Chiroqchilik faxriy Hasan Rahmatov bilan tuman markaziy kо‘chasidan uncha uzoq bо‘lmagan xonadonga kirib keldik. Mо‘jazgina xonada karavotda yonboshlab yotgan otaxon bilan salomlashdik. "Siz yо‘qlab kelgan Shomurod Mahmanov shu kishi bо‘ladi", dedi u. Xonadon sohibining soqollari qordek oq, kо‘zlari tiyrak, gaplari tiniq, yoshi tо‘qsonga yaqinlashganga sira о‘xshamasdi. О‘ng yonidagi devorda dо‘mbira, atrofini turli yillarda olingan fotosuratlar bezab turibdi. Biz bilan karavotdan tushmay gaplashayotganidan noqulaylik sezib, "о‘zim yaxshi, ammo oyoqlarimda mador yо‘q, shunga majburman", dedi nuroniy.
Bobo devorga о‘rnatilgan katta ekranli televizorga qarab, "shu mening ovunchog‘im, hamrohim, dilkash suhbatdoshim, deydi. - Kuni kecha Prezidentimizning mustaqillikning 28 yilligi bayramini nishonlash haqidagi qarorini eshitdik. Kо‘z oldimda xalqqa erkinlik, tenglik va’da qilib, ammo о‘z sо‘zida turmagan, aksincha, ularga nisbatan nohaq g‘ayriinsoniy siyosat olib borgan shо‘ro tuzumi, u tufayli oilamiz boshiga tushgan mudhish voqealar, kо‘rgan azobu uqubatlarimiz keldi".
Shomurod boboning hikoyalarini eshitib, qalbim larzaga keldi, unda qizil saltanatning haqiqiy basharasi namoyon bо‘ldi.
Shomurod bobo nasl-nasabi jihatidan Chiroqchida shoir-baxshilar sulolasiga mansub. Dо‘mbira chalib, dostonu termalar aytishni Rasul shoir boshlab bergan edi. Bu an’anani katta о‘g‘li Mahman davom ettirdi. Undan dо‘mbirani Tog‘ay qо‘liga oldi. Sozini bulbul monand sayratib chaladigan yosh baxshi doston kuylasa tinglovchilarni sehrlab qо‘yar, davralar tо‘lib ketardi.
1930 yil boshlanishi bilan kо‘p millatli mamlakatda qama-qama boshlandi. Zulm changali Chiroqchiga ham yetib keldi. "Tuzumga qarshi" niqobi ostida aybsiz-aybdorligidan qat’i nazar, kо‘p kishilar turmaga tashlanadi, biriga qamoq jazosi beriladi, yana biri uzoq о‘lkalarga surgun qilinadi.
Tog‘ayni ham kutilmaganda formali xodimlar olib ketishdi. Unga "tо‘y va boshqa tadbirlarda shо‘ro tuzumini yomonlovchi termalar kuylamoqda", degan nohaq ayb qо‘yildi. Bu haqda NKVD bilan hamkorlik qiladigan bir mahalladoshi yolg‘on ma’lumot bergan edi. Tog‘ay sо‘roq paytida aybsizligini isbotlashga harqancha urinmasin, foyda bermadi. 1930 yilning oxirida surgun qilingan qashqadaryoliklar chiqqan vagon Kitob temir yо‘l bekatidan siljidi. Bu vaqtda Tog‘ayning turmush о‘rtog‘i Tojixol Shomurodga homilador edi.
Poyezdda besh-olti kun yо‘l bosgan badarg‘a qilinganlar Sibirning Shartandinsk qishlog‘iga olib kelindi. Bahor kirishi bilan ularni ekin-tikin ishlariga jalb qilishdi. Ish vaqti chegaralanmagan, tongdan qosh qoraygunga qadar davom etardi, ammo berganiga qorin tо‘ymasdi, hammalari yertо‘lada jon saqlardi. Shu tariqa bir yil о‘tdi. Tog‘ay bu qiyinchiliklarga bardosh berar, faqat uzoqda qolgan bolalari, ayniqsa, homilador ayolini kо‘p о‘ylardi. Bu xavotir va о‘ylar uni surgundan qochishga undadi. Bir necha sheriklarini ham bu ishga kо‘ndirdi. Ular orasida Chiroqchi va Yakkabog‘dan ham odamlar bor edi. Bir kecha tunda, hamma uyquda bо‘lgan paytda ular qishloqni tark etishdi. Tog‘ay bir necha kunlardan sо‘ng eson-omon Chiroqchiga qaytib keldi. Bolalarini sog‘-salomat kо‘rib xursand bо‘ldi. Tojixolning kо‘zi yoriganiga besh-olti oy bо‘lgan ekan, farzandiga Shomurod deb ism qо‘yishibdi. Tog‘ay uzoq vaqt kо‘zga kо‘rinmay, tо‘y-ta’ziyalarga bormay yurdi. Faqat tunda sog‘inib qolgan dо‘mbirasini qо‘lga olib, о‘zi bilgan dostonlardan parchalar kuylar, yangi termalar aytardi.
SHо‘rolarning, hatto sharpalarni sezadigan "quloq"lari kо‘p edi. Bir kuni tunda maxsus xizmat xodimlari kelib, Tog‘ayni yana olib ketishdi. Badarg‘a qilingan joydan qochganligi uchun faqat uni emas, barcha oila a’zolarini ham qattiq jazolashib, yashash joyidan surgun qilish bо‘yicha qaror qilindi. Hatto, hali bir yoshga tо‘lmagan Shomurodni, uni kо‘krak suti bilan boqayotgan onasi Tojixolni ham ayab о‘tirishmadi. Er-xotin besh nafar farzandi bilan poyezdga chiqarildi. Tog‘ayning kо‘ziga balodek kо‘ringan - yana о‘sha Shartandinsk qishlog‘iga kelishdi. Qishloqning atrofini о‘rmon, ekinzorlar о‘rab olgan, juda gо‘zal manzara. Ammo Tog‘ayning yuragiga qil ham sig‘maydi, bu gо‘zallik unga tatimaydi. Bu yerga surgun qilinganlar uchun maxsus yertо‘lalar qurilgan. Ulardan biriga Tog‘ay oilasi bilan kо‘chib kirdi. Uni darhol dalaga, ishga chiqarishdi. Bu yerning tuprog‘i, ob-havosi faqat kartoshka, piyoz, sabzi yetishtirishga yaroqli edi.
Yoz qisqa bо‘lib, tez о‘tib ketdi. Birinchi qish juda qiyin kechdi, ayniqsa, bolalar kо‘p qiynalishdi, tez-tez shamollab turishdi, ular bu yerning ob-havosi, sharoitiga moslasha olmadilar. Lekin yashashga majburlar. 1 sentabrda Tog‘ayning farzandlari - Ibrohim, Rahim, Umbar va Davlat shu qishloqdagi maktabga о‘qishga borishdi. Ular harf tanishni, о‘qishni ona tilida emas, rus tilida о‘rganishni boshlashdi. Bir yil о‘tar-о‘tmas oila boshiga musibat tushdi. Kо‘krakdan hali uzilmagan Shomurodni tashlab, onasi Tojixol jon berdi. Keyin birin-ketin Rahim, Umbarni tuproqqa qо‘yishdi, ular hali о‘n yoshga ham yetmagan edi. Tog‘ay bunday qismat zarbidan ancha vaqtgacha о‘ziga kela olmadi. Endi atak-chechak bо‘layotgan Shomurod qarovsiz qoldi. Tog‘ay taqdir taqozosi bilan bu yerga kelib qolgan shahrisabzlik bir juvonga uylandi. U ham Shomurodni tarbiyaladi, ham bir yil о‘tib, Tog‘ayga bir qiz hadya qildi. Unga Sibiriya deb ism qо‘yishdi.
Shomurod yetti yoshga tо‘lgach, maktabga bordi. Uning tug‘ilganligi tо‘g‘risidagi guvohnomasi yо‘q edi. Otasidan sо‘rab-surishtirmasdan sinf rahbari jurnalga Shomurodni ruscha familiya - Tumanov Aleksandr deb yozib qо‘ydi, u о‘n yil shu familiyada yurdi.
1939 yilda Tog‘ayning tо‘ng‘ich о‘g‘li Ibrohimni harbiy xizmatga chaqirishdi, ammo oilaga qaytib kelmadi. Keyinchalik uning ikkinchi jahon urushi boshlangach, fashistlar bilan bо‘lgan jangda halok bо‘lganligi haqida qoraxat keldi. 1942 yilda Tog‘ayni ham frontga jо‘natishdi. G‘alabadan sо‘ng ikkinchi vatani bо‘lib qolgan Shartandinsk qishlog‘iga qaytdi. Bu vaqtda uning farzandlaridan faqat Shomurod qolgan edi. Xotini, Shomurod va qizi Sibiriya bilan о‘sha uzoq о‘lkada yashashda davom etdi. Uning yagona maqsadi va orzusi ular bilan kindik qoni tо‘kilgan Vataniga qaytish edi. Bir kuni qо‘liga qog‘oz va qalam olib, istagini qondirishni sо‘rab, "xalqlar dohiysi" Stalinga xat yozdi, javobini umid bilan kutdi. Nihoyat, 1948 yilda oilaning О‘zbekistonga - Chiroqchiga qaytishiga ruxsat berildi. Tog‘ay Mahmanovning quvonchi cheksiz edi. Faqat xotini, uch farzandining xoki begona yurtda qolayotganidan о‘kindi. Sо‘nggi kuni qabristonga borib, ular haqiga duoi fotiha о‘qidi. О‘sha yilning kuzida oila a’zolari bilan ham quvonch, ham qayg‘u-alam bilan Shartandinsk qishlog‘idan jо‘nab ketdi.
Tog‘ay Mahmanov yurtiga qaytib kelgach, yana qо‘liga sevimli dо‘mbirasini oldi. О‘g‘li Shomurod bilan birga turli davrayu tantanali marosim, ma’rakalarda dostonlar ayta boshladi. Ilhom bilan termalar kuylab, davralarni qizitdi, muxlislariga zavq-shavq bag‘ishladi. Otasi bilan doimo birga yurish Shomurodga baxshilik va badihagо‘ylik sirlarini puxta egallashga yordam berdi.
90 yoshdan oshgan Tog‘ay shoir, о‘g‘li Shomurod bilan vidolashar ekan, "О‘g‘lim, mening ishimni davom ettir, dо‘mbiram senga yodgorlik bо‘lib qolsin", deb vasiyat qildi. Shunga ham qirq uch yil bо‘libdi.
Shomurod shoir Tog‘ay о‘g‘li padari buzrukvori vasiyatiga amal qilib, ota kasbini davom ettirdi. Nafaqat tо‘y-tomoshalarda, baxshi-shoirlar kо‘rik-tanlovlarida ham qatnashib, faxrli о‘rinlarni egallab keldi. Uning repertuarida oilasi boshiga tushgan musibatlarning sababchisi - mustabid tuzumni qoralovchi, istiqlol kunlari kelishiga ishonch, Vatan tuyg‘usi jо‘sh urgan termalar asosiy о‘rinni egalladi. Qattol tuzum gumashtalari, ayg‘oqchilariga qarata
Qо‘llarimni boylading,
Avaxtaga haydading,
Tor xonaga joylading,
Kо‘klamagin Mekkamchol
kabi misralarni yaratdi. Istiqlol kunlari albatta kelishiga ishonch bildirdi:
Omon-omonga kelur,
Omad - loyman-a kelur,
Odil zamona kelur.
Mustaqillikka erishgan Vatanimizning sha’niga samimiy jо‘shqin qasidalar tо‘qidi:
Senga g‘anim bо‘lgan - menga ham g‘anim,
О‘lanlarim - yurakdagi zabonim,
Omon bо‘lsin suyanganim - suyganim,
Tinchlik qasri - mehribonim Vatanim.
Ona Vatan, senga bо‘lsin sharaf-shon,
Ta’rifingni kuylar Qashqa, Zarafshon.
Tuprog‘ingni kо‘zga qilay tо‘tiyo
Sadqa bо‘lsin sening uchun jonu tan.
SHо‘ro zamonida erki toptalgan, vatanidan yiroqda har bir kuni azob-uqubatda, yurtini qо‘msab о‘tgan Tog‘ay shoir, uning о‘g‘li Shomurod baxshi ijodi mustaqillik tufayli qadr topdi. 2000 yilda Shomurod shoir Tog‘ay о‘g‘liga О‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi faxriy unvoni berildi.
- Davlatimiz mustaqil bо‘lganiga 28 yil tо‘layapti. О‘tgan yillarda misli kо‘rilmagan о‘zgarishlarga shohid bо‘ldik, - deydi Shomurod shoir. - Faqat hur, ozod xalqgina ana shunday ishlarga qodir bо‘ladi. Keyingi uch yilda esa mamlakatimiz hamma sohada shahdam qadamlar bilan borayapti, iqtisodiyot bо‘ladimi, ijtimoiy rivojlanish bо‘ladimi, ishlarimiz shiddatli tus olmoqda.
Bu nurafshon, saodatli kunlar uchun qancha millatdoshlarimiz jon berishdi, surgunlarda azob chekishdi. Bugungi dorilomon kunlar ular orzusi edi. Shunday ekan, istiqlolimiz bergan har ne’matning qadriga yetib, shukrona qilaylik.
Mо‘min AZIZOV,
tarixchi-jurnalist
qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida