikmalarini oshirish masalalaridan tortib, partiyaning о‘z elektorati, saylovchilar bilan aloqalarini mustahkamlash, zamonaviy PR-texnologiyalardan foydalanish kabi masalalarni qamrab oladi.
- Bugungi saylovchining talabi avvalgilardan ancha farq qiladi, - deydi partiya siyosiy kengashi ijroiya qо‘mitasi mas’ul xodimi Rustam Poshshoyev. - Bugungi saylovchining siyosiy qarashlari ancha teran, ijtimoiy faol. Shunday ekan, deputat bо‘laman degan nomzod saylovchining shu talablariga har tomonlama javob berishi kerak.
Yig‘ilish tahliliy ruhda о‘tdi. Jumladan, sо‘nggi uch yilda partiya dasturiy hujjatlariga sezilarli о‘zgartirish kiritilmagani, Harakatlar strategiyasi bilan hamohang emasligi, hududiy partiya tashkilotlarida alohida bino, axborot-kommunikatsion texnologiyalar, saylovlarga oid zarur uslubiy qо‘llanmalar bilan ta’minlashga ehtiyoj mavjudligi qayd etildi. Ana shular yuzasidan ham atroflicha fikrlashib olindi.
Z.NAZIROVA
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida