Assalomu alaykum, hurmatli tantanali yig‘ilish qatnashchilari!

Qadrli dо‘stlar!

Ayni kunlarda mamlakatimiz bо‘ylab, Vatanimiz yangi tarixidagi qutlug‘ sana – О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 27 yilligi keng nishonlanmoqda.

1992 yilning 8 dekabr sanasi о‘zbek davlatchiligi tarixida tub burilish yasagan, ya’ni, taraqqiyotimizning huquqiy kafolati bо‘lmish - О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun sifatida muhrlandi.

Bosh Qomusimiz о‘zbek millatining tarixiy an’analari, huquqiy tafakkuri о‘z aksini topgan. Qariyib 3000 ming yillik tarixga ega “Avesto”, sо‘g‘d hujjatlari, Nizomulmulkning “Siyosatnoma”, Burxoniddin Marg‘inoniyning ”Al-hidoya”si, Sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” kabi tarixiy manbalarga asoslangani, rivojlangan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangani sababli umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni о‘zida mujassam etgan insonparvar hujjat ekanligi bilan betakrordir.

Konstitusiyamizda inson - eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilgan. Aynan 13-moddasida “О‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga kо‘ra, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitusiya va Qonunlar bilan himoya qilinadi” – deb kafolatlangan.

Ayniqsa, keyingi 3 yilda Xalq bilan doimiy muloqotda bо‘lish, odamlarning tashvish-muammolarini hal etish, ularni rozi qilish barcha bug‘indagi boshqaruv idoralari faoliyat mezoniga aylandi.

Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan  “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”- degan prinsipga asoslangan jahon davlatchilik amaliyotida muqobili bо‘lmagan  mutlaqo yangi tizim bir qator davlatlar tomonidan yuksak e’tirof etilmoqda.

Bu yilgi bayram muhim siyosiy jarayon –О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga saylovlar arafasida nishonlanayotgani bilan ahamiyatlidir.

Yangitdan qabul qilingan О‘zbekiston Respublikasining “Saylov kodeksi” bu jarayonni “Yangi О‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik prinsiplariga asoslangan holda о‘tkazilishiga mustahkam zamin bо‘ldi.

Qadrli mehmonlar! Konstitusiyamizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik masalalariga alohida urg‘u berilgan, unda millat, dinlarning teng huquqliligi kafolatlanadi.

Bugun mamlakatimizda 16 ta diniy konfessiyalar va 150 dan ortiq milliy markazlar, viloyatimizda esa 5 ta milliy madaniy markaz, 182 ta islom diniga mansub, 2 ta noislomiy diniy tashkilotlar faoliyat olib borayotgani millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning  davlat siyosati darajasida e’tibor berilayotganligini anglatadi.

Mazkur masalada О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan  2018 yilning 12 dekabrida BMT tomonidan qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik tо‘g‘risidagi” rezolyusiya  terrorizm, ekstremizm, zо‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning о‘tkir muammolari yechimi, turli millat va konfessiyalar о‘rtasida hamkorlik, о‘zaro hurmat va birdamlik muhitini mustahkamlashga asos bо‘lib xizmat qilishiga shak-shubha yо‘q.

Bugungi kunda mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarga keng yо‘l ochish,  tadbirkorlarning mulkiy dahlsizligini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, soliq tizimining isloh qilinishi, ruxsat beruvchi hujjatlarning soddalashtirilishi tadbirkorlik subyektlarini tekshirishga ikki yillik maratoriy e’lon qilingani soha rivojiga keng yо‘l ochdi.

Bu kabi imkoniyatlar natijasida viloyatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning viloyat yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 61 foizdan ortdi. Qishloq xо‘jaligi sohasida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining 90 foizidan oshig‘i fermer xо‘jaliklari hissasiga tо‘g‘ri kelmoqda.

Qadrli vatandoshlar!

Gap Konstitusiya bergan imkoniyatlar tо‘g‘risida ketar ekan, shu о‘rinda yoshlarning iqtidor va intilishlarini qо‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga arzon uy-joylar ajratish, xotin-qizlar uchun munosib ish joylari yaratish tizimlarining joriy qilingani fuqarolarimizning azaliy armonlarini rо‘yobga chiqarish imkonini bermoqda.

Qashqadaryo xalqi azaldan о‘zining mard va tanti о‘g‘lonlari, zaxmatkash dehqonlari, zabardast alloma va ajdodlari bilan о‘z о‘rni va salohiyatiga ega.

Bugungi kunda Amir Temur, Abu Mu’in Nasafiy, Abdulla Oripov kabi ajdodlariga munosib faoliyat yuritayotgan 6 ta oliy ta’lim muassasalaridagi ziyolilar, 1144 ta maktab va 88 kollejlardagi pedagoglarning mehnati samarasi ularoq viloyatda 22 nafar “Zulfiya” mukofoti nomzodlari, 1398 nafar davlat mukofoti sovrindorlari bizning iftixorimizdir.

Tibbiyot sohasida oxirgi 3 yilda ajratilgan 347,6 mlrd. sо‘m hisobiga 76 ta muassasalar ta’mirlandi, 5,5 mln. AQSH dollariga teng tibbiyot uskunalari о‘rnatildi.

Shaxsan Prezidentimiz tashabbuslari bilan fuqarolarimiz salomatligining kafolati bо‘lgan toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga 370 mlrd. sо‘mlik davlat mablag‘lari ajratildi.

Yoshlarning bolalikdan boshlab bekami-kо‘st tarbiya bilan qamrab olish maqsadida о‘tgan 2 yilda viloyatda jami 820 maktabgacha ta’lim muassasalari ishga tushirildi.

Ahamiyatlisi ularning 767 tasi xususiy muassasalardir.

Mazkur tadbir samarasida viloyatda maktabgacha yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalarga qamrovi 2016 yildagi 12 foizdan, 38 foizgacha, ya’ni 3 barobarga oshdi.

Mamlakatimizda yaratib berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib sport sohasida muvaffaqiyatlari bilan kо‘ksimizni g‘ururga tо‘ldirayotgan farzandlarimiz orasida 324 nafar jahon chempionlari, 569 nafar Osiyo va 10 mingdan ortiq Respublika chempionlari borligi barchamizni quvontiradi.

Shuningdek, el dasturxonini tо‘kin qilishga bel bog‘lagan fermerlarimiz tomonidan dastlab pilla, keyinchalik g‘alla rejasi ortig‘i bilan bajarilib, jami 964 ming tonna sara don yetishtirildi.

Meva-sabzavot, gо‘sht, sut, tuxum yetishtirish kо‘rsatkichlari о‘tgan yillarga nisbatan 143 foizga kо‘paydi.

Bu muvaffaqiyatlar zamirida siz  - aziz viloyatimiz faollari va mexnatkashlarining fidokorona mehnatlari borligi inobatga olinib joriy yilda 34 nafar viloyatimiz vakillari vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Fursatdan foydalanib, о‘tib borayotgan yilni muvaffaqiyatli yakunlashga qо‘shgan munosib hissangiz uchun siz aziz faollarga, ziyolilar va ilm-fan fidoyilariga, tadbirkor va fermerlarga, tibbiyot, sanoat, qurilish sohasi vakillariga;

El-yurt tinchligi yо‘lida tunni-kunga ulab, о‘z vazifalarini sharaf bilan uddalayotgan xarbiylarimizga, davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura, ichki ishlar, milliy gvardiya, sud, adliya va soliq idoralari xodimlariga minnatdorchilik bildiramiz.

Bugungi dorilomon kunlar shukronasini qilib, bizga yо‘l-yо‘riq kо‘rsatayotgan, о‘zlarining duolari bilan barchamizga kuv-quvvat va madad berayotgan faxriylarimiz, nuroniy otaxonu-onaxonlarimizga uzoq umr, mustahkam sog‘lik tilaymiz.

Aziz bayram qatnashchilari!

Sizlarni, siz orqali butun viloyatimiz ahlini Qomusimiz qabul qilingan kun bilan samimiy tabriklaymiz.

Barchangizga sog‘lik, salomatlik, ishlaringizga baraka va unum tilaymiz.

Nuroniy otaxonu-onaxonlarimizning ezgu duolari ijobat bо‘lsin. Bugungi farovon hayotimizga kо‘z tegmasin.

Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo,  dasturxonlarimiz tо‘kin bо‘lsin.

E’tiborlaringiz uchun rahmat!

Foto galereya