Endilikda viloyatdagi boquvchisini yо‘qotgan va yaqinlari qaramog‘ida yashayotgan yoshlarni 4 ta sektor rahbarlari otaliqqa oladi. Bu haqda viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev 29 avgust kuni mustaqillikni 28 yilligi munosabati bilan Shahrisabz shahrida о‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

- Prezidentimiz “Yoshlar bilan teng bо‘lib, ular qalbidagi, yuragidagi о‘y-fikrlar, maqsad-muddaolar, kerak bо‘lsa, ushalmay turgan niyatlari bilan yaqindan tanishishni о‘z faoliyatimning eng muhim jihati deb bilaman”, deya ta’kidlaganliklari ham bejizga emas, - dedi viloyat hokimi. – Shunday ekan, biz rahbarlar ham yoshlarimizning taqdiriga befarq qarash fikridan yiroqmiz. Ayniqsa, boquvchisini yо‘qotgan bolajonlar, yoshlar har tomonlama kо‘makka muhtoj. Ularni sektor rahbarlari otaliqqa olib, ta’lim olishlariga, moddiy va ma’naviy masalalariga kо‘maklashadi.

Uchrashuvda yoshlarni qiziqishlariga qarab sektor rahbarlari va boshqa viloyat tashkiloti rahbarlari о‘z otaliqlariga olishdi.

- Ichki ishlar xodimi bо‘lishni juda orzu qilar edim, - deydi Usmonov Jahongir. – Bugun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i ushbu orzuimni amalga oshishi uchun har tomonlama qо‘llab-quvvatlashini, о‘zim ham a’lo baholarga о‘qib, odobli bola bо‘lishimni ta’kidladilar. О‘rtog‘im Nodir esa, hokim bо‘lmoqchi. Uni viloyat hokimi otaliqqa oldilar.  

Shuningdek, uchrashuv davomida yoshlarga kuz-qish mavsumi uchun maktab formalari ham bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.

Mustaqillik bayrami munosabati bilan ezgu sо‘z, ezgu amal, ezgu ish, ezgu niyatlar ila boshlangan bu xayrli ish hali uzoq davom etib, necha-necha kо‘ngillarga malham bо‘ladi, degan umiddamiz.

Ahror SODIQOV, Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.

Foto: Murodjon Komilov.

 

30-08-2019 |
Foto galereya