Oliy ta’lim olish mamlakatimiz aksariyat yoshlarining orzusi. Bizdagi oliy ta’lim muassasalari (OTM)ga hujjat topshirgan abituriyentlar о‘rtasida kuzatiladigan keskin raqobat ham shuning yaqqol ifodasi bо‘la oladi. Ularda bunga xohish bor, intilish bor. Shunday ekan, ularni OTMlarga qabul borasidagi tartibu qoidalar va undagi о‘zgarishlardan xabardor qilib borish, ayniqsa navbatdagi hujjat topshirish jarayonlari boshlanishi arafasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xо‘sh, OTMlarga hujjat qabul qilish, test sinovlarida nima о‘zgarishlar bо‘ladi? О‘qishga kirishda kimlar imtiyozga ega?
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi "Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarori bilan abituriyentlardan OTMlarga hujjat qabul qilish va о‘tkaziladigan test sinovlarida bir qator о‘zgarishlar bо‘ldi.
Jumladan, 2019/2020 о‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlar bir marta qatnashadigan imtihoni asosida oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bо‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yо‘nalishiga о‘qishga kirish uchun da’vogarlik qilishi mumkin bо‘ldi. Bunda abituriyent о‘qishga kirish uchun da’vo qilayotgan asosiy OTMni ixtiyoriy tanlab oladi.
Ikkinchidan, 2019/2020 о‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlar test sinovlarini iyul-avgust oylarida topshiradi.
Uchinchidan, 2020/2021 о‘quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bо‘limga ajratiladi. Birinchi bо‘limdan barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bо‘lgan uchta fan - ona-tili, matematika va О‘zbekiston tarixi joy oldi. Ikkinchi bо‘lim asosini esa abituriyent tanlagan bakalavriat ta’lim yо‘nalishiga mos ikkita fan tashkil etadi.
Tо‘rtinchidan, test sinovlari tashkil etilayotgan о‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida tо‘lov undiriladigan bо‘ldi. Bunda joriy yil bitiruvchilari va nogironligi bо‘lgan yoki tо‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar istisno etilishi belgilangan.
Beshinchidan, 2019/2020 о‘quv yili qabulidan boshlab О‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga о‘qishga qabul qilish bо‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriat yо‘nalishlariga о‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki О‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar, ya’ni hujjat topshiradilar. Bu yо‘nalishda abituriyentlarga har yili 15 iyundan 15 iyulga qadar xizmat kо‘rsatiladi.
Oltinchidan, abituriyentning test sinovida tо‘plagan ballari haqidagi ma’lumot test sinovi о‘tkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani bо‘yicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlarini о‘tkazish jarayoni tо‘liq yakunlangandan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Shuningdek, endi bakalavriat ta’lim yо‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini о‘tkazishning aniq muddatlari О‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga о‘qishga qabul qilish bо‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan bо‘ldi.
Xabaringiz bor, О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi tegishli qarori bilan "Oliy ta’lim muassasalariga о‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish bо‘yicha davlat xizmatlarini kо‘rsatishning ma’muriy reglamenti" tasdiqlandi. Mazkur reglament faqat davlat oliy ta’lim muassasalariga nisbatan tatbiq etiladi. U xorijiy, xususiy va harbiy oliy ta’lim muassasalariga, magistraturaga, test sinovlarisiz ijodiy imtihonlar bilan qabul qilinadigan OTM uchun qо‘llanilmaydi.
Unda abituriyent tasdiqlangan shakldagi sо‘rovnomaga tegishli ma’lumotlarni kiritish uchun Davlat xizmatlari markaziga quyidagi hujjatlar asl nusxasini taqdim qilishi belgilandi:
fuqarolik pasporti, fuqarolik pasporti olish yoshiga yetmaganlar tо‘g‘ilganlik haqidagi guvohnoma;
umumiy о‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjat;
О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlarida belgilangan tartibda о‘qishga qabul uchun imtiyozlarga ega bо‘lgan abituriyentlar ushbu huquqni tasdiqlovchi hujjat.
Ana shular asosida davlat xizmatlari markazi xodimi tegishli sо‘rovnomani tо‘ldirib, uning nusxasi bilan birga hujjatlarni abituriyentga qaytaradi.
Abituriyentdan boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Shu о‘rinda bir masalaga aniqlik kiritish zarurati tug‘iladi. Gap shundaki, Prezidentning tegishli qarorida "test sinovlari tashkil etilayotgan о‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida tо‘lov undiriladi" deyiladi. Reglamentda esa davlat xizmati kо‘rsatilgani uchun test sinovlari tashkil etilayotgan о‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan abituriyentlardan eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida tо‘lov undiriladi" degan jumla bor. Masala shuki, ular bir ma’nodami yoki boshqa-boshqa tо‘lov? Shu savol atrofida mantiqan fikrlasak, ular bir xil ma’noda kelayapti va bitta tо‘lov bо‘lib chiqadi, chamamda.
Endi OTMlarga о‘qishga kirishda turli imtiyozlardan foydalanuvchi abituriyentlar haqida ham qisqacha tо‘xtalsak.
О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi tegishli qarori bilan "Oliy ta’lim muassasalariga о‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bо‘lgan abituriyentlar toifasi hamda ularning reyestrini shakllantirish uchun mas’ul bо‘lgan vakolatli organlar rо‘yxati" ham tasdiqlandi. Ushbu organlar tomonidan shakllantiriladigan reyestr asosida:
О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining farzandlari;
xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari bо‘lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablarining bitiruvchilari;
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari;
"Mard о‘g‘lon" davlat mukofoti laureatlari;
"Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" respublika tanlovi, "Hamshira" respublika tanlovi, Badiiy akademiyaning tasviriy san’at bо‘yicha respublika tanlovi g‘oliblari va "Nihol" mukofoti sovrindorlari;
О‘zbekiston yoshlar ittifoqining respublika komissiyasi tomonidan berilgan tavsiyanoma sohiblari (pedagogika ta’lim yо‘nalishlariga);
tо‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar;
О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni о‘tab, harbiy qism qо‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bо‘lgan fuqarolar;
chet tilini bilish darajasi tо‘g‘risida davlat namunasidagi BI va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bо‘lgan abituriyentlar;
harbiy qism qо‘mondonligi va Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga ega bо‘lgan fuqarolar OTMlarga kirishda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda kо‘zda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.
Xulosa shuki, mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’limga qamrab olish kо‘rsatkichlari yildan-yilga ortib borayapti. Oliy ta’lim olish uchun zarur qulayliklar joriy qilinayapti. Yangi oliy о‘quv yurtlari, joylarda yurtimizdagi va xorij OTMlarining filiallari tashkil etilmoqda. Endi barchasi yoshlarning о‘ziga bog‘liq, ular bu imkoniyatlardan unumli foydalanishi kerak, xolos. Binobarin, yoshlikdagi barcha orzu-umidlar ilmu hunar о‘rganish, tinimsiz va samarali mehnat, intilish va kurashlar orqali rо‘yobga chiqadi.
- Kuni kecha internet nashrlarida tarqatilgan ma’lumotlarga kо‘ra hozircha quyidagi OTMlarga hujjatlarni my.gov.uz portali orqali yoki Davlat xizmatlari markazlari yordamida soddalashtirilgan tartibda topishirish imkoni yaratilgan.
- Toshkent davlat yuridik universiteti;
- Qoraqalpoq davlat universiteti;
- Guliston davlat universiteti;
- Farg‘ona davlat universiteti;
- Samarqand davlat universiteti.
Abdishukur OMONOV,
viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida