Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining VI chaqiriq 4-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Masofa saqlangan holda videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari va mas’ullar ishtirok etdi.

Kun tartibida belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida respublikamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ishlash hajmini ikki barobarga oshirish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, viloyat mahalliy byudjetining yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘larini yo‘naltirish hamda boshqa masalalar sessiya ishida muhokama qilindi.

Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari - viloyat iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘.Butayev va viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O.Boymirovning hisoboti tinglandi.

Joriy yilning 14 aprel kuni o‘tkazilgan videoselektorda muhtaram Yurtboshimiz tomonidan respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash hajmini ikki baravarga oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, mahalliy hokimliklar hamda sektor rahbarlariga har bir mahalla kesimida aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini aniqlash va ularni ehtiyojini qoplash maqsadida dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, hududlarda chorvachilik, parrandachilik asalarichilik, baliqchilik kabi boshqa bir qancha yo‘nalishlar bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish va uni ijrosini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni to‘la qondirish, shuningdek, iste’moldan ortganini respublika ichki bozorlariga, qayta ishlash korxonalariga hamda eksportga yo‘naltirish masalasiga e’tibor qaratildi hamda mahsulotlar yetishtirishning aniq hajmlari qishloq xo‘jaligi korxonalari, dehqon va aholi tomorqa xo‘jaliklari kesimida belgilab olindi.

Sessiyada viloyat mahalliy byudjetining 2020 yilda shakllanishi kutilayotgan qo‘shimcha manbalaridan maqsadli foydalanish to‘g‘risida viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovning axboroti tinglanib, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari tomonidan bildirilgan takliflar, fikr va mulohazalardan kelib chiqgan holda viloyat hokimining “Byudjetda ko‘zda tutilmagan boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarga ajratilgan viloyat mahalliy byudjetining yil boshidagi erkin qoldiq mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risida”gi qarori ma’qullandi.

Yig‘ilishda dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalari yerlaridan samarali foydalanish, aholi tomorqalarida ertachi ekinlarni ekishga ko‘maklashish, bu boradagi  holatni birma-bir o‘rganish masalalarida mahalliy deputatlar ham faol bo‘lishi,  tomorqa qo‘shimcha daromad manbai ekanini tushuntirish, undan unumli foydalanishning yo‘l-yo‘rig‘ini o‘rgatish zarurligi ta’kidlandi.

Ahamiyatlisi, xalq deputatlari  mahalliy Kengashlar deputatlarining deputatlik faoliyatini olib borishi uchun (asosiy ish joyida zaruratga qarab ma’muriyat bilan kelishilgan holda) erkin rejimda ishlashlariga ruxsat berish to‘g‘risida xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.

Shuningdek, sessiya ishida boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Gʻulomov Fayzullo Qurbonovich O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganligi munosabati bilan hamda bergan yozma arizasiga muvofiq uning deputatlik vakolati muddatidan ilgari tugatildi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining qarori qabul qilindi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati

21-04-2020 |
Foto galereya