Viloyatimizda paxta terimi 15 sentyabrdan boshlanishi haqida xabar berilgan edi. Ayni damlarda mavsumga tayyorgarlik ishlari yakunlanish arafasida.

Qashqadaryo viloyatida mazkur yilda 135,9 ming gektar yer maydonida 9 ta klaster va 2 ta kooperatsiyalar hamda 5557 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan paxta yetishtirilmoqda. Bu yili 400 ming tonnadan ziyodroq hosil olish rejalashtirilgan.

Viloyatda 40 dona zamonaviy terim mashinasi mavjud. Tolani tashishda qatnashadigan 2414 dona traktor va 3416 dona tirkamalar “Agroservis MTP” MCHJ ustaxonalariga to‘liq yig‘ilib, tayyor holatga keltirildi.

Paxta yig‘im-terimiga mavsumdan avval puxta tayyorgarlik ko‘rish ishlari avjida. Terimni uyushqoqlik bilan tashkil etishga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 140 nafar xodim jalb qilindi.

Bundan tashqari o‘rtacha 100-110 nafar terimchilarga bittadan, jami 3825 ta terim otryadi tashkil qilindi.

Otryad rahbarligiga mahallada faol bo‘lgan, odamlarni ortidan ergashtira oladigan, xalq ichida obro‘si bor ishsiz fuqarolar tanlab olindi.

Viloyat sektor rahbarlari bilan birgalikda har bir tumanda otryad rahbarlari bilan otryadlarni shakllantirish, terimchilarga sharoitlar yaratish, terim mashina, tirkamalar, yotoq joy, paxta tozalash zavod va qabul qilish maskanlarining mavsumga shayligi yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Terim otryadlari rahbarlari bilan klaster korxonalari, otryad rahbari bilan terimchilar o‘rtasida shartnoma tuzish ishlari yakunlandi.

Shuningdek, paxtani qabul qilishda 10 ta paxta tozalash zavodi va 50 ta maskanlar mavsumga tayyorgarligi ishchi guruh tomonidan o‘rganildi, kamchiliklar joyida bartaraf qilindi.


Elyor Xasanov

Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi bosh mutaxassisi

12-09-2020 |
Foto galereya