QASHQADARYO VILOYATI HOKIMI Z.T.MIRZAYEVNING VILOYAT TIBBIYOT SOHASI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI

QASHQADARYO VILOYATI HOKIMI Z.T.MIRZAYEVNING  VILOYAT TIBBIYOT SOHASI XODIMLARIGA  BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum aziz va mehribon shifokorlar,

Qadrli tibbiyot  xodimlari!

Avvalo, barchangizga kasb bayramlaringiz muborak bо‘lsin!

Xalqimizning tibbiyot xodimlariga bо‘lgan cheksiz hurmati ifodasi bо‘lgan mazkur shodiyonaning ham о‘ziga xos shukuhi bor. Bu bayramda el salomatligini saqlashdek mas’uliyatli ishga hayotini, umrini baxshida qilgan jonkuyar shifokorlarning xizmatlari e’tirof etiladi.

Dunyoda  turli kasblar bor, lekin inson salomatligi yо‘lida jonini fido qiladigan, odamzod umriga umr qо‘shishdek eng muqaddas vazifa ishonib topshirilgan,  bor kuchini boshqalarga hayot baxshida qilishga qasam ichgan - Siz aziz tibbiyot xodimlari  egallagan kasb dunyoda tengsiz, desam, mubolag‘a bо‘lmaydi.

Insoniyat yaralganidan beri Sizning kasbingizga ehtiyoj sezadi. Shu sababli shifokorlik eng qadimiy va eng qadrli kasblardan biridir.

Ayni davrda Muhtaram Prezidentimizning bevosita tashabbusi va rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida tub о‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Xalqaro andozalar darajasidagi tibbiy xizmat tizimini barpo etish, har jihatdan barkamol avlodni voyaga yetkazish, xalqimizni yanada sog‘lomlashtirish yо‘lida beqiyos imkoniyatlar yaratilmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz “Xalq tibbiyot sohasiga qanchalik ishonsa, davlatga ham shunchalik ishonadi. Xalq kо‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlardan rozi bо‘lsa — davlatdan, bugungi yuritilayotgan siyosatdan ham rozi bо‘ladi”, deb alohida ta’kidlagan edilar.

Darhaqiqat, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson manfaatlarini muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish va xalqimiz salomatligini mustahkamlashda muhim omil bо‘lmoqda. Xalqimizni rozi qilish maqsadida birlamchi tibbiyot tizimi faoliyatini tubdan yaxshilash, dori-darmon ta’minoti, hududlarda ixtisoslashtirilgan tibbiyot xizmatlarni yо‘lga qо‘yish bilan bog‘liq kо‘plab muhim vazifalar amalga oshirilmoqda.

Azizlar!

Viloyat sog‘liqni saqlash tizimida ham xalqimizga kо‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan qator о‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda viloyatimiz ahliga 302 ta davolash-profilaktika muassasasi tibbiy xizmat kо‘rsatmoqda. Keyingi yillarda 24,7 milliard sо‘mlik mahalliy byudjet mablag‘lari soha rivojiga yо‘naltirildi. Viloyat tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bir qator yangi texnikalar xarid qilinib, tez tibbiy yordam xizmati avtotransporti 230 taga yetkazildi.

Tizimdagi davolash-profilaktika muassasalariga joriy yilda dori-darmon uchun 58,8 milliard sо‘m mablag‘ ajratildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Karshi filiali uchun yangi 120 о‘ringa mо‘ljallangan zamonaviy bino qurib bitkazildi, filialda kardioxirurgiya bо‘limi ochildi. Joriy yilning 9 oyi davomida bu yerda 1200 dan ortiq yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari о‘tkazildi.

Respublika endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali sobiq dispanser о‘rnida qayta tashkil etilib, 100 о‘rindan 150 о‘ringa kengaytirildi va 40 о‘rinli jarrohlik bо‘limi ochildi. Hozirgi kunda qandli diabetga chalingan bemorlar jarrohlik amaliyotlari shu yerning о‘zida amalga oshirilayapti.

Yuqumli kasalliklar shifoxonasi binosi tо‘liq rekonstruksiyadan chiqarildi. Bu yerda yangidan gepatologiya markazi ochildi. О‘tgan yilda 32 ta, joriy yilning о‘tgan davrida esa 47 ta tibbiyot muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, Qarshi shahrida “Nuroniylar sihatgohi” ishga tushirildi.

Tibbiyot – doimiy yangilanishni talab qiladigan soha. Shu sababli ham, tizimning kadrlar salohiyatini mustahkamlashga ham katta e’tibor qaratilayapti. Birgina joriy yilning о‘tgan davri mobaynida 256 nafar bitiruvchi о‘z mutaxassisligi bо‘yicha ishga joylashtirildi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasida 22 nafar, Turkiyada 3 nafar mutaxassis malaka oshirib qaytdi.

Viloyatimizda 72 ta qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil qilinib, ularda ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari, tez yordam shoxobchalari va ijtimoiy dorixonalar tashkil etildi.

Onalar va bolalar о‘limi butun dunyoda eng dolzarb va muhim muammolardan  biri sanaladi. Osiyo davlatlari, MDH davlatlari bilan taqqoslaganda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida Onalar va bolalar о‘limi keskin kamaydi. Jumladan, viloyatimizda ham keyingi yillarda onalar va gо‘daklar о‘limining kamayishiga erishilgani quvonarlidir.

Bunday yutuqlar haqida yana uzoq gapirishimiz mumkin. Eng muhimi, bularning zamirida fidoyi shifokorlar, hamshiralar, doyalar, orastabonlarning mashaqqatli va sharafli mehnati mujassamligini barchamiz chin dildan e’tirof etamiz.

Joriy yilda davlatimiz rahbarining farmoniga asosan viloyat kо‘z kasalliklari shifoxonasi mikroxirurgiya bо‘limi shifokori Baxtiyor Tо‘rayevning II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali direktori Xurshid Fozilov hamda Shahrisabz shahridagi “Oila va nikoh diagnostika markazi” xususiy klinikasi bosh shifokori Olimjon Rо‘zmatovning “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishi vohamiz tibbiyot xodimlarining mehnatiga munosib rag‘bat bо‘ldi. 

 

Qadrli dо‘stlar!

Mamlakatimizda aholiga jahon andozalari darajasida, yuqori tibbiy texnologiyalar vositasida tibbiy xizmat kо‘rsatishning barcha bо‘g‘inini qamrab oluvchi mukammal tizim yaratildi. Natijada aholining о‘rtacha umr kо‘rish kо‘rsatkichi uzaydi.

Shu о‘rinda alohida ta’kidlamoqchi edim, har qanday mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini kо‘rsatuvchi jihatlardan biri bu aholining о‘rtacha yashash darajasi hisoblanadi. О‘rtacha yashash darajasi dunyoda 71 yilni tashkil qiladi. E’tibor bering -  bu kо‘rsatkich О‘zbekistonda 73,8 yoshni tashkil qilib, bu borada О‘rta Osiyoda yetakchilik qilmoqda.

(Ma’lumot uchun: Bu kо‘rsatkich Yaponiyada 84,6 yoshni, Isroilda 82,3, AQShda 79,8, Rossiyada 72,7, Tojikistonda 73,7, Turkmanistonda 70,4 yilni tashkil qiladi.)

 

Albatta, juda kо‘plab omillar qatori sog‘liqni saqlash sohasidagi islohatlar va Siz – jonkuyar, о‘z ishining fidoyi insonlari tufayli shu natijalarga erishdik.

Ishonamizki, muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan keng kо‘lamli islohatlar, ezgu ishlar bardavomligida bundan ham yuqori natijalarga erishamiz.

 Qadrli dо‘stlar!

Har qanday davlatning kuch-qud­rati, salohiyati fuqarolarning jismoniy va aqliy barkamolligiga, salomatligiga bevosita bog‘liq. Inson salomatligi nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti xulosalariga kо‘ra, salomatlik  va uzoq umr kо‘rishning 50-55 foizi  bevosita insonning sog‘lom turmush tarziga bog‘liq.

Demak, uzoq va salomat yashashning asosiy sharti — tibbiy madaniyat va sog‘lom turmush tarziga rioya etish ekan, bu borada Sizlarning  kо‘maklaringiz yanada muhimdir.

Aholi, ayniqsa yoshlar о‘rtasida  sanitariya-gigiyena qoidalariga oid tushunchalar berish, zararli odatlarning oldini olish, OIV infeksiyasi va undan himoyalanish, reproduktiv salomatlik, о‘smirlik davrining ruhiyat muammolari, atrof-muhit tozaligining ahamiyatini anglash va jamiyat salomatligini saqlashga qaratilgan zarur kо‘nikmalarni shakllanishida soha bilimdonlari sifatida maslahat va targ‘ibot ishlaringizga ehtiyoj bor. Negaki, ish boshlaganimdan buyon kо‘plab mahallalarda, xonadonlarda, ta’lim muassasalarida bо‘ldim.  Afsuski, hali bu borada hali qiladigan ishlarimiz  kо‘p .

Sog‘lom turmush tarziga rioya qilgan, tibbiy madaniyati yuksak kishilarning umri uzoq, о‘zi  turli xastalik­lardan yiroq bо‘ladi. Tibbiyot xodimlarining bu boradagi say-harakatlari jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish, inson manfaatlarini mustahkamlash va el salomatligini muhofazalashda, ayniqsa,   har bir insonning о‘z salomatligiga bо‘lgan mas’uliyatini yanada kuchaytirishda  asosiy omil bо‘ladi, degan umiddamiz.

Qadrli tibbiyot xodimlari!

 Sog‘lom inson – har qanday  jamiyatning  bebaho boyligidir. Inson sog‘lom bо‘lgandagina boshqalarga naf keltira oladi, ezgu ishlarga qodir bо‘ladi. Demak, katta maqsadlar sari olg‘a borayotgan har qanday jamiyat  millat salomatligini asrashga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga jiddiy e’tibor qaratadi.            

Xalqimizning salomatligini saqlashdek, о‘ta mas’uliyatli va sharafli ishda Sizlarning kasbiy mahoratingiz, bilim va tajribangiz, insoniylik fazilatlaringizga ishonamiz va fidokorona mehnatlaringizni qadrlaymiz.

Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor qizg‘in tabriklar ekanman, mashaqqatli va sharafli mehnatlaringizda ulkan zafarlar, mustahkam sog‘liq, oilalaringizga totuvlik, ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

E’tiborlaringiz uchun tashakkur!



  • Telefon: (71) 200-55-05, (75) 221-07-60

  • Pochta indeksi: 180100

  • Faks: (75) 221-13-40

  • Elektron pochta: info@qashqadaryo.uz

  • Manzil: Qashqadaryo viloyati,
    Qarshi shahri, Mustaqillik maydoni,1

  • Yaqin jamoat transport to`xtash joylari Milliy bank va Mustaqillik maydoni bekati avtomashrut: 1,4,5,7,10,18,20,22,23,27,37,44,462,11,21,37,33