Qadrli yoshlar!
Aziz shogirdlar!
Bugun butun dunyoda kechayotgan tashvishli voqealar hammamizga yaxshi ma’lum. COVID-19 – koronavirus nomli pandemiya bizning yurtimizga ham kirib kelib, katta shijoat bilan olib borilayotgan tinch bunyodkorlik ishlarimiz maromiga jiddiy ta’sir kо‘rsatmoqda. Butun insoniyat uchun, jumladan, bizning xalqimiz uchun ham sabr, matonat va birdamlik sinovi davri boshlandi. Mamlakatimizda bu sinov davridan muvaffaqiyatli о‘tib olish uchun barcha chora-tadbirlar kо‘rilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari muhtaram Prezidentimiz SH.M.Mirziyoyev tomonidan koronavirus keltirib chiqarayotgan muammolarni bartaraf etish, bu jarayondan iloji boricha kam talofat bilan о‘tish bо‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Respublika Vazirlar mahkamasining bir qator hujjatlari ishlab chiqilib, ularning ijrosini ta’minlash orqali tahdid solib turgan xavfning oldini olish uchun bor imkoniyatlar ishga solinmoqda. Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzildi, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi hamda pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun jamg‘armaga 10 trillion sо‘m miqdorida mablag‘ yо‘naltirildi. Pandemiyaga qarshi 100 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari, shuningdek, hokimiyatlar, ichki ishlar tizimi, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari jalb etildi. Bu ofatdan xalqimizni asrash uchun karantin e’lon qilindi, barcha ta’lim va diniy muassasalar faoliyati, xalqaro va ichki jamoat transportlari qatnovi tо‘xtatildi, odamlar gavjum bо‘ladigan joylar yopildi, “Ijtimoiy masofa saqlash”, “Uyda qolish” va “Masofadan ishlash” amaliyotlari joriy etilmoqda. Binobarin, kasallikning avj olishiga qarshi ishlar tizimli, baqaror yо‘sinda olib borilmoqda, barcha jarayonlar nazoratga olingan.
Bunday sharoitda vahima qilishga hech qanday asos bо‘lmasa-da, xotirjamlik va loqaydlikka berilishga ham hech kimning haqqi yо‘q. Muhtaram Prezidentimiz murojaatida ta’kidlanganidek, “xavotirga о‘rin yо‘q, deb xotirjam bо‘lish xiyonat hisoblanadi”. Demak, bu jarayonda siz aziz yoshlarimiz zimmasiga ham bir qator vazifalar tushadiki, bularni aslo unutmasligingiz darkor. Zotan, har biringiz Vatan va xalq himoyasi uchun jangohdagi askar kabi hushyor va ogoh bо‘lmog‘ingiz shart! Chunki “daydi о‘q” va “tentiragan virus” birday mohiyat kasb etadi.
Aziz yoshlar! Biz sizning qoningizda Alpomish or-nomusi va pahlavonligi, Farhodning tog‘ni kesib suv chiqargan qudrati, hunari va qat’iyati, Jaloliddin Manguberdining vatanparvarlik yо‘lidagi bukilmas irodasi va mardligi, Sohibqiron bobomiz Amir Temur tadbirkorligi, shijoati va g‘ayrati, Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek va Navoiy kabi ajdodlar ilmu ziyosi, ma’rifati mavjud ekaniga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, sizni sinovli kunlarda hukumatimiz belgilab berayotgan yо‘ldan og‘ishmay sabot kо‘rsatishga chaqiramiz. Bu yо‘lda sizga tavsiyalarimiz quyidagilardan iborat:
Birinchidan, ona Vatanimiz va muhtaram Prezidentimizga sadoqatingizni namoyish etib, koronavirus balosini daf etish bо‘yicha olib borilayotgan davlat siyosati mohiyatini chuqur tushunib yeting. Bu siyosat chin insonparvarlik siyosati. Vaqtinchalik ayrim cheklashlar, turmushingizda ba’zi kamchiliklarni keltirib chiqaruvchi muammolar bо‘lishi mumkin, lekin ularning hammasi о‘tkinchi, xalqning bardavom farog‘ati, tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash uchun qо‘llanayotgan tadbir ekanini siz nafaqat anglab yetishingiz, balki boshqalarga ham tushuntirishingiz kerak. Biz Prezidentimiz va hukumatimiz atrofiga har qachongidan-da jipsroq birlashib ish kо‘rsak, kо‘zlangan maqsadga albatta yetamiz.
Ikkinchidan, sizning sog‘ligingiz yurt boyligining muhim bir qismi ekanini unutmang va shaxsiy gigiyena talablariga qat’iy rioya qiling. Bugun har bir kishi о‘z sog‘ligini о‘zi himoya qilishi ham umumiy ishga qо‘shilayotgan hissadir. Siz karantin davrida о‘zingiz va boshqa oila a’zolarining ham uyda qolishlarini ta’minlashga yordam bering, ya’ni ularning zerikib qolmasliklari uchun har xil oilaviy mashg‘ulotlar rejalarini ishlab chiqing. Bu sizning qо‘lingizdan kelishiga ishonamiz.
Uchinchidan, Vatan ravnaqi, taraqqiyoti uchun siz yurtimiz kelajagini belgilovchi bо‘lajak malakali mutaxassis ekaningizni unutmang. Bugungi kunda respublika televideniyesi va о‘zingiz ta’lim olayotgan qadrdon universitetingiz professor-о‘qituvchilari ijtimoiy tarmoqlar orqali siz о‘zlashtirishingiz lozim fanlardan dastur asosida ma’lumotlar va topshiriqlar tizimini yetkazib berishga harakat qilmoqda. Davlat stipendiyangizni о‘z vaqtida tо‘liq berib borilishini ta’minlamoqda. Siz uyda о‘tirib berilayotgan ma’lumotlarni о‘zlashtirish va olgan bilimingiz bо‘yicha yakuniy nazoratlar topshirib, baho olish imkoniyatiga ega bо‘lmoqdasiz. Bu imkoniyatlardan tо‘liqroq foydalanishga erishing.
Shu о‘rinda sizga bir voqeani eslatishni lozim topamiz. 1665-1666 yillarda Londonda о‘lat tarqaydi. Odamlar orasida ommaviy kasallanish boshlanadi, u tarixga “Londondagi Buyuk о‘lat” nomi bilan kirgan. Buyuk о‘lat davrida London aholisining chorak qismi о‘latdan qirilib ketgan. О‘shanda Isaak Nyuton Kembrijning Trinitiy kollejida 22 yoshli oddiy talaba edi. О‘sha paytda ham hukumat epidemiya tarqalishining oldini olish uchun odamlarning ommaviy yig‘ilishini cheklagan. Kembrij universiteti ham talabalarni uyiga jо‘natgan va talabalar uyida mustaqil о‘qishni davom ettirgan edi. Nyuton bir yil mobaynida karantin tufayli uyida qolib о‘qish, о‘rganish asosida mashhur matematik analiz, optika tо‘g‘risidagi va butun olam tortishish kuchiga doir nazariyalarini yaratgan va u yil olimlar tomonidan “mо‘jizalar yili” deya tan olingan.
Talabalarimiz orasidagi bir necha iqtidorlilar va ijodkorlar bor. Ular ham vaqtni zoye о‘tkazmaydilar, deb umid qilamiz.
Tо‘rtinchidan, imkoniyatdan foydalanib badiiy kitoblarni kо‘proq о‘qish orqali ham ma’naviy olamingizni boyitishga, ham ijodiy tafakkuringizni yuksaltirishga erishing. Chunki har qanday sohada komillikning darajasini ijodiy tafakkur darajasi belgilaydi. Ijodiy tafakkur esa faqat kitobxonlik bilan hosil qilinadi.
Beshinchidan, siz yoshlar katta yoshlilarga qaraganda ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar bilan kо‘proq tanishasiz. Afsuski, aksar holda yoshlar shov-shuvli xabarlarning haqiqatini о‘ylab о‘tirmay, bilib-bilmay targ‘ib qilinishiga qо‘shilib ketadilar. Informatsiyalar aniqligi, axborot gigiyenasi muammosi ham bugun dolzarbdir. Siz esa о‘z ma’naviy bilimlaringiz asosida koronavirus bilan bog‘liq vahima qо‘zg‘ovchi axborotlarning tarqalib ketishiga qarshi kurashing. Siz bunga qodirsiz.
Aziz yoshlar! Siz bizning farzandlarimizsiz. Har qanday ota-ona farzanlari uchun porloq kelajak va nurli istiqbol tilaydi. Shunday ekan, biz ham sizga xuddi shunday tilakdamiz. Ishoning, ertangi kunimiz, albatta nurafshon bо‘ladi! Ona zaminimiz boshiga soya solib turgan hozirgi balo-ofatlar tumani albatta bartaraf qilinadi. Yorug‘ yuz bilan ta’lim dargohlarimizda о‘z faoliyatimizni davom ettiramiz. Ulug‘ orzu-maqsadlarimizga albatta yetamiz. Siz esa bu yо‘lda tolmas kurashchilar bо‘lib matonat kо‘rsatgan yoshlar sifatida qadr topasiz!
B.A.Shoimqulov