Bugun bojxona tizimida "sariq", "qizil", "kо‘k" va "yashil yо‘lak" atamalari keng qо‘llanilmoqda. Xо‘sh, ular nimani anglatadi va qanday naf beradi? Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xodimi Aziza Xushvaqtova quyidagilarni ma’lum qildi:

Mamlakatimiz bojxona organlarida xavfni boshqarish tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizim bojxona nazorati samaradorligini kamaytirmagan holda, mazkur organlarning salohiyatidan tо‘laqonli foydalanish imkonini beradi hamda tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilarini ortiqcha byurokratik tekshiruvlardan xalos etadi. Xavfni boshqarishga asoslangan tartib-taomillar tavakkalchilik yuqori darajada bо‘lgan uchastkalarda bojxona rasmiylashtiruvi nazoratini kuchaytiradi va ayni vaqtda, tovarlar hamda jismoniy shaxslarning asosiy qismiga bojxonadan nisbatan oson о‘tishni ta’minlab beradi.

2018 yil 18 oktabrda yangi tahrirda qabul qilingan "Davlat bojxona xizmati tо‘g‘risida"gi Qonunda xavfni boshqarish tizimi qо‘llanilishi samaradorligining muntazam monitoringini amalga oshirish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi. Prezidentning 2018 yil 24 noyabrdagi "Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va О‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi farmoni bilan xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi tо‘liq rejimda joriy etildi.

Xususan, 2018 yil 1 dekabrdan "sariq" va "qizil" yо‘laklar, 2019 yil 1 martdan boshlab, "yashil" va "kо‘k" yо‘laklar ishga tushirildi.

Xavfni boshqarish tizimini tо‘laqonli amalga kiritish orqali "yalpi" bojxona nazoratini о‘tkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati 4 ta yо‘lakdan biriga yо‘naltirilgan holda amalga oshiriladi.

 "Sariq yо‘lak" - bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bо‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi о‘rta kо‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

"Qizil yо‘lak" - bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori kо‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

"Yashil yо‘lak" - xavf darajasi past bо‘lgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish tо‘g‘risidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan qо‘llanmaydi.

"Kо‘k yо‘lak" - bunda xavf darajasi о‘rta kо‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan sо‘ng amalga oshiriladi.

Xavfni boshqarish tizimi avvalo tadbirkorga nima beradi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Ushbu tizim tashqi iqtisodiy faoliyatning halol ishtirokchilarini rag‘batlantirish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishga imkon beradi. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruviga sarflanadigan vaqtni sezilarli ravishda qisqartiradi. Har bir tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisiga individual baho berish va ularni halolligiga qarab saralash, bir-biridan farqlash imkonini tug‘diradi. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga bojxona kо‘rigida yengillik yaratiladi.

Shuni ham aytish joiz, endilikda tadbirkorlar Davlat bojxona qо‘mitasining bojxona.uz saytidagi  service.customs.uz havolasi orqali bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yо‘lakka joylashtirilgani tо‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olishlari mumkin.

N.XО‘JAYEV

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

28-07-2019 |
Foto galereya