О‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi Sayfulla Maxmatmо‘minov boshchiligida Mirishkor tumanidagi 25-oilaviy poliklinikada sayyor qabul hamda bepul tibbiy kо‘rik о‘tkazildi.

Sayyor qabulda tumanning Jeynov, Chamanzor va Mirishkor qishloqlaridan 70 nafarga yaqin fuqarolar о‘zlarini qiynayotgan masalalar bо‘yicha murojaat qildi. Ayniqsa, tibbiy xizmat, nogironlikni belgilash, davolanish uchun tuman, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalariga yо‘llanmalar olish bilan bog‘liq murojaatlar kо‘p bо‘ldi.

- 2017 yilda avtohalokatga uchrab, oyog‘im jiddiy jarohatlangan edi, - deydi Zafar qishlog‘ida yashovchi   2-guruh nogironi Farhod Ochilov. - Yurishga qiynalaman. Oilaning daromadi о‘ziga yarasha, hatto bir qancha vaqtdan buyon qо‘ltiqtayoq sotib olishga ham imkoniyatimiz bо‘lmay kelayotgandi. О‘tkazilgan qabulda menga qо‘ltiqtayoq sovg‘a qilindi. Bundan juda xursandman.      

Sayyor qabulda fuqarolardan tushgan murojaatlar soha mutaxassislari ishtirokida tahlil qilinib, 46 nafar fuqaro shu joyning о‘zida tibbiy kо‘rikdan о‘tkazildi va sog‘lomlashtirish choralari kо‘rildi.

Bundan tashqari, 8 ta murojaat yuzasidan fuqarolarga tushuntirish va  huquqiy maslahatlar berildi, 10 ta murojaat hududdagi mas’ullarga yо‘naltirilib, ijrosi nazoratga olingan bо‘lsa, 2 ta muammo joyida hal etildi. Qolgan 4 ta muhim masala ijrosi nazoratda qoldirildi.

Partiya rahbari boshchiligidagi xuddi shunday sayyor qabul hamda bepul tibbiy kо‘riklar Muborak tumanining Amir Temur hamda Koson tumanidagi Pudina qishloqlarida ham tashkil etildi.

J.BOYMURODOV

Suratda: sayyor qabuldan lavha.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

03-08-2019 |
Foto galereya