Qashqadaryo viloyatining 771 mahallasiga malakali bank xodimlari biriktirilib, “mahallabay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatning barcha hududlarida bo‘lgani kabi yangi tizim doirasida Gʻuzor tumanida ham ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ayni vaqtda tumanda yangicha ishlash mexanizmi orqali mahallalarning iqtisodiy va tadbirkorlik salohiyati oshmoqda.

Mahalladagi Abdukarim Avazovga tegishli bo‘lgan bo‘sh turgan mahalla guzari binosida 10 ta loyihaga tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolar biriktirildi. Hozirda 2 ta tikuvchilik syexi, nonvoyxona ishga tushgan. Muhimi, sub’yektlar faoliyatini boshlagandan so‘ng ijara to‘laydi.

Qo‘lidan yaxshigina tikuvchilik keladigan imkoniyati cheklangan Mohigul Xudoyberdiyevaga kichik tikuv syexi uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit hisobiga 5 ta tikuv dastgohi yetkazib berildi. Endi u o‘zi va yana to‘rt nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlaydi.

Nayim Qobilov xonadonida 1,5 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, bodring va limon yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Fuqaroga bank mutaxassislari tomonidan berilgan taklif bo‘yicha 7 million so‘mlik imtiyozli kredit hisobiga tomorqasidagi bo‘sh turgan 1 sotix yer maydonida qo‘shimcha issiqxona qurish ishlari olib borilmoqda.

O‘.BAROTOV, O‘zA.
Foto: M.Komilov

24-02-2021 |
Foto galereya