Pokistonning Peshovar shahridagi qadimiy qabristonda dafn etilgan bir marhumga tegishli qabr toshida "Abdulmalik tо‘ra ibn amir Muzaffar ibn amir Nasrullo" ismi sharifi bitilgan qabr sohibining Buxoroi sharifda tavallud topganligi qayd etilgan. Vatanidan uzoqdagi bu shaharga buxorolik bu insonni ne qismatlar yetaklab borgan, taqdirida nimalar kechgan? Bu savol har bir kishini, albatta, о‘yga solishi tabiiy.

О‘tgan zamonlarda yurtimizda hukmdorlik qilgan ajdodlarimiz orasida ota-bola, qarindoshlik munosabatlari silliq kechmagan. Kо‘p hollarda taxt vorisligi, toj-taxt talashish, mansab masalalarida turli janjallar, kelishmovchiliklar bо‘lib turgan. Bunday ixtiloflar u yoki bu tomonning yon bosishi yoxud о‘limi bilan yakunlangani tо‘g‘risidagi misollar tarix kitoblarida kо‘p uchraydi.

1848 yilda tug‘ilib, "Katta tо‘ra" nomi bilan mashhur bо‘lgan Abdulmalik tо‘ra, hokimiyatni ashtarxoniylardan tortib olib, 1776 yildan 1920 yilgacha Buxoro amirligini boshqargan mang‘itlar sulolasining sakkizinchi podshohi amir Muzaffarning tо‘ng‘ich о‘g‘lidir. Ammo ota va о‘g‘il о‘rtasidagi qarama-qarshilik taxtga egalik qilish (u bolaligidanoq taxt valiahdi deb e’lon qilingan edi) bо‘yicha emas, butunlay boshqa masala bо‘yicha yuzaga kelgan edi.

U о‘z mansab lavozimini Karmana begi bо‘lishdan boshladi. Abdulmalik padari buzrukvori chizgan chizig‘idan chiqmas, uning pandu nasihatlariga quloq tutib, amal qilardi, yoshligidan otda yurish, qurol ishlatishni puxta egallagan, harbu zarb ishlarida ham mohir edi.

Abdulmalik yigirma yoshga qadam qо‘yganida 1865 yil may oyi oxirida Toshkentni bosib olgan rus askarlari Buxoro amirligiga qarashli Samarqand shahriga tahdid sola boshladilar. Amir Muzaffar yosh bо‘lsa ham harbiy ishni, lashkarni boshqarishni yaxshi о‘zlashtirib olgan, otasiga sadoqatli farzand Abdulmalik tо‘rani Samarqand mudofaasiga mas’ul qilib tayinladi. U kо‘hna shaharni ruslar tajovuzidan himoya qilish uchun о‘z askarlarida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirdi, istilochilarni yengish uchun puxta, ishonchli tadbirlarni ishlab chiqdi. О‘sha paytda Samarqand hokimi bо‘lib ishlab turgan Sherali Inoq johil va kaltabin odam edi. U Abdulmalik tо‘raning shaharni mudofaa qilishga qaratilgan chora-tadbirlari mohiyatini tushunmadi, shu tufayli yosh lashkarboshi va bek о‘rtasida munosabat keskinlashdi. Sherali Inoq ota-bola orasida nifoq chiqarish uchun amirga Abdulmalik haqida bо‘hton gaplarni yetkazadi, uning asl niyati sizdan hokimiyatni tortib olish, deb amirni qо‘rqitadi. Bunga ishongan amir Muzaffar о‘g‘lidan haqiqatni bilib olmay, unga nisbatan adolatsiz qaror chiqaradi. Abdulmalik tо‘rani Samarqand mudofaasi boshlig‘i lavozimidan chetlatib, G‘uzorga bek qilib yuboradi. Amir va taxt vorisi о‘rtasidagi ziddiyatning ilk sababi shundan boshlanadi.

Amir Muzaffar Samarqand mudofaasini yaxshi tashkil etolmadi, qо‘shinni yagona maqsad yо‘lida birlashtirolmadi, shuning uchun chor askarlari hujumiga dosh bera olmadi. Dastlab CHо‘ponota tepaligida о‘rnashib olgan Buxoro qо‘shinlari 1868 yil may oyida tor-mor etildi, keyin Zirabuloq tepaligida hal qiluvchi jang bо‘lib о‘tdi, bunda ham amir qо‘shinlari mag‘lub bо‘lib, rus qо‘shinlari Samarqand shahriga kirib bordi. Amir Muzaffar о‘z mag‘lubiyatini tan olib, fon Kaufmanning Turkiston general-gubernatorligining yangi chegaralari haqidagi taklifini qabul qilishga majbur bо‘ldi.

Unga muvofiq chor Rossiyasining hududlari hozirgi Samarqand viloyatining Jom qishlog‘igacha davom etadigan bо‘ldi. Jom ruslar uchun muhim strategik ahamiyatga ega joy bо‘lib, Buxoro, Kattaqо‘rg‘on, Samarqand, Qarshi, G‘uzor, Chiroqchi va Shahrisabzdan keladigan yо‘l chorrahasida edi.  Chorizm Jomning muhimligini hisobga olib, uni Turkiston qо‘shinlarining bir qismi turadigan qо‘rg‘onga aylantirdi.

Kaufman 1868 yil 28 iyunda Samarqandda amir Muzaffar bilan Buxoro amirligini Rossiya imperiyasi protektoratiga aylantirgan shartnomani imzoladi. Bundan voqif bо‘lgan Abdulmalik tо‘ra qayg‘uga botdi. Chunki Samarqand amirlikning shimoliy darvozasi bо‘lib, tuzilgan sharmandali shartnoma Buxoro amirligini Rossiya imperiyasi bilan chegaradosh qilib qо‘ygan edi. Bu esa amirlik mustaqilligi, uning sarhadlari daxlsizligiga xavf solishini Abdulmalik tо‘ra yaxshi his qilardi. Samarqand zaminining chorizm tasarrufiga о‘tganligi ozodlikni hamma narsadan ustun qо‘yuvchi jangovar beklar, urug‘ boshliqlari, oqsoqollarni ham tashvishga soldi. Sulh shartnomasiga muvofiq amirlikning qaram о‘lkaga aylanib qolganligi uchun oddiy odamlarda ham norozilik harakatlarini kuchaytirdi. Amir Muzaffarning obrо‘si pasayib, Abulmalik tо‘raning nufuzi oshib ketdi. Kitob begi Jо‘rabek, Shahrisabz begi Bobobek, mang‘it beklaridan  Xudoyor, Ibodullabek tо‘qsoba, Buxoro amirligiga qarashli qator bekliklar boshliqlari uni ozodlik kurashida yо‘lboshchi deb bildi. 1868 yilning  bahoridan boshlab tо‘raning qarorgohi bо‘lmish G‘uzor bekligiga mustaqillik va ozodlik tarafdorlari saf-saf bо‘lib kela boshladilar.

1868 yilning may oyida Abdulmalik tо‘ra katta qо‘shin tо‘plab, Rossiya qо‘shinlari tomonidan egallangan  Samarqandga yurish qildi. Bu vaqtda Samarqand aholisi ham chor bosqinchilariga qarshi bosh kо‘targan edi. 2 iyun kuni ular birgalikda rus qо‘shinlari joylashgan shahar qal’asiga hujum qilishdi. Qamalda  qolgan qо‘shin qо‘mondoni yordam sо‘rab general-gubernator fon Kaufmanga chopar yuboradi. 4-7 iyun kunlari xalq lashkarlari bilan bosqinchi kuchlar о‘rtasida shiddatli janglar bо‘ldi. 8 iyunda qamaldagi chor askarlariga yordam kuchlari yetib kelgach, jang istilochilar foydasiga о‘zgaradi. Natijada xalq himoyachilari Samarqanddan chiqib, tog‘ tomon chekinishga majbur bо‘ladi.

Katta tо‘ra davlat mustaqilligini saqlab qolish uchun о‘z tarafdorlari bilan fidoyilik kо‘rsatayotgan bir paytda amir Muzaffar uni qо‘lga kiritish va jazolash harakatida bо‘ladi, ammo о‘z rejasini amalga oshira olmaydi. Shundan sо‘ng uni tutib berishni Kitob begi Jо‘rabek va Shahrisabz begi Bobobekdan iltimos qiladi. Ammo ulardan shunday javob oladi: "Tо‘ra - janobi oliylarining tо‘ng‘ich о‘g‘li va hukmdorimiz farzandidir. U bu ishlarni amirimizga xayrixoh bо‘lgan, davlat zavoliga yо‘l qо‘ymaslik maqsadida, din bayrog‘ini kо‘tarishga bel bog‘lagan ba’zi olijanob kishilar da’vati bilan qilmoqda... Tо‘ra о‘zini qutqarish uchun bizning hududda maqom topibdur. Odamiylik va oriyatni saqlash vajhidin mehmonning oyoq-qо‘lini bog‘lab, muxolifga topshirish yaramaydir".

Abdulmalik tо‘rani yoqlayotganlar, amirdan esa yuz о‘girayotganlar soni tobora oshib bormoqda edi. Tо‘raning ittifoqchisi Sodiq о‘z guruhi bilan Karmana va Xatirchini egallaydi. Koson, Qarshi, G‘uzor bekliklarida tо‘ra о‘z hokimiyatini tiklaydi. Amirning jiyani Said Abdullaxon ham tо‘ra qо‘shiniga kelib qо‘shiladi. Amirlik mahkamasida xizmat qiluvchi bir qancha kishilar Abdulmalik tomoniga о‘tib ketadi. Abdulmalik tо‘ra 1868 yil iyul-avgust oylarida amirlik hududida xalq tan olgan yagona kurashchi rahbarga aylanadi. Buxorolik tarixchi Mirza Abdulazim Somiy ta’biri bilan aytganda, amirning "yolg‘iz Allohdan boshqa suyanchig‘i qolmagan edi, zero barcha yurak-yurakdan tо‘raga intilayotgan edi".

Manbalarning guvohlik berishicha, Abdulmalik tо‘ra Shahrisabz shahridagi Oqsaroyda Buxoro amiri deb e’lon qilinadi. Qarshi shahri amirlik   markazi etib belgilanadi. 1868 yil sentabr oyida Abdulmalikning tez orada Buxoroni egallashi ayon bо‘lib qoladi.

Abdulmalik tо‘raning ozodlik harakati о‘z taxtidan ajralib qolishdan xavfsirayotgan amir Muzaffardan  tashqari uning ta’siri ruslar qо‘l ostida bо‘lgan yerlarda ham aks-sado berayotgani Turkiston general-gubernatorligini ham tashvishga solmoqda edi. Amir yaqin amaldorlari bilan  maslahat-mashvarat о‘tkazib, general-gubernatordan Abdulmalik tо‘ra va uning atrofida tо‘plangan istiqlol kuchlarini yо‘q qilishda yordam kо‘rsatishni sо‘rab murojaat qilishga qaror qilinadi.  Amir murojaatidan sо‘ng Zarafshon okrugi boshlig‘i, general Abramov rus harbiylarini Jomga yig‘a boshlaydi. Uning maqsadi vatanparvarlarning qarorgohi Qarshi shahriga hujum qilish edi. Nihoyat general Abramov qо‘shini va amir yuborgan Yoqub qushbegi boshchiligidagi otryad Qarshi tomon otlanadi. Abdulmalik tо‘ra bundan voqif bо‘lib, jangga jiddiy tayyorgarlik kо‘ra boshlaydi va umumiy chaqiriq e’lon qiladi. Qashqadaryo bо‘yidagi Chortoq degan joyda istehkomlar barpo qilinib, jangga hozirlik kо‘riladi.

1868 yil 21 oktabrda chor qо‘shinlari bilan abdulmalikchilar о‘rtasida hayot-mamot jangi boshlanadi. Sulton Sodiq, Jо‘rabek, Bobobek va boshqa lashkarboshilar Qarshi ostonasidagi jangda sarkardalik mahoratini yana bir bor namoyon etadilar. Chor armiyasi va amir qо‘shini harbiy tayyorgarlik, texnik jihatdan ozodlik kurashchilaridan ustunligi jang davomida yaqqol kо‘zga tashlandi. Shuning uchun 1868 yil 23 oktabrda Qarshidagi qо‘zg‘olonchilar tor-mor etilib, Abramov shaharni egallaydi. Qо‘zg‘olonchilar qattiq jazolanib, uy-joylar va shahar bozori talanadi. Abramov shaharni Yoqub qushbegi qо‘liga topshiradi. Qarshiga kelgan amir Muzaffar Abdulmalik tо‘ra oilasini asirga oladi.

Abdulmalik tо‘ra 200 nafar kishi bilan ona Vatanini tark etadi. Uning keyingi taqdiri qanday bо‘ldi? U oz sonli safdoshlari bilan Xiva xonligida bо‘ladi, undan sо‘ng Afg‘onistonga о‘tadi. 1877 yilgacha Qashqar hokimi xizmatida bо‘ladi. Yoqubbek unga izzat-ikrom kо‘rsatib, qizini tо‘raga nikohlab beradi, 40 ming kishilik qо‘shinga lashkarboshi etib tayinlaydi. Ammo Qashqar Xitoy tomonidan egallangach, tо‘ra Buxoroda hokimiyatni egallash maqsadida ittifoqchi izlab bir qancha musulmon mamlakatlariga yо‘l oladi. Shundan sо‘ng Buyuk Britaniya tasarrufidagi Hindistonga keladi. О‘z niyatlarini amalga oshirish uchun Buyuk Britaniyaga murojaat qiladi. 1886 yil may oyida Kalkuttada turkistonlik muxolif kuchlar vakillari bilan birga ingliz qirolichasining vakili bilan muzokaralar olib boradi. Abdulmalikning say-harakatlariga afg‘on amiri Abdurahmon ham xayrixohligini bildiradi. Ammo turli xil siyosiy va  boshqa sabablarga kо‘ra chet eldan harbiy yordam ololmaydi. Rossiya imperiyasi ma’murlari tо‘raning chet eldagi faoliyati va amirlikda unga xayrixoh bо‘lgan shaxslar ustidan qattiq nazorat о‘rnatadi.

Buxoro amirligini 24 yil boshqargan amir Muzaffar 1885 yilda vafot etgach, uning о‘rniga о‘g‘li Abdulahadxon о‘tiradi. "Abdulahadxon zamonida, - deb yozgan edi Abdurauf Fitrat, - Rossiyaning Buxoroga ta’siri va roli ancha mustahkam bо‘lgan edi. Abdulahadxon qaysi ishni rejalashtirmasin о‘zining himoyachisi bо‘lgan Rossiyaning nufuz va rolini inobatga olishga majbur edi".

Abdulmalik tо‘ra hamma urinishlari zoye ketgani, aziz yurti, tuprog‘i istilochilar, ularning gumashtalariga qolganidan umrining oxirigacha aziyat chekib yashadi. Unga Vatanga qaytish nasib etmadi, chet elda - Pokistonda muqim yashab qoldi. 1909 yil 61 yoshida Peshovar shahrida vafot etdi. Vatan tuyg‘usi, istiqlol umidi uni sо‘nggi kungacha tark etmadi.

- Abdulmalik tо‘ra о‘z davrining farzandi, murakkab siyosiy kurashlar ishtirokchisi edi, - deb yozadi uning  hayoti va faoliyati haqida ilmiy tadqiqotlar olib borgan tarixchi olim Abror Odilov. - Uning Vatan ozodligi yо‘lidagi qahramonliklari, mustaqillik uchun kurashlar tarixining eng yorqin sahifalaridan biridir.

Mо‘min AZIZOV,

tarixchi-jurnalist

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

23-07-2019 |
Foto galereya