Qashqadaryo viloyatida zamonaviy chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha qiymati 235,437 mlrd so‘mlik 73 ta loyiha ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martda “O‘zbekistonda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan viloyatimizning har bir tumanida kamida ikkitadan qora mol  bo‘rdoqichilik va sutchilik yo‘nalishlarida chorvachilik komplekslari tashkil etish maqsadida loyihalar ishlab chiqilyapti.

Qashqadaryo viloyatida qiymati 235 mlrd 437 mln so‘mlik (shundan 55 mlrd 265 mln so‘mi loyiha egalarining o‘z mablag‘lari, 47 mlrd 467 mln so‘mi banklarning kredit resurslari, 3 mln 980 ming AQSH dollari esa xorijiy banklarning kredit liniyalari va investorlarning mablag‘lari hisobidan) 73 ta loyiha asosida zamonaviy chorvachilik komplekslari ishga tushishi rejalashtirilgan.

Ushbu yil 15 iyul holatida tijorat banklarining viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan filiallari tomonidan 105 ta chorvachilik yo‘nalishidagi loyihani moliyalashtirish uchun jami 44 mlrd 211 mln so‘m va xorijiy kredit liniyalari hisobidan esa 877 ming 400 AQSH dollari miqdorida mablag‘lar ajratildi.

Misol uchun, Qamashi tumanidagi “Murodov Rahmatullo MavlonovichMCHJ 2019-2021 yillarda sutchilik yo‘nalishida chetdan naslli qora mollar olib kelish va sutdan 14 xildagi mahsulotlar tayyorlash hamda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash maqsadida 447 ming 690 AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyiha asosida MCHJning o‘z mablag‘lari hisobidan 3 mlrd so‘mdan ortiq qurilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, AT Xalq banki Qamashi filiali tomonidan Germaniya davlatidan 300 bosh naslli qora mol va qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olish uchun jami 219 ming 690  AQSH dollari miqdorida kredit resurslari yo‘naltirildi.

Ushbu yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobiga 3 ta zamonaviy chorva kompleksi binosi qurib bitkazilgan bo‘lsa, Germaniya davlatidan birinchi bosqichda 64 bosh naslli qora mol, 2 dona zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi olib kelinib, buning natijasida 22 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 2 bosqichida sentyabr-oktyabr oylarida 200 bosh naslli qora mol olib keltirilishi kutilmoqda.

Chorva mollari ozuqasi uchun 70 gektar maydonga makkaning serhosil navi va 5 gektar maydonga esa lavlagi mahsulotlari ekilgan va sut mahsulotlarini qayta ishlash korxonasi qurilish ishlari boshlangan.

Muborak tumanidagi “Muborak chorva tayyorlov” MCHJga Germaniya davlatidan 2 ming 400 bosh naslli qora mollar olib keltirish maqsadida tuzilgan shartnomaning birinchi bosqichi Aksionerlik tijorat Xalq banki Muborak filiali tomonidan 260 bosh naslli qora mol olib kelish maqsadida  ajratilgan  3 mlrd 850 mln so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga bugungi kunda 55 bosh naslli qora mol olib kelindi. 205 bosh qora mol esa karantinga qo‘yilib, respublikamizga olib keltirish choralari ko‘rilmoqda.

Chetdan olib kelingan naslli qora mollarni oziqlantirish uchun “Muborak chorva tayyorlov” MCHJ tomonidan jami 80 gektar maydonga beda, 50 gektar maydonga esa takroriy ekin sifatida makkaning Turkiyadan keltirilgan gibrid navi ekildi.

Xuddi shuningdek, joriy yilda chetdan naslli qora mollar olib kelish yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga asosan viloyatga olib kelinishi ko‘zda tutilgan 1 ming 600 bosh naslli qoramollar uchun yetarli miqdorda ozuqa jamg‘arish ishlari va binolarni tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 15 iyun holatida viloyat bo‘yicha 39 ming 115 gektar maydonga beda,  10 ming 729 gektar makkajo‘xori, 907 gektar maydonga esa xashaki lavlagilar ekilib, ekinlar agrotexnika qoidalariga to‘liq amal qilgan holda parvarishlanmoqda.

Chorva mollarini qishlovini betalafot o‘tkazish maqsadida 2 mln 337 ming tonna dag‘al ozuqa, shundan 77 ming 432 tonna somon jamg‘arish ko‘zda tutilgan bo‘lib, haqiqatda bugungi kunga qadar 1 mln. 780 tonna dag‘al ozuqa, shundan 72 ming 682 tonna somon jamg‘arilib, bu borada ishlar davom ettirilmoqda.

2020 yil g‘alladan bo‘shagan 17 ming 325 gektar maydonlarga takroriy makkajo‘xori ekish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar jami14 ming 062 gektar, shundan 7 ming 771 gektar maydonga chet eldan (Turkiya, Serbiya va Ukraina davlatlaridan) keltirilgan makkajo‘xorining serhosil gibrid navlari ekilib, ozuqa ekinlari ekish ishlari davom ettirilmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, viloyatimizda davlat tomonidan chorvachilik uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, chorvachilikni rivojlantirishda amaliy ishlar bajarilmoqda.

Taʼkidlash joiz, Yurtboshimiz tomonlaridan yurtimizda chorvachilikni yana-da rivojlantirish uchun ulkan imtiyozlar berilyapti. Shu o‘rinda chorvachilikni rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan subsidiyalarni eslatib o‘tamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 mayda “Chorvachilik tarmog‘iga Davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 280-sonli qaroriga asosan;

  • Respublikamizdagi naslchilik xo‘jaliklarida yetishtirilib sotilgan nasldor qora mollarning har bir Respublikadagi naslchilik xo‘jaliklarida yetishtirilib sotilgan nasldor qora mollarning har bir boshiga 1 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;

  • Xorijiy davlatlardan import qilingan nasdor qora mollarning har bir boshiga 2 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi;

  • Xorijiy davlatlardan import qilingan nasdor qo‘y va echkining har bir boshiga 400 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil  18 martda “Chorvachilik tarmog‘iga yana-da rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4243-sonli qaroriga asosan (Tik quduqlar uchun):

  • Ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini tashkil qilish uchun sug‘orish tik quduqlarini burg‘ulash bilan bog‘liq xarajatlarining bir qismini qoplab berish maqsadida burg‘ulangan sug‘orish tik quduqlarining har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu o‘rinda zamonaviy chorvachilik uchun viloyatimizda salohiyatga ega vohadoshlarimizni yuqorida keltirilgan imtiyozlardan keng foydalangan holda, joylardagi tuman hokimliklari, AT Xalq banki filiallari hamda viloyat “Chorvanasl” markazining joylardagi bo‘limlari bilan hamkorlikda loyihalar ishlab chiqib, oila farovonligi, yurtimiz rivoji uchun hissador bo‘lishda harakat qilishga chorlab qolamiz.

G‘. Djavliyev,

Viloyat “Chorvanasl” markazi

direktori.

S.Hasanov

AT Xalq banki viloyat boshqarmasi

boshlig‘i.

Foto galereya