Rossiya Federatsiyasida nashr etiladigan “Molodoy uchyoniy” xalqaro ilmiy jurnalining 302-sonida Rohat Rahmonovaning “Gender tengligining konstitutsiyaviy mexanizmi” ("Constitutional mechanism of gender equality") nomli maqolasi eʼlon qilindi. Taʼkidlash kerakki, mazkur jurnal rus, ingliz, nemis, fransuz tillarida chop etiladi va u unda dolzarb mavzularda ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarning kuzatuvlari, tadqiqotlar chop etiladi.

Maqolada yosh tadqiqotchi ilmiy nuqtai nazardan gender tenglik masalasiga eʼtibor qaratar ekan, jamiyatda xotin qizlar faolligini oshirishning afzalligini yoritadi. Bu borada ayollarni qo‘llab-quvvatlash, zarur imkoniyat va shart sharoit yaratishning ahamiyatini taqqoslash orqali tahlil qiladi. Gender tenglikning ijtimoiy jihati – bu jamiyatning barcha jabhalarida, shu jumladan siyosat, iqtisodiyot, mafkura va madaniyat, taʼlim va fan sohalarida namoyon bo‘ladigan ayollar va erkaklar o‘rtasidagi munosabatdir – deyiladi maqolada.

  • Xotin qizlar uchun munosib turmush sharoiti yaratib berishga, ularning huquqlarini himoya qilishga yurtimizda yil sayin alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayniqsa, rahbarlik lavozimlarida ayollarning ish yuritishi ular uchun imkoniyatlar eshigini ochadi, yaʼni ayol qaysi ishdan ishlamasin, qay bir muammoga yechim izlamasin avvalo ona, singil, opa bo‘lib yondoshadi. To masalaga yechim topmagunga qadar tinchimaydi. Hayotda bu ko‘p bora isbotlangan. Qashqadaryo viloyat hokimligida ham bugun xotin-qizlarni munosib ish o‘rinlari bilan taʼminlashga ahamiyat berilmoqda. 2020 yilning o‘zida 6 nafar xotin qiz, yaʼni turli sohalarda faol ish yuritayotgan, intiluvchan, muhimi talabchan ayollar viloyat hokimligida turli lavozimlarda ish boshladi. Bu ishonch, rag‘bat albatta. Muhimi ularning qobiliyatlarini shakllantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani fikrim tasdig‘i bo‘ladi – deydi Rohat Rahmonova biz bilan suhbatda.

Aytish kerak, muallif tomonidan mamlakatimizda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning milliy mexanizmini ishlab chiqish uchun amaldagi qonunchilikni o‘rganish, ayollar huquqlarini taʼminlash bo‘yicha xalqaro va O‘zbekiston qonunlariga rioya etilishini monitoring mexanizmini tahlil qilish taklifi ilgari suriladi.  Ayni kunda viloyat hokimligi tashkiliy nazorat guruhi 1-toifali mutaxassisi bo‘lgan Rohat Rahmonova, Qarshi Davlat Universiteti sirtqi bo‘lim talabasi hamdir. 2017 yilda davlatimizning yuksak mukofoti “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Mazkur xabar matbuotda chop etilishi arafasida yosh tadqiqotchi yana bir darakni, yaʼni  yana ikkita ilmiy maqolasi Angliya va Germaniya jurnallarida chop etilganini  suyunchiladi. “Hozirgi jamiyatda yoshlar madaniyati” ("Youth culture in a modern society”, Angliya), “O‘zbekistonda yoshlarning siyosiy va huquqiy madaniyati” ("Political and legal culture of the youth in Uzbekistan”, Germaniya) nomli maqolalarda mamlakatimiz yoshlari uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar va ulardan unumli foydalanishning yurtimiz taraqqiyoti uchun ahamiyati haqida so‘z yuritiladi.

  • Bu vohamizning ko‘zlari chaqnoq, yuragi uyg‘oq yoshlari uchun “Yoshlar kuni” oldidan mening tuhfamdir, - deydi ilmiy xodima mamnuniyat bilan.

Ha, Rohat Rahmonova  izlanishda. Zamonaviy jamiyatda ayollar va yoshlarning mavqeini yana-da yuksaltirish, bu esa taraqqiyotning mezoni bo‘lishi borasida tadqiqotlarini davom ettirmoqda. Dilga yuksak maqsadlarni tugib kelajak sari dadil odimlayapti. Buning barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilgani uni hamisha mamnun etadi.

Ziyoda Aminova

25-06-2020 |
Foto galereya