Prezidentimizning 2018 yil 1 noyabrdagi qaroriga asosan  joriy yilning 10-15 sentabr kunlari Qо‘qonda xalqaro hunarmandchilik festivali о‘tkaziladi. Unda viloyatimizdan 48 nafar xalq amaliy san’ati ustasi ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Ular orasida kasbilik yog‘och о‘ymakori Zubaydulla Sattorov ham bor.

- Festivalga dunyoning 80 ga yaqin mamlakatlaridan usta hunarmandlar kelishi kutilayapti, - deydi hunarmand tayyorgarlik ishlari haqida gapirar ekan. – Demak, о‘z ustimda yanada kо‘proq ishlashim kerak. Bugungi bozor talabi va odamlarning ehtiyoji, didini о‘rganib sovg‘abob mahsulotlarning turini yanada kо‘paytirayapman. Ustoz bо‘lsam-da, shogirdlarimdan maslahat olayapman, ular bilan g‘oyalar almashayapman. Xullas, tayyorgarlik avj pallada.

Hunarmand festivalda о‘zining о‘nga yaqin mahsulotlari bilan qatnashadi. Ular orasida milliylik va zamonaviylikni о‘zida mujassam etgan lavhlar, zeb-ziynatlar saqlash uchun mо‘ljallangan sandiqchalar, turli-tuman suvenirlar borki, ularni kо‘rib kо‘zingiz quvnaydi

- Bunday yirik festival mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayapti va bundan keyin bu tadbir har ikki yilda bir marotaba о‘tkazib boriladi, - deydi “Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bahodir Niyozov. – Uni о‘tkazishdan kо‘zlangan maqsad, unitilayotgan hunarmandchilik qadriyatlarini tiklash, ustoz-shogird ananalarini faol davom ettirish, milliy hunarmandchiligimiz bilan dunyo hamjamiyatini tanishtirishdir. Bugungacha uyushmamizga 2187 nafar hunarmand a’zo bо‘lgan bо‘lsa, ular orasidan faqatgina kuchlilari Qо‘qonga boradi.

Festival kо‘rik-tanlov tarzida bо‘lib о‘tadi. Unga taqdim etilgan Namunalar hakamlar hayati tomonidan hunarmandchilik mahsulotining ananaviy milliy hususiyatlari, о‘ziga xos uslub va maktabga, tarixiy ildizga egaligi hamda о‘z ahamiyatini yо‘qotmaganligi kabi mezonlar asosida baholanadi. G‘oliblar esa 5 ta - “Eng yaxshi hunarmand”, “Eng yosh hunarmand”, “Eng yaxshi hunarmandchilik maktabi ustasi”, “Qadimiy sulola davomchisi” va “Qadimiy hunarmandchilik turini tiklagan hunarmand” nominatsiyalari bо‘yicha taqdirlanadi.

Z.NAZIROVA

                                        Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

03-08-2019 |
Foto galereya