O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatorlari A.Irkayev va X.Fozilovga fuqarolar hamda ijtimoiy soha obyektlaridan ularga yetkazib berilayotgan ko‘mirning juda past sifati yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tusha boshlagan.

Shikoyatlar ortidan senatorlar va tegishli mutaxassislardan iborat 14 nafar vakil tomonidan “Qashqadaryo ko‘mir yetkazuvchi” filiali va ko‘mir omborlarida o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlar yakunida “O‘zbekko‘mir” AJga senatorlik so‘rovi yuborildi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekko‘mir” AJ o‘z monopol mavqecidan foydalangan holda yetkazib berilayotgan ko‘mir sifatiga o‘ziga xos standartlar o‘rnatib olgan. Viloyatning ko‘mir omborlariga keltirilayotgan BR-2 markadagi qattiq yoqilg‘ining 50 foizi ko‘mir kukunidan iborat. 

Haddan tashqari namlik natijasida tashish, yuklash, tushirish, yetkazib beruvchidan oxirgi isteʼmolchiga qadar kamida ko‘mirning sifati uch barobarga pastlamoqda. 

Boz ustiga, ko‘mirning narxi ham qimmat. Bir tonna ko‘mir briketi 412,5 so‘m bo‘lsa, BR-2 markasi 300,3 so‘mdan sotilmoqda.

Senatorlar “O‘zbekko‘mir” AJ tomonidan aholi va ijtimoiy soha muassasalariga sifatli ko‘mir mahsulotlarini yetkazib berilishi yuzasidan yuborilgan so‘rovga javob kutmoqda.

Maʼlumot uchun, viloyatda 649 895 ta qattiq yoqilg‘i isteʼmolchilari bo‘lib, shundan 629 189 tasi aholi, 23 706 ta byudjet tashkilotlaridir. Ayni vaqtgacha Angren ko‘mir konidan 8 003 tonna ko‘mir mahsulotlari 2623 tonna BR-2 markali va 5380 tonna BOMSSH (briket ishlab chiqarish uchun xom ashyo) keltirilgan.

03-09-2020 |
Foto galereya