Shu yilning 29 iyul kuni О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan "Qurol tо‘g‘risida"gi Qonun imzolanib, rasmiy e’lon qilingandan e’tiboran olti oy о‘tgach kuchga kiradigan bо‘ldi. Asosiy maqsad qurol va uning о‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mulkni himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Qanday qurol turlari mavjud?
Hujjatda qurol, qurol muomalasi, sovuq qurol, о‘qotar qurol va qurol egasi kabi sо‘zlarga ta’rif berilgan. Unga kо‘ra, qurollar fuqaroviy, xizmat va jangovar qurol turlariga bо‘linadi. Ov va sport bilan shug‘ullanish uchun hamda о‘zini о‘zi himoya qilish maqsadida foydalanish uchun mо‘ljallangan qurol fuqaroviy qurol hisoblanadi. Unga ov quroli, sport quroli va о‘zini о‘zi himoya qilish quroli kiradi. Gazli qurollar va elektroshok qurilmalari о‘zini о‘zi himoya qilish quroli hisoblanadi. Fuqaroviy о‘qotar qurol qatorasiga о‘q uzishni istisno etishi va о‘qdon sig‘imi о‘n dona patrondan ortiq bо‘lmasligi kerak. Fuqaroviy va xizmat quroli olingan kundan e’tiboran о‘n kunlik muddatda Milliy gvardiya organlarida rо‘yxatdan о‘tkazilishi kerak.
Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari hamda davlat organlari mansabdor shaxslari tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida foydalanish uchun mо‘ljallangan qurol xizmat quroli jumlasiga kiradi. Bu toifaga kiruvchi davlat organlari mansabdor shaxslarining rо‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Qonunda fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning о‘q-dorilari muomalasiga tatbiq etiladigan cheklovlar ham belgilangan.
Ov qurollariga soyli stvolli; silliq stvolli о‘qotar qurol, shu jumladan, soyli qismining uzunligi 140 millimetrdan oshmaydigan; kombinatsiyalangan (soyli stvolli va silliq stvolli), shu jumladan, almashtiriladigan va joylashtiriladigan soyli stvolli о‘qotar qurol; og‘iz qismidagi quvvat 7,5 jouldan yuqori va kalibri 4,5 millimetrdan ortiq bо‘lgan pnevmatik qurol; tig‘li sovuq qurol (ov pichoqlari, ov xanjarchalari va xanjarlar); signal beruvchi qurol kiradi.
Sport quroliga esa soyli stvolli; silliq stvolli о‘qotar qurol; tig‘li sovuq qurol (rapiralar, shpagalar va qilichlar); uloqtiruvchi qurol (kamonlar, arbaletlar va nayzalar); og‘iz qismidagi quvvat 3 jouldan yuqori bо‘lgan pnevmatik qurol; signal beruvchi qurollar kiradi.
О‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xavfsizligi davlat xizmati, О‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat bojxona qо‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining harbiy tuzilmalari qurollantirilgan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mо‘ljallangan qurol jangovar qurol jumlasiga kiradi. Jangovar qurolni va uning о‘q-dorilarini olish, saqlash va ulardan foydalanish faqat maxsus organlar va harbiy tuzilmalar tomonidan amalga oshiriladi. Jangovar qurol va uning о‘q-dorilari muomalasi tartibi О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Qurol va uning о‘q-dorilarini olish huquqiga kimlar ega?
О‘zbekiston Respublikasi hududida qurolni va uning о‘q-dorilarini olish huquqiga quyidagilar ega: maxsus organlar va harbiy tuzilmalar; maxsus xizmat vazifalariga ega yuridik shaxslar; qurol ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; qurolni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; ovchilik va otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar; qurolni kolleksiyalash yoki kо‘rgazmaga qо‘yish bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar; О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari; chet el fuqarolari; О‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi bо‘lmagan shaxslar.
18 yoshga tо‘lgan О‘zbekiston fuqarolari fuqaroviy sport qurolini va о‘zini о‘zi himoya qilish qurolini, 21 yoshga tо‘lgan fuqarolar fuqaroviy ov qurolini olish huquqiga ega.
Ruxsatnoma olish tartibi qanday?
Fuqaroviy qurolni olishga doir ruxsatnoma uchun О‘zbekiston fuqarosi doimiy yashash joyi bо‘yicha Milliy gvardiya organiga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi kerak: ariza, shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport), quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga oid bilimi tekshiruvdan о‘tkazilganligi tо‘g‘risidagi hujjatlar, qurolga egalik qilishga qarshi kо‘rsatmalar mavjud emasligi tо‘g‘risidagi tibbiy xulosa, yig‘im tо‘langanini tasdiqlovchi hujjat, ovchilar jamoat birlashmasi tomonidan berilgan ovchilik guvohnomasi (ov qurolini olish uchun), ovchilar jamoat birlashmasining tavsiyanomasi (soyli stvolli ov о‘qotar qurolini, shuningdek, og‘iz qismidagi quvvat 65 jouldan yuqori va kalibri 9 millimetrdan ortiq bо‘lgan pnevmatik ov qurolini olish uchun); otish sporti sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxs tomonidan berilgan sportchi guvohnomasi (sport qurolini olish uchun).
Milliy gvardiya organlari tomonidan beriladigan 3 oylik ruxsatnomalar asosida fuqaroviy va xizmat quroli olinishi mumkin.
О‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari, fuqarolari, О‘zbekiston hududida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bо‘lmagan shaxslar Milliy gvardiya organlarining ruxsatnomasi asosida fuqaroviy va xizmat qurolini hamda uning о‘q-dorilarini belgilangan tartibda saqlash huquqiga ega. Ularning huquq va majburiyatlari qonunda belgilangan.
Fuqaroviy va xizmat qurolini saqlash hamda olib yurish huquqiga ega bо‘lgan shaxslar zaruriy mudofaa holatida yoki oxirgi zarurat holatida о‘z hayoti va sog‘lig‘ini, boshqa fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini hamda mol-mulkni himoya qilish uchun qurolni qо‘llashi mumkin. Fuqaroviy qurolni ov va sport bilan shug‘ullanish uchun qо‘llash, shuningdek, xizmat qurolini qо‘llash qoidalari О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
О‘zbekiston Respublikasi fuqarosi olgan, uning egaligida turgan soyli stvolli ov о‘qotar qurolining umumiy soni - uchtadan, silliq stvolli о‘qotar qurolning umumiy soni - beshtadan oshmasligi kerak. О‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroviy va xizmat quroli hamda uning о‘q-dorilari muomalasi ustidan davlat nazorati Milliy gvardiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Abdishukur OMONOV,
viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari