Qishloq xo'jaligining ustivor yo'nalishlaridan biri bu - qorako'lchilik sohasi bo'lib, uni rivojlantirishga, sohaga yangicha yondashib, chet el tajribalaridan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Qashqadaryo viloyatida ham sezilarli ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Viloyat bo'yicha 620 ming gektar yaylovlar qorako'lchilik subyektlariga ajratilgan bo'lib, ular tog‘ oldi, adir va qumli cho'l yaylovlaridan iborat.

Viloyat "Qorako'l” uyushmasi tarkibidagi 100 dan ortiq qorako'lchilik subyektlarida joriy yil boshi holatiga ko'ra 215 ming bosh qorako'l qo'y va echkilar parvarishlanmoqda. Barcha sohalardagi kabi qorako'lchilikda ham bugungi kunda zamon bilan hamnafaslik, yangicha yondashuv talab etilmokda, bu esa soha taraqqiyotiga hissa qo'shishi tabiiy. Shu asnoda qorako'lchilik naslchilik ilmiy stansiyalari tashkil etilib unga qorako'lchilik cho'l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti olimlari ham jalb qilindi.

Soha vakillari va olimlar hamkorligida 1 ming 600 boshdan iborat 5 ta seleksion otarlar Afg‘on qorako'l qo'chqorlari bilan sun’iy urug‘lantirish natijasida ularning naslini ilmiy asosda ko'paytirish ishlari samarali yo'lga qo'yildi. G‘uzor tumanidagi "Qorako'lchilik ilmiy naslchilik tajriba stansiyasi” da Respublika Qorako'lchilik va cho'l ekologiyasi ilmiy tadqiqot instituti olimlari va soha vakillari ishtirokida tashkil etilgan o'quv kurslarida ham qorako'lchilikda naslni yaxshilash, sifatli qorako'lchilik mahsulotlari yetishtirishni yo'lga qo'yish, sohani yanada rivojlantirish va takomillashtirish, yangi ilmiy amaliyotlar o'tkazish to'g‘risida ma’ruzalar tinglandi hamda viloyatda bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishilib tajriba almashildi.

05-03-2020 |
Foto galereya