Qarshi shahrida “Yuksalish” umummilliy harakati, viloyat hokimligi huzuridagi jamoatchilik kengashi hamda shahar hokimligi hamkorligida ushbu mavzuda birinchi jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Jamoatchilik eshituvida suv resurslaridan barqaror foydalanish muammolari, shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish holati va bu borada ahvolni yaxshilash bo‘yicha davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
“Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Qarshi shahri ichimlik suvi tizimini rekonstruksiya qilishga 16,5 milliard so‘m ajratilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan shahar hududida har xil o‘lchamdagi 7,9 km uzunlikdagi ichimlik suvi quvuri tarmoqlari qurilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda loyiha doirasida obyektlarda qurilish ishlari boshlangan. Loyiha amalga oshirilishi natijasida Qarshi shahrining Paxtazor, 4,5,6,7-sonli mitti tumanlarida aholini ichimlik suvi bilan uzluksiz taʼminlash imkonini beradi”, - deyildi Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i Valisher Haydarovning taqdimotida.
Eshituv so‘nggida Qarshi shahar aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishini yaxshilash yuzasidan jamoatchilik kengashi aʼzolari tomonidan bir qator takliflar bildirildi.
U.Jabborov,
Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari