Korrupsiya - taraqqiyot kushandasi

Har qanday davlat korrupsiyaga qarshi keskin kurashmas ekan, istiqboli sо‘roq ostida qoladi. Shunga muvofiq, о‘z taraqqiyot yо‘lini qat’iy belgilab olgan mamlakat siyosatida ushbu yо‘nalish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Xususan, yurtimizda korrupsiyaning har qanday kо‘rinishlariga qarshi murosasiz kurash kechmoqda. Biroq, shunga qaramay, hamon jamiyatda noqonuniy "oldi-berdi"lar uchrab turgani hech kimga sir emas. Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi kurash bir zum ham tо‘xtamaydi, uning samarali usullari, ta’sirchan choralari ishlab chiqilaveradi. Prezidentning 2019 yil 27 maydagi "О‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni ana shu borada qо‘yilgan keyingi muhim qadam bо‘ldi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan ushbu hujjatga asosan 2018-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi, respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jо‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar xalq deputatlari Kengashlari tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya etildi. Bunga qadar esa О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari bо‘yicha qо‘mitalar tashkil etilgan edi.

Shuningdek, farmonda sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlash, davlat xizmatchilarini tanlash, lavozimga qо‘yishda tanlov va shaffoflik tizimini shakllantirish, ular daromadlarini deklaratsiya qilishni joriy etish, davlat idoralari va mansabdor shaxslarning hisobdorligini oshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash orqali ularni korrupsiyaga qarshi kurashga jalb qilish davlat siyosatining ustuvor yо‘nalishlari ekanligi ta’kidlandi. Davlat organlari va komissiyalarning vazifalari belgilab berildi.

Xо‘sh, korrupsiya о‘zi nima? Uning ildizlari qayerga borib taqaladi? Korrupsiyaga qarshi ming yillardan buyon kechayotgan kurashda nega g‘olib ham, mag‘lub ham yо‘q?

Ma’lumki, "korrupsiya" tushunchasi lotin tilidagi "corruptio" sо‘zidan kelib chiqqan bо‘lib, mazmuni "buzish, sotib olish", ya’ni "hokimiyatni buzish, chiritish orqali sotib olish" degan ma’noni beradi. Demak, korrupsiya - mansabdor shaxslar hamda davlat xizmatchilari tomonidan о‘ziga berilgan vakolat va huquqlardan shaxsiy yoki yaqin kishilarining manfaatlarini kо‘zlab, qonunchilikda belgilangan qoidalarga zid ravishda foydalanishni ifodalaydi. U davlat va jamiyat boshqaruvi, taraqqiyotiga putur yetkazib, inson huquqlari buzilishi, tengsizlik va adolatsizlikka olib keladi.

Fransuz mutafakkiri Sharl Monteskye hokimiyat vakolatiga ega shaxs uni suiiste’mol qilishga   moyil bо‘lishini, qadimgi yunon faylasufi Aristotel esa mansabdor shaxslardagi bu moyillikni davlatdagi mavjud qonunlar orqali tiyib turish zarurligini uqtiradi.

Bu borada Qur’oni karimda    "Boshqalarning mulkini nohaq yо‘l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bо‘lgan narsalarni olish uchun о‘z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar", Bibliyada  "Sovg‘a qabul qilma, u sovg‘a sening kо‘zingni kо‘r qilib, tо‘g‘ri ish kо‘rishinga xalal beradi", deyilgan ekan.

Demak, korrupsiya bugun paydo bо‘lib qolgan unsur emas. Unga qarshi kurash tizimi ham qanday natija berganidan qat’iy nazar azaldan ishlab kelgan. Masalan, manbalarda qayd etilishicha, Bobil davlati hukmdori Xammurapi boshchiligida ishlab chiqilgan qonunlar korrupsiyaga qarshi kurashni nazarda tutgan eng qadimiy hujjatdir. 

Tarixchi Gerodotning yozib qoldirishicha, fors shohi Kambis II davrida pora olgan Sisamn ismli qirollik qozisi terisi tiriklayin shilib olinadi.

Zamonlar о‘tdi, mamlakatlar boshqaruvi tizimi, davlatchilik shakllari,  qonun-qoidalar о‘zgarib bordi. Ne ajabki, korrupsiya hamon yashab kelayapti. Shunga tayanib fikrlasak,  nazarimda korrupsiya va korrupsiyaga qarshi kurash abadiy davom etadi. Eng muhimi, bunda uning ta’sirini davlat va jamiyat boshqaruvida kamaytirishga erishishdir.

Tarixiy manbalar va xalq og‘zaki ijodida ayrim davlatlar amaldorlari hamda din peshvolarining о‘zlari korrupsiya tepasida turganligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi. Natijada el-ulus qashshoqlashgan, boshqaruvdagi adolatsizlikdan norozilik oqimi yuzaga kelib, qancha imperiya va davlatlar inqirozga yuz tutgan. SSSR, Buxoro amirligi, Xiva va Qо‘qon xonliklari taqdiri bunga yaqqol misol bо‘la oladi.

Mutaxassislar tahlillariga kо‘ra, har qanday davlatda korrupsiya quyidagi omillar ta’siriga uchraydi:

mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat, qonunlar va qonun osti hujjatlarining barqaror bо‘lishi;

fuqarolarning ijtimoiy va iqtisodiy ahvoli hamda ma’naviyati, huquqiy savodxonlik darajasi;

fuqarolarning davlat boshqaruvida saylovlar tizimi orqali ishtirok etishi, ularning deputatga, deputatning esa davlat organlariga real ta’siri, ijro hokimiyati va ma’muriy organlarning saylab qо‘yiladigan organlar oldidagi hisobdorlik darajasi;

davlatning jamiyat va iqtisodiyotni boshqarishga aralashish darajasi;

qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining bir-birini real ravishda tiyib turish darajasi;

qonunlarning bevosita ishlashi;

turli xil ma’no anglatuvchi va bir-biriga zid keluvchi qonunlar mavjudligi, qonunlardan qonun osti hujjatlarining ustunlik kasb etishi;

davlat xizmatchilarini tanlash va lavozimga qо‘yishda odillik, tanlov va shaffoflik tizimining mavjudligi;

davlat xizmatchilarining lavozim vazifasi va tadbirkorlik   faoliyatini о‘zaro qо‘shib olib borishi;

lavozimdagi faoliyati bir-biriga bog‘liq davlat xizmatchilari   о‘rtasidagi qarindosh-urug‘chilik;

davlat xizmatchilarining jinoyatchilik olami bilan birlashib ketishi yoki uning ta’siriga tushib qolishi;

davlat xizmatchilari daromadi, ular va oila a’zolarining ijtimoiy hamda huquqiy himoyalanganlik darajasi; 

davlat idoralarining ochiqligi hamda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining erkinligi.

Mulohaza qilsak, korrupsiyaga qarshi kurashning samarali kechishi yuqorida bayon qilingan omillarga har jihatdan bog‘liq. Ularning hayotda aks etishiga qarab, jamiyatda korrupsiya holatlari kamayishi ham, aksincha, urchib ketishi ham mumkin.   

Umuman, korrupsiya holatlari jahondagi, xoh u katta yoki kichik, xoh  boy yoki kambag‘al bо‘lsin, barcha davlatlarda uchrasa-da, xavflilik darajasi turlicha bо‘ladi. "Transparency InternationaI" halqaro tashkilotining joriy yildagi ma’lumotiga qaraganda, О‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sohasida sezilarli natijalarga erishayotgan bо‘lsa-da, bu borada hamon jahonning 180 ta mamlakati orasida 158-о‘rinda turadi.

Demak, bu illatga qarshi kurashish borasida hali qilishimiz zarur bо‘lgan ishlar bisyor va shu fikrga hamohang amaliy say-harakatlar bir zum tо‘xtab qolgan emas. Ayniqsa, mamlakatimizda sо‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurash yanada jonlantirildi. Xususan, 2017 yil 3 yanvarda О‘zbekiston Respublikasining "Korrupsiyaga qarshi kurashish tо‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilindi. 2017 yil 2 fevralda Prezident "Korrupsiyaga qarshi kurashish tо‘g‘risida"gi О‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida" qaror qabul qildi.

2019 yil 27 maydagi farmon asosida korrupsiyaga qarshi kurash sohasida yuzaga kelgan muhim о‘zgarishlar shundan iboratki, 2017 yil 2 fevraldagi qaror bilan О‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha respublika idoralararo komissiyasi raisi etib tasdiqlangan bо‘lsa, endi ushbu komissiyaga Oliy Majlisi Senati raisi rahbarlik qiladi. Ikkinchidan, о‘sha qaror bilan 2017-2018 yillarga mо‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha davlat dasturi tasdiqlangan bо‘lsa, farmon bilan 2019-2020 yillarga mо‘ljallangan dastur tasdiqlandi. Uchinchidan, farmonda qayd etilganidek, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bо‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Tо‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish bо‘yicha komissiyalar xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlarida ham tuziladigan bо‘ldi. Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining ustuvor yо‘nalishlari kengaytirildi.

Endi eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi qonun hujjatlari ijrosi tо‘kis ta’minlanishiga erishishdir. Bu - adolatli, insonparvar huquqiy demokratik davlatda yashashni istovchi barcha fuqarolarning birgalikdagi vazifasi. Demak, hammasi о‘zimizga bog‘liq.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi  yuridik xizmat rahbari

 Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

12-06-2019 |
Foto galereya