Muborak va Koson aholisi ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga sarflanadi

Bu ikki tuman suv ta’minoti og‘ir hududlar sirasiga kiradi. Ahamiyatlisi, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 23 maydagi qarori ichimlik suvi bilan bog‘liq mavjud ahvolni о‘nglashga qaratilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, kelgusida Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin bо‘lgan qishloq aholi punktlarining suv ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshiriladi. Bu borada Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlik qilinadi. Birinchi tashkilot ushbu loyihani moliyalashtirishga 26,6 million, ikkinchisi esa 16,25 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratadi.

О‘z navbatida О‘zbekistonning hissasi soliq va bojxona imtiyozlari kо‘rinishida 8,1 million AQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi kо‘rsatib о‘tilgan. Shu tariqa umumiy qiymati 50,95 million AQSH dollariga baholangan loyiha 5 yillik muddat - 2019-2023 yillarda rо‘yobga chiqarilishi kо‘zda tutilmoqda.

Ta’kidlash joiz, hukumat qarori bilan mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari tasdiqlangan. Ma’lum bо‘lishicha, sarf-xarajatlarning katta qismi qurilish-montaj ishlarini bajarish, buning uchun zarur tovarlar xarid qilishga ketadi. Mashina va mexanizmlar sotib olishga ham salmoqli mablag‘ ajratiladi.

Tegishli chora-tadbirlarning о‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi Muborak va Koson tumanlari aholisi va xо‘jalik yurituvchi subyektlarini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga imkon berishi lozim.

M.SHUHRATOV

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Foto galereya