Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida 9 iyun – Xalqaro arxivlar kuni va 15 iyun “Arxiv ishi tо‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganligining 9 yilligiga bag‘ishlangan “Respublika yosh arxivchilar forumi” bо‘lib о‘tdi.
Ushbu respublika miqyosidagi yirik anjuman О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “О‘zarxiv” agentligi, viloyat arxiv ishi boshqarmasi, viloyat hokimligi, O`zLiDeP viloyat Kengashi hamda О‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamkorligida tashkil etilib, unda 100 dan ziyod yoshlar, davlat arxivi sohasida faoliyat kо‘rsatayotgan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Forum doirasida dastlab ishtirokchilar uchun kо‘hna va betakror Shahrisabz shahrida joylashgan Oqsaroy majmuasida sayohat uyushtirildi. Shuningdek, mehmonlar “Maqomchilar muzeyi” eksponatlari bilan tanishish bilan barobarida madaniy tadbirda qatnashdi. Ta’kidlash joiz, ishtirokchilarda “Amir Temur muzeyi” eksponatlari ham katta qiziqish uyg‘otdi. “Maqomchilar muzeyi”da tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirokchilar va OAV vakillari “Yosh arxivchilar forumi”dan kо‘zlangan asosiy maqsad va forum dasturi bilan yaqindan tanishtirildi.
- Mazkur anjuman aynan Shahrisabz shahrida tashkilashtirilganligi bejiz emas, - deydi O`zLiDeP Qashqadaryo viloyat Kengashi raisi, viloyat Arxiv ishi boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Tursunov. – Zero arxiv ishi bevosita tarixga bog‘liq. Shunday ekan moziyni eslatib turuvchi kо‘hna va betakror Shahrisabz shahri yosh arxivchilarimizga ham madaniy ham ma’naviy ozuqa berishiga ishonchim komil. Forumdan kо‘zlangan asosiy maqsad esa Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan yoshlarni qо‘llab-quvvatlashga qaratilgan beshta muhim tashabbusni keng targ‘ib qilish, yoshlarimizda tarixni о‘rganishga bо‘lgan intilishni yuksaltirish va shu orqali yoshlarni kitob о‘qishga, yoshlar dunyoqarashining kengayishiga yо‘l ochishdan iborat.
Tadbirning ochilish marosimida О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “О‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.Yusupov yurtimizda barqaror bо‘lgan tinchlik-osoyishtalik, barcha sohalarda erishilayotgan yutuqlar, shu jumladan, davlat arxivi sohasidagi islohotlar, tizim faoliyatini yanada takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida sо‘z yuritdi. Ochilish marosimidan sо‘ng forum ishtirokchilari buyuk Amir Temur haykali poyiga gul qо‘yishdi.
Yosh arxivchilar forumi Shahrisabz Madaniyat saroyi binosida tashkillangan “Bilimdon arxivchilar” intellektual musobaqasi bilan davom etdi. Musobaqa g‘oliblari munosib taqdirlandi.
- Forum katta taasurotlarga boy tarzda о‘tdi, - deydi Jizzax viloyatidan kelgan ishtirokchi Aziza Fayziyeva. – Oqsaroy xaqiqatda kо‘hna va betakror shahar ekan. Tashkilotchilarga katta rahmat, tadbirning eng yodda qolarlik jixati Amir Temur bobomiz haykali qoshida turli vatanni ulug‘lovchi kuylar ostida biz barcha shu yurt farzandlari yelkama yelka turib, yurtimizda yaratilayotgan mana shunaqangi imkoniyatlarni his etganimiz bо‘ldi desam yanglishmayman.
Kunning ikkinchi yarmida forum qatnashchilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Ochiq muloqotda ishtirokchilari о‘zlarining taklif va mulohazalari bilan О‘zarxiv” agentligi bosh direktori U.Yusupov bilan ochiq suhbat uyushtirishdi. Shundan sо‘ng, Shahrisabz shahar madaniyat saroyi katta zalida “Elektron xujjatlarni shakllantirilish, jamlash, hisobini olib borish, saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanishni tashkil etish” mavzusidagi Konferensiya tashkil etildi. Tadbirda sо‘z olgan “О‘zarxiv” agentligi bо‘lim boshlig‘i A.Aliyev xujjatsiz tarix, tarixsiz davlat bо‘lmasligini ta’kidlab, yosh arxivchilar oldida turgan katta ma’suliyatni his etgan tarzda faoliyat yuritishlarini aytib о‘tdi.
Anjuman sо‘nggida Konferensiya va forumda faol ishtirok etgan yosh arxivchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimligi axborot xizmati