Mamlakatimizda bir yо‘la tо‘rtta - "Sarmishsoy", "Termiz", "Qо‘qon" va "Shahrisabz" davlat muzey-qо‘riqxonalari faoliyati yо‘lga qо‘yilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 maydagi qarori aynan shu maqsadda qabul qilingan. Ahamiyatlisi, Shahrisabzda tuzilayotgan yangi muassasa viloyatimizdagi ilk muzey-qо‘riqxona hisoblanadi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, "Shahrisabz" davlat muzey-qо‘riqxonasi Amir Temur nomidagi Shahrisabz shahar moddiy madaniyat tarixi muzeyi negizida tashkil etilmoqda. U ikki oy muddatda yuqori malakali, tashabbuskor, muzeylar hamda madaniy meros masalalari bо‘yicha zarur bilim va tajribaga ega kadrlar bilan ta’minlanishi zarur. Madaniyat vazirligi zimmasiga viloyat hokimligi bilan birgalikda  bu boradagi topshiriqni  bajarish yuklatilgan. 

Qolaversa, qarorga asosan ushbu muzey-qо‘riqxonaga moddiy madaniy merosning bir qancha kо‘chmas mulk obyektlari "nol" ijara stavkasi bо‘yicha biriktirilmoqda. Jumladan, uning qaroviga Shahrisabz shahridagi 7 ta tarixiy obida va yodgorlik о‘tkazilmoqda. Chubin madrasasi, Shahrisabz shahrining tarixiy qal’asi, Chorsu savdo gumbazi shular sirasiga kiradi. Shahrisabz tarixiy maydonidagi Malik Ajdar va Kunchiqar masjidlari, qadimgi hammom arxeologik topilmasi hamda Abdushukur Og‘olik masjidining masjid binosi yangi muassasa tasarrufiga topshirilmoqda. Bu obyektlar mulkdori Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi sanaladi.

Qarorda keltirilishicha, bu chora-tadbirlar tegishli moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, atrofidagi tarixiy muhit bilan birga asrash va ulardan oqilona foydalanish maqsadida amalga oshirilmoqda.

MIRJAHON

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya