Inson avvalo tabiat, sо‘ng jamiyat farzandidir. Ona tabiat farzandlari bekamu-kо‘st, sog‘lom о‘sib-ulg‘ayishi, turmush kechirishi uchun barcha zarur ne’matlarni, vositalarni ham bergan. Faqat inson ularni tafakkur bilan anglab, tо‘g‘ri foydalanishni bilishi kerak. Hayvonlarda bu tug‘ma instinkt sifatida mavjud. Qandaydir mineral yetishmasa, ular kerakli toshlarni, tuzlarni, tabiiy yelimlarni yalaydi. Etxо‘r hayvonlar kerakli о‘simliklarni topib chaynaydi. Hali ongi shakllanmagan gо‘dak, kalsiy yetishmasa, kesak chaynaydi. Lekin inson ongi bilimi о‘sishi natijasida tabiatdan ancha-muncha uzilib, tabiiy instinktlari о‘tmaslashib ketdi.

Inson salomatligi borasidagi kо‘pchilik muammolar, turli-tuman kasalliklarning paydo bо‘lishi uning tabiatdan uzoqlashgani, dorivor о‘simliklarni yetarlicha iste’mol qilmagani, kо‘katlarni, tabiiy mahsulotlarni kimyoviy va sun’iy organik mahsulotlar bilan aralashtirayotgani, notо‘g‘ri ovqatlanishi va kam harakat qilishi oqibatidir. BMT ma’lumotlariga qaraganda, kasalliklarning umumiy miqdor kо‘rsatkichida notо‘g‘ri ovqatlanish va gipodinamiya (kam harakatlanish) tufayli vujudga keladiganlari 70 foizdan ortiq.

Tibbiyot rivojlanishi ilgari odamlarga azob berib kelgan kо‘pchilik kasalliklarni davoladi, ammo sivilizatsiya, zamonaviy ishlab chiqarish va iste’mol, turmush tarzi yangilarini tug‘dirdi. Tabiatning о‘zidagi evolyusion jarayonga ham bu ta’sir kо‘rsatdi. Turli mintaqalarda mavjud bо‘lgan mahalliy kasalliklar, endemik bakteriyalar va viruslarning dunyo bо‘ylab tarqalishiga, о‘zaro chatishib yoki о‘zgacha sharoitda mutatsiya bо‘lib yangilarini vujudga keltirdi. Ularning ba’zilari juda katta xavf tug‘dirmoqda, negaki inson organizmida ularga qarshi immunitet yо‘q. Boz ustiga, notо‘g‘ri ovqatlanish, gipodinamiya, noxush ekologik holatlar odamlarning immun tizimi ancha-muncha zaiflashtirgan. Butun dunyoda tarqalgan koronavirus pandemiyasi buni yana bir bor tasdiqladi.

Xо‘sh, biz indamay kutib turaverishimiz kerakmi? Yо‘q, albatta! Turli amaliy choralar kо‘rilyapti, ilmiy-tibbiy izlanishlar olib borilyapti. Erta-sо‘ng karantin tugaydi, pandemiya ortda qoladi. Lekin bizning turmush tarzimiz ilgarigiday davom etmasligi lozim. Shu bois prezidentimiz SH.Mirziyoyev sog‘lom turmush tarzini keng joriy qilish, ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish, xalq tabobatini rivojlantirib ajdodlarimiz asrlar davomida tо‘plagan tajribalaridan foydalanishga alohida ahamiyat bermoqda. Zarur farmonlar, qarorlar qabul qilindi, tashabbuslar olg‘a surildi. Ular qatorida “Yovvoyi holda о‘suvchi dorivor о‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari tо‘g‘risida”gi qarori ham katta ahamiyatga ega. Mazkur hujjat xalq tabobatini rivojlantirishga qaratilgan avvalgi qarorning mantiqiy davomidir. Axir xalq tabobati birinchi galda turli giyohlar yaproqlari, urug‘lari, ildizlari sharbati, malhami, qaynatmasi (damlamalari) dan foydalanadi. Ularni parhez, ya’ni belgilangan о‘ziga xos taomlarni iste’mol qilish, ayrimlarini cheklash, ayrimlarini vaqtinchalik umuman tо‘xtatish bilan tо‘ldiradi.

Mustaqillikdan keyin, chegaralar ochilib, tadbirkorlik rivojlana boshlagach, xorij tabiblari va ishbilarmonlari yurtimizdan suv tekinga qancha dorivor о‘simliklar, xususan kavrak ildizlarini kavlatib, tonnalab olib ketdi. Ahvol shunday davom etaversa, noyob dorivor о‘simliklarimizning ayrimlaridan butunlay ajralib qolardik. Shu sababdan prezident qarorida birinchi navbatda yovvoyi dorivor о‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish vazifasi qо‘yilgan. Qaror ijrosi mamlakatimiz farmatsevtika sanoatini zarur xomashyo bilan ta’minlashni yaxshilash qatorida aholining tibbiy madaniyatini kо‘tarishga ham xizmat qiladi. Prezidentimizning sog‘liqni saqlash, xalq tabobatini rivojlantirish bо‘yicha qabul qilgan farmonlari va qarorlari sohadagi islohotlarni ijtimoiy soha, qishloq xо‘jaligi, ishlab chiqarish sohasidagi islohotlar bilan mushtaraklashtirishdir. Tegishli kadrlar tayyorlash bilan ham bog‘lanib ketadi. Ushbu islohotlarning yana bir asosiy maqsadi mamlakatimzda  yangi raqobat bardosh tibbiyot klasterini yaratib, aholimizga yuqori malakali shifokorlar  tomonidan sifatli tibbiy xizmat kursatish jarayonida О‘zbekistonda ishlab chiqarilgan dori-darmonlar va tibbiy buyumlaridan keng foydalanishdir. Bugungi kunda mahalliy floraga mansub 4,3 mingdan ortiq о‘simliklarning 750 turi dorivor hisoblanib, ulardan 112 turi ilmiy tibbiyotda foydalanish uchun rо‘yxatga olingan, shundan 70 turi farmatsevtika sanoatida faol qо‘llanib kelinmoqda. 2019 yilda 48 million AQSH dollari qiymatidagi qayta ishlangan dorivor о‘simliklardan olingan mahsulotlar eksport qilingan. Shu bilan birga, tahlillar dorivor о‘simliklarni muhofaza qilish, ularning plantatsiyalarini tashkil etish, qayta ishlash orqali qо‘shimcha qiymat zanjirini yaratish zarurligini kо‘rsatmoqda.

Prezidentimizning 2020 yil 10 aprelda dorivor о‘simliklar klasteri tashkil   qilishni belgilash ziroatchilikni diversifikatsiya qilish, dehqonchilikni boyitish uchun yana bir qulay imkoniyatdir. Klasterlarda dorivor о‘simliklarni qayta ishlash natijasida tayer dorilar bilan bir qatorida dorilar uchun zarur substansiyalarni eksport kilish saloxiyatini oshiradi. Dorivor о‘simliklar klasterida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash nafaqat farmatsevtika va farmindustriya, balki iqtisodiyot tarmoqlarimizning mazkur soha bilan uzviy bog‘langan korxonalarning ham jadal rivojlanishiga ta’sir kо‘rsatadi. Va yana muximi bu qaror dorivor о‘simliklar bilan shug‘ulanayotgan tadbirkorlarga yangi loyhalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi.   Qarorga binoan 1 iyun 2020 yildan boshlab tibbiyot muassasalari, shu jumladan, oilaviy poliklinikalar va qishloq (ovul) vrachlik punktlarida, 2020/2021 о‘quv yilidan boshlab maktab va oliy ta’lim muassasalarida, davlat tashkilotlarida fitobarlar tashkil qilinishi zarur.

Qarorda shuningdek 2020/2021 о‘quv yilidan boshlab 2025/2026 о‘quv yiliga qadar о‘rta, о‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimida dorivor о‘simliklarni о‘qitishni о‘quv rejalariga kiritish, Qishloq xо‘jaligi vazirligi, О‘rmon xо‘jaligi davlat qо‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda о‘quv dasturlari, darsliklar va qо‘llanmalarga dorivor о‘simliklar haqida ma’lumotlar kiritilishini о‘quv yili boshlangunga qadar ta’minlash belgilangan.

Kо‘rinib turibdiki Prezidentimizning mazkur qarori ulkan ijtimoiy, madaniy, gumanistik  ahamiyatga ega. U sog‘liqni saqlash tizimini kompleks rivojlantirish qatorida aholining tibbiy savodxonligi, madaniyati о‘sishiga, sog‘lom turmush tarzi mustahkamlanishiga, qishloq xо‘jaligi ziroatchiligi diversifikatsiya qilinishiga, yangi ish о‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Fozilov Xurshid Gayratovich

Irkayev Abduraxim Panjiyevich

17-04-2020 |
Foto galereya