Johillarga qarshi ma’rifat bilan kurasha olishimiz, islomning yaratuvchanlik kuchi mohiyatini tushunib yetishimiz uchun ham Imom Buxoriy, Marg‘inoniy, Moturidiy, Abu Muin Nasafiy singari allomalarimiz ilmiy merosini anglashimiz kerak.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ruziyev tashabbusi bilan Abu Mansur Moturidiy asos solgan moturidiya aqidaviy mazhabining allomasi Abu Muin Nasafiyning ibratli hayoti va ilmiy merosini chuqur о‘rganish yuzasidan Turkiya Respublikasiga bir guruh ziyolilar safar uyushtirdilar.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan buyuk olim Abu Muin Nasafiy hayoti va merosini о‘rganish yuzasidan ayni vaqtda Turkiya safari davom etmoqda. Anqara universiteti Ilohiyot fakulteti professor-о‘qituvchilari ishtirokidagi davra suhbatida kelgusidagi о‘zaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlash Abu Muin Nasafiy merosidagi bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyatini yoritib berish yuzasidan о‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, allomaning «Tafsirat al-adilla» asarining о‘zbek tilidagi tarjima nashrining taqdimoti ham о‘tkazildi. «Turkiyada Abu Muin Nasafiy asarlari qariyib yuz yildan oshiq vaqtdan buyon о‘rganilgani bizga faxr bag‘ishladi. Qо‘hna Nasafdan yetishib chiqqan buyuk alloma merosiga qiziqish yuqori ekanligi bizni hayratga soldi, dedi О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov, ishonamanki, kelgusida bugungi ilmiy safarimiz  natijalari о‘laroq Abu Muin Nasafiy merosining bugungi kundagi mafkuraviy ahamiyatini yoritish bо‘yicha tadqiqotlarga keng yо‘l ochadi».

Davra suhbatida Anqara universiteti Ali Sha’bon, Sо‘nmes Kutlu, Ismoil Haqqiy kabi professor о‘qituvchilarining fikr mulohazalari tinglandi. Tadbir sо‘nggida universitetning qо‘lyozmalar fondi bilan tanishildi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bо‘lim mudiri Ergash Daminov о‘z fikrlari quyidagicha bildirib о‘tdi: «Mavjud manbalar raqamlashtirilgan, elektron bazasi yaratilgan, qо‘lyozmalardan foydalanishning barcha imkoniyatlari yaratilgan. Menga yoqqani ajdodlarimiz, xususan, Imom Motrudiy va Abu Muin Nasafiy asarlari, ularga bag‘ishlab qilingan tadqiqotlar alohida bо‘limda saqlanadi».Tadbirda О‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi.

Safarning ikkinchi kuni Anqaradagi Turkiya strategik tafakkur institutida «Tafakkur dunyosining me’mori: Abu Muin Nasafiy» degan gо‘zal mavzuda davra suhbati bо‘lib о‘tdi. Davra suhbatida О‘zbekiston tomonidan Respublika ma’naviyat va  ma’rifat markazi bо‘lim mudiri, islomshunos olim Ergash Daminov, О‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti Saidmuxtor Oqilov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bо‘limi rahbari Lola Saodatovalar, Turkiya tomonidan Strategik tafakkur instituti direktori Muhammet Savash Kafkasvali, Turkiyaning Diyonat ishlari sobiq mudiri, о‘zbekistonlik kо‘plab olimlar bо‘yicha tadqiqot ishlarini amalga oshirgan professor Mehmet Gurmesh, Anqara universiteti professori Sо‘nmez Kutlu va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Davra suhbatida ikki mamlakat olimlari tomonidan mazkur mavzu yuzasidan olib borilgan tadqiqotlar bо‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, kelajakda hamkorlikda olib boriladigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.Tadbir sо‘nggidan turk ziyolilaridan iborat bir guruh olimlar qashqadaryocha osh bilan siylandi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida amalga oshirilayotgan Turkiya safaridan maqsad, buyuk bobokalonimiz, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda «bundan ming yil oldin ham jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan alloma” Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borish edi. Bugun delegatsiya a’zolari Turkiyaning ISAM (Islom tadqiqotlar markazi) kutubxonasida bо‘lib, allomaning asarlari, ilmiy tadqiqotlar bilan tanishdilar. Mavjud asarlardan nusxa olish, xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Alloma asarlari ekstremistik g‘oyalarga raddiya hisoblanadi. Ha, Nasafiy bobomiz bundan ming yil avval jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan.

                                                                              Viloyat hokimligi axborot xizmati.

 

23-07-2019 |
Foto galereya