Bugun, 17 yanvar kuni Qarshi shahrida joylashgan viloyat teatri binosida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qо‘shma majlisi bо‘lib о‘tdi. Unda viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, faollar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Qо‘shma majlis kun tartibiga bitta – О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga viloyatimizdan Senat a’zolarini saylash tо‘g‘risidagi masala kiritildi.
Dastavval 54-Miroqi saylov okrugidan viloyat Kengashi deputati Islomiddin Abrarov qо‘shma yig‘ilishning raisi etib tasdiqlandi.
Deputatlar kun tartibidagi masala yuzasidan qо‘shma majlis ishini ishini olib borish uchun ishchi hay’ati, tushgan takliflarni hisobga olish va qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirish uchun majlis kotibiyati, Oliy Majlisi Senati a’zoligiga nomzodlar kо‘rsatish bо‘yicha Maslahat kengashi, yashirin ovoz berishni о‘tkazish va uning natijalarini aniqlash uchun Sanoq komissiyasi a’zolarini sayladilar.
Ochiq ovoz berish orqali maslahat kengashi tomonidan taqdim etilgan olti nafar deputatning nomzodini yopiq yashirin saylov byulleteniga kiritish bо‘yicha qaror qabul qilindi.
Shundan sо‘ng Senat a’zolarini saylovi bо‘lib о‘tdi. Saylovda barcha demokratik talablar asosida har bir ishtirokchining о‘z xohish irodasini erkin ifoda etishi uchun qurilgan kabinalar orqali о‘tilib, byulletenlar saylov qutisiga tashlandi.
Sanoq komissiyasi belgilangan tartibda nomzodlarga berilgan ovozlarni sanab chiqib, natijalarni e’lon qildi.
Saylov natijalariga kо‘ra, quyidagi olti nafar nomzodning barchasi qо‘shma majlisda ishtirok etgan saylovchilarning kо‘pchilik ovozi bilan О‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zoligiga saylandi:
Mirzayev Zoyir Toirovich - Qashqadaryo viloyati hokimi;
Irkayev Abduraxim Pandjiyevich - Qarshi davlat universiteti milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari kafedrasi dotsenti;
Shamsiyev Shermat Jо‘raqulovich - “Muborak gazni qayta ishlash zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori;
Kurbanov Ilxam Uzakovich - “Amu-Qashqadaryo” ITXB boshlig‘i;
Fozilov Xurshid G‘ayratovich - Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi Qarshi filiali direktori;
Eshmatova Feruza Farxodovna - Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo masalalari Qо‘mitasi raisi о‘rinbosari.
Viloyat hokimligi axborot xizmati.