Qarshi shahridagi sobiq viloyat kо‘z kasalliklari shifoxonasi binosi tо‘liq rekonstruksiya qilinib, uning negizida zamonaviy sanatoriya foydalanishga topshirildi. Mahalliy byudjetdan ajratilgan 7 milliard 200 million sо‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan ushbu sihatgoh asosan 4 toifa vakillari - keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sog‘lomlashtirishga mо‘ljallangan.

Mazkur muhim voqea - "Qarshi" sanatoriyasi ochilishi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, uzoq yillik mehnat tajribasiga ega tibbiyot sohasi jonkuyarlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda keksalar va nogironlarning turmush darajasi va sifatini oshirishga e’tibor yuqori. Ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy madad tizimi takomillashtirilgani, tizimli sog‘lomlashtirishni tashkil etish hamda kasalliklarni davolashning zamonaviy usullaridan bahramand bо‘lishi uchun sharoit yaratib berilayotgani fikrimiz isbotidir.

Ayniqsa, Prezidentning 2016 yil 28 dekabrdagi "Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarori qabul qilinishi ham bu masalaga qay darajada ahamiyat qaratilayotgani dalilidir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida shu kungacha kо‘plab ishlar amalga oshirildi.

- Davlat rahbari qarorida bepul tibbiy-ijtimoiy yordam kо‘rsatish tizimi doirasida keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sog‘lomlashtirishni ta’minlash masalasiga alohida urg‘u berilgan, - deydi "Qarshi" sanatoriyasi bosh shifokori Shavkat Mamadiyev. - Ayni shu maqsadda 2017-2019 yillarda respublika bо‘yicha faqat uch hudud - Buxoro, Xorazm viloyatlari, shu jumladan, Qashqadaryoda ham sanatoriya tashkil etish topshirig‘i berilgandi. Bu tashabbus tez fursatda rо‘yobga chiqdi. Muassasa moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 340 million sо‘mdan kо‘p mablag‘ ajratildi. Stomatologiya, ultratovush apparatlari, 14 xil turdagi fizioterapevtik tibbiyot uskunalari olib kelindi. Muassasamizda bir martada 120 nafar kishiga maxsus yо‘llanma asosida bepul xizmat kо‘rsatiladi.

Sanatoriyaning ochilish marosimida   teatrlashgan badiiy qism ham namoyish etildi. Diltortar kuy-qо‘shiqlar, о‘yin-kulgi tadbirga о‘zgacha shukuh qо‘shdi.

M.SHUHRATOV

Sobir Narziyev olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

04-06-2019 |
Foto galereya