Qashqadaryo viloyati pillakorlari bugungi kungacha qariyib 2000 tonna «kumush tola» tayyorlab, shartnoma majburiyatini  bajardi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

-  Bu yil ilk mavsumda viloyatda barcha zvenolar tomonidan 35 ming 500 quti ipak qurti parvarishlandi, - deydi viloyat "Agropilla" MCHJ rahbari Rajabali Meyliyev. – Ipak qurti boqish hadisini puxta о‘zlashtirgan voha pillakorlarining bu muvaffaqiyatiga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tarmoqda olib borilayotgan izchil islohotlar, fermerlarni moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, xarid narxlari oshirilib, mablag‘lar mavsum boshidanoq bо‘nak sifatida berilgani, shuningdek, uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fuqarolar daromad solig‘idan ozod qilinib, bir pilla mavsumi pillachilarga pensiya tayinlashda yillik ish staji sifatida hisoblanayotgani muhim omil bо‘ldi.

Hozirgi kunda ayrim hududlarda pilla hosilini qabul nuqtalariga topshirish jadal davom etayotgan bо‘lsa, bir qator tumanlarda kо‘zda tutilgan reja allaqachon uddalanib, endi xirmonni yanada yuksaltirishga kirishilgan.

Jumladan, 3 ming 825 quti ipak qurti parvarishlagan Kasbi tumani pillakorlari qayta ishlash korxonalariga 210 tonnadan ziyod kumush tola sotib, shartnoma rejasini viloyatda birinchi bо‘lib bajargan bо‘lsa,  viloyat yillik rejani bajarishda ayniqsa, Koson, Mirishkor, G‘uzor, Shahrisabz va  Qamashi tumanlari pillakorlari munosib hissa qо‘shdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati

29-05-2019 |
Foto galereya