Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Toirovich Mirzayevning 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga

BAYRAM TABRIGI

Qadrli, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar, jurnalist va blogerlar!

Barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan muborakbod etaman. Sizga o‘zimning samimiy hurmatimni bildirib, mashaqqatli va sharafli kasbingiz ortidan hamisha eʼzoz topishingizni tilab qolaman.

Keyingi yillarda, mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarilayotgan bir paytda, matbuot va ommaviy axborot vositalarining faoliyati nihoyatda ahamiyatli ekani tobora o‘z isbotini topmoqda. So‘z erkinligi, oshkoralik, ochiqlik – olib borilayotgan ishlarning bosh mezoniga aylangan. Xalq bilan muloqot qilish, yechimini kutayotgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish ishida – soha vakillarining qanchalik xolis, haqqoniy yondoshishi jamoatchilik fikrini shakllantirishning mezoni bo‘layotgani sir emas.

Davlatimiz rahbari sizning mehnatingizga baho berar ekan: yangilikka intilib, hayotning qaynoq nuqtalariga kirib boradigan, xolislik va xaqqoniylik, Vatan va xalq manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan olijanob va masʼuliyatli kasb egalari, - deya eʼtirof etadilar. Bu albatta, yuksak ishonch, sharaf va masʼuliyatdir.

Bugun Qashqadaryoda 38 ta gazeta, 4 ta jurnal, 2 ta televideniye, 2 ta radio va 20 ga yaqin rasmiy saytlar faoliyat ko‘rsatadi. Jurnalistika, matbaa va ommaviy axborot vositalarida 250 nafardan ortiq xodimlar, saytlarda 30 nafarga yaqin faol blogerlar mehnat qilishadi.

Muhtaram yurtboshimiz tomonlaridan ilgari surilgan ochiqlik siyosati, so‘z va matbuot erkinligi bois soha o‘zining jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlab oldi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari tezkorlik, xolislik va haqqoniylik prinsiplari asosida xalqimizning ishonchini to‘liq qozongani hech kimga sir emas! O‘zbekiston jurnalistikasi nafaqat respublika, balki dunyo miqyosidagi voqea va hodisalarga munosabat bildirib borishi bilan birga hayotda qiyin ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizning himoyachisi va ko‘makchisiga aylanib ulgurdi.

Albatta, bugungi kun jurnalistikasi yillar davomida orttirilgan tajriba, sohaning zahmatkash insonlari tomonidan yaratilgan maktabga asoslangan holda kamol topgan.

Qashqadaryo jurnalistikasi to‘g‘risida gap ketganda, viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining tamal toshini qo‘ygan, sohaning barcha mashaqqatlarini mardonavor yengib o‘tgan, bugun ham kasbga sadoqati bois tinmay ijod qilayotgan insonlarni faxr bilan tilga olamiz. Shu o‘rinda Husan Temirov, Bo‘ri Norqobilov, Bo‘ritosh Nosirova, Shavkat Sultonov, Mavjuda Rajabova, Yusuf Norov, Baxtiyor Tagirov, Gulbahor Musayeva kabi soha faxriylarining - “Ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirgan holda yoshlarga soha sirlarini o‘rgatib kelayotganini eʼtirof etmoqchimiz. Tajribasi, bilim va mahoratini shogirdlarga o‘rgatayotgani va bizga ko‘makdosh bo‘layotganliklari uchun bunday fidoiy insonlarga  minnatdorchilik bildiramiz.

Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan 2019 yil 27 iyunda imzolangan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror sohada keskin o‘zgarishlarga asos bo‘ldi. So‘nggi bir yil davomida, viloyatda davlat organlari va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan axborot xizmatlari xodimlarining soni 9 nafardan 35 nafarga yetdi. Bugungi kunda har bir tashkilot, korxona va muassasada, hokimliklarda matbuot xizmati yo‘lga qo‘yilganligi sohaga qaratilayotgan eʼtibor so‘zimizning yorqin isbotidir.

Qadrli, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Bugun jamiyatda OAV ning o‘rni va nufuzi oshib borishida sizning zahmatli mehnatingiz, kerak bo‘lsa jasoratingiz beqiyos o‘rin tutishini alohida eʼtirof etmoqchiman.

Hammamizga yaxshi maʼlum, joriy yil sinovli keldi. Pandemiya davrida, xalqimiz boshidan kechayotgan sinovli kunlarda yelkadosh bo‘lib, bemor yonida do‘st, shifokor yonida hamkasb, umidvor boqqan kishilar yonida hammaslak bo‘lib turgan jurnalist va blogerlarni taʼbir joiz bo‘lsa – birodarlar degim keladi.

 O‘z halovatidan kechib, kunu tun xizmat qilayotgan sizdek jonkuyarlarning gohida so‘z, gohida tasvir, ovoz vositasida amalga oshirayotgan mehnatingiz kishilar qalbiga umid bermoqda.

Tashvishlarni tezroq yengib o‘tishda kuch bo‘layapti. Ana shunday jonkuyarlik hamisha olqish olib kelsin. Haqqoniy, xalq dilidagi gapni aytish ishi - doimiy ahdingiz bo‘lsin. Sog‘liq salomatlik, ijodiy yutuqlar va oilangizga fayzu baraka tilab qolaman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin! 

27-06-2020 |
Foto galereya