Sir emas, aholimiz ayrim kasalliklarni davolash uchun va murakkab operatsiyalarga ehtiyoj sabab chet el klinikalariga, ayniqsa, hind tibbiyotiga murojaat qilishga majbur bо‘lishadi.

Bu vaziyatni inobatga olgan holda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida 20 dan ortiq davlatdan taklif etilgan 30 dan ziyod xorijiy investorlar ishtirokida о‘tkazilayotgan xalqaro biznes forum davomida mamlakatimizga hindistonlik yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish amaliyotini yо‘lga qо‘yish bо‘yicha ham muzokaralar olib borildi.

Keyinchalik viloyat hokimligi majlislar zalida ham Hindiston Respublikasining “Xalqaro biznes palatasi” rahbari Janob Manpret Singx Nagi va viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyevlar ishtirokida kelishuv muzokaralari bо‘lib о‘tdi.

- Bizning yurtimiz dorivor giyohlarga boy hudud, - dedi viloyat hokimi. – Ayniqsa, tog‘li hududlarimizda kо‘plab dorivor va foydali о‘simliklarni kuzatish mumkin. Keling, xalqimizni ehtiyoji va yurtimizning boy tabiatini xisobga olib, nomdor klinikalaringiz filiallarini shu yerda ochaylik. Shuningdek, viloyatimizda dori-darmon ishlab chiqarish va hind maktablarini ochish bо‘yicha ham muzokaralar olib borish uchun biz ham Hindistonga borish niyatidamiz.

Viloyat hokimi tomonidan bildirilgan takliflar ham janob Manpret Singx Nagiga ma’qul keldi. Yurtimiz imkoniyatlarini о‘rganish ishlarini olib borish maqsadida shu oy oxirida 20 kishilik delegatsiya bilan viloyatimizga tashrif buyurishini ta’kidladi. Dorivor giyohlar ishlab chiqarish va qadoqlash yо‘nalishi bо‘yicha ikki tomonlama alohida loyiha ishlab chiqish va rivojlantirish maqsadi borligini ham yashirib о‘tirmadi.

Shuningdek, sanoatni jadal rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va innovatsion ishlanmalarni amaliyotda keng qо‘llash sohalarida ikki tomonlama kelishuvlar imzolandi.

Ma’lumot о‘rnida, Shahrisabz shahri ham joriy yilning 27-28 sentabr kunlari xorijiy investorlar bilan mahalliy tadbirkorlar о‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, viloyatning investitsiya salohiyatini targ‘ib qilish hamda biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar va imtiyozlar bilan tanishtirish maqsadida о‘tkazilayotgan xalqaro biznes forumga mezbonlik qiladi.

Ahror SODIQOV, Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.

09-09-2019 |
Foto galereya