Kitob tumanidagi Makrid kengliklari hududida Xitoy davlati korxonasining yuz foizlik sarmoyasi asosida sement ishlab chiqarish zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Zavodning tamal toshi qo‘yilishi marosimida Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev qatnashdi va sement ishlab chiqarish liniyasining ishga tushirilishini tantanali ravishda e’lon qildi.

“Eng zamonaviy  texnologiyalarni olib kelib, o‘zimizga zarur bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bugungi kunning dolzarb  masalalaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, ulkan qurilish ishlari jadallik bilan davom etayotgan yurtimiz  uchun bu zavodning bunyod etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Sement qimmat qurilish xom ashyosi bo‘lib, ushbu yirik zavodda  birinchi darajali texnologiya va ma’lum miqdorda kam sarf-xarajat evaziga tayyorlanadigan ko‘p miqdorda sement sifatli hamda nisbatan arzon  ishlab chiqarilishi bilan ham ahamiyatlidir”, dedi o‘z so‘zida viloyat hokimi.

Zavod bosh direktorining o‘rinbosari Zhao Weiqang, O‘zbekiston-Xitoy Savdo Palatasi Bosh kotibi Iiuyu va boshqa bir qancha mehmonlar ham so‘zga chiqib, iqtisodiy rivojlantirish yo‘lida hamkorlikda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli xayrli ishlarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Shundan so‘ng taklif etilgan nufuzli  mehmonlar ramziy tamal toshi qo‘yilishi  amalini bajarishdi.

Bir kunda 3200 tonna, bir yilda  1 500 000 tonna klinker va sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lagan ushbu zavodga xitoylik  ishbilarmonlar tomonidan qariyb 200 million AQSH dollarilik sarmoya kiritildi. Sement zavodi  qurib bitkazilib ishga tushsa 500 nafar kishi ish bilan band bo‘lib, qurilish bunyodkorlik ishlari uchun yuqori sifatli sement yetkazib  berilishga erishiladi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu zavod O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida sement zavodini qurishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qarori asosida bunyod etildi.

Qashqadaryo viloyat hokimligi Axborot xizmati.

21-10-2019 |
Foto galereya