O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilish ijrosi Qashqadaryoda boshlab yuborildi.

Viloyat hokimining "Viloyatda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va faolligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qarori bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosarlari hokimlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlariga ko‘ra, hokim o‘rinbosari maqomiga ega bo‘ldi.

Bugun viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida xizmat avtomashinalarini o‘z egalariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tuman va shahar hokimi maslahatchilariga “Nexia-3” va viloyat hokimining maslahatchisi Komila Karomovaga “Tracker” avtomashinalari topshirildi.

- Endi yaratilgan sharoitga qarab, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, "Eng chekka qishloqlardagi xotin-qizlarning ham xonadonlariga kirib borib, ularning jamiyatdagi roli oshirish, kasb-hunarli qilish orqali yashash sharoitlarini yaxshilash kerak", - dedi Zoyir Mirzayev. - Maslahatchilar uchun hokimlik binolarida zamonaviy xizmat xonalari, qo‘shimcha yordamchi xodim va faoliyati uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilgani, ayniqsa, o‘rinbosar maqomida ish olib borishi xotin-qizlarimiz muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga zamin yaratadi, deb o‘ylayman.

Maʼlumot o‘rnida, viloyat aholisini 49,4 foizi (1630,2 ming nafari)ni ayollar tashkil etadi.

So‘ngi yillarda jamiyatda ayollarni ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tengligini taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2960 nafar ayollarimiz turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida, shundan 4 nafari Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida, 1 nafari Senatda, 19 nafari Xalq deputatlari viloyat Kengashiga hamda 103 nafari tuman (shahar) Kengashlarida deputat sifatida faoliyat olib bormoqdalar.

12-10-2020 |
Foto galereya