24-25 may kunlari Chiroqchi tumanidagi 1-sonli bolalar va о‘smirlar sport maktabida о‘tkazilgan belbog‘li kurash bо‘yicha О‘zbekiston chempionatida erkaklar "klassik" va "erkin" yо‘nalishida 8 tadan vazn, ayollar faqat "erkin" yо‘nalishida 7 ta vazn toifasida bellashdi.
О‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda О‘zbekiston milliy belbog‘li kurash federatsiyasining yillik taqvim-rejasiga muvofiq tashkil etilgan mazkur mamlakat chempionatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan 300 nafarga yaqin sara polvonlar ishtirok etdi.
Medallar jamg‘arish bо‘yicha birinchilik namanganlik sportchilarga nasib etdi. Ushbu viloyat vakillari beshta oltin, yettita kumush hamda 15 ta bronza medalga ega chiqishgan. Shuningdek, Andijon, Farg‘ona viloyatlari sportchilar ham bu borada yuqori natijalarni qayd etgan.
Musobaqada viloyatimiz kurashchilari atigi 1 ta oltin medalni qо‘lga kiritdi. Unga 52 kilogramm vazn toifasida kurashgan Munisa Alisherova ega chiqqan.
Shuningdek, Filura Ergasheva hamda Iroda Erkayeva о‘z vazn toifalari bо‘yicha kumush medal olishgan bо‘lsa, Musharraf Ibodullayeva, Xurshida Tо‘xliyeva, Maftuna Ergasheva hamda Ozoda Toshmurodova bronza medalni qо‘lga kiritgan.
Erkak kurashchilarimiz faqat bir dona bronza medalni qо‘lga kiritdi. Uni 90 kilogrammgacha vazn toifasida Shuhrat Rahmatov viloyatimiz terma jamoasi hisobiga yozib qо‘ygan.
J.BOYMURODOV
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida