Joriy yilning 25-27 aprel kunlari "О‘zekspomarkaz" pavilyonida "Toshkent huquq bahori" shiori ostida ilk xalqaro yuridik forum bо‘lib о‘tgan edi. Unda yurtimiz vakillari bilan bir qatorda dunyoning 37 davlatidan 240 nafar huquqshunos ishtirok etdi. Forumda Qarshi shahridagi "Protsessual kafolat" advokatlik byurosi advokati Safar Kattaboyev ham qatnashib, yakunda "2018 yilning eng yaxshi advokati" sifatida e’tirof etildi.

U bilan suhbatimiz ana shu forum taassurotlari, qolaversa, sо‘nggi yillarda mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yutuq va muammolar xususida kechdi.

-  Safar aka, avvalo "Toshkent huquq bahori" forumi taassurotlari bilan о‘rtoqlashsangiz.

- Avvalo aytib о‘tishim joiz, forumda nafaqat men, boshqa hamkasblarimiz uchun ham "Yuridik xizmatlar bozori" degan jumla yangilik bо‘ldi. Tasavvur qilayapsizmi, xalqaro maydonda ana shunday bozor mavjud. Xitoylik advokatning ta’kidlashicha, ular jahonning juda kо‘p mamlakatlarida о‘z ofislarini ochishgan. Endi ular bizning qonunchiligimizni ham mukammal о‘rganib, mamlakatda faoliyat yuritayotgan mahalliy va xorijiy korxonalar uchun yuqori darajadagi yuridik xizmat taqdim etish niyatida.

Rossiyalik hamkasbimning aytishicha, ularda qator yirik tashkilotlar xorijlik huquqshunoslarga ishonch bildirmoqda. U bunga shunday e’tiroz bildiradi: "Nega? Ular Rossiya qonunchiligini bizchalik bilishmaydi-ku". Demak, bu borada gap faqat qonunni bilishning о‘zida emas. Advokat uchun jur’at, о‘z ishiga professional yondashuv va adolatni qaror toptirish ishtiyoqi juda muhim.

Xullas, forumdagi bahs-munozaralardan ayon bо‘ldiki, bugun xalqaro maydonda yuridik xizmat bozori rivojlanib bormoqda va tez orada bizga ham jadal kirib keladi. Bu yuridik xizmatlar tizimida juda katta raqobat paydo bо‘lishidan darak va undan faqatgina xursand bо‘lish lozim. Chunki raqobat bor joyda о‘sish bо‘ladi.

Yana bir jihatga tо‘xtalishni  istardim, yurtimiz iqtisodiyotiga kо‘plab xorijiy korxonalar, kompaniyalar sarmoya yotqizayapti. О‘z о‘rnida  mamlakatimiz tadbirkorlari ham tobora xalqaro bozordan keng о‘rin egallayapti. Demak, endi ularning talabiga javob berish uchun advokatlarimiz ham uyg‘onishi, kamida ikki-uchta xorijiy tilda gaplasha olishi, yurtimiz qonunchiligi bilan bir qatorda, xalqaro huquq normalarini mukammal bilishi talab etiladi. Bugun ana shunday advokatlarga ehtiyoj yuqori.

- Demak, sohada raqobat kuchaysa, advokatlar ham о‘z ustida ishlay boshlaydi.

- Albatta, uniqib ketgan sumkasini kо‘tarib olgancha tergovchi yoki   sudya oldida "ish yо‘qmi, "gos" (davlat hisobidan qatnashish) bо‘lsa ham bо‘laveradi" deb mо‘ltirab turgan, istagan qog‘ozga imzo qо‘yib berishga tayyor hamkasblarimiz bugunning talabiga mutlaqo javob bermaydi. Ular meni tо‘g‘ri tushunishini xohlardim, endi bunday ishlash davri о‘tdi. Axir, zamon shiddat bilan о‘zgarayapti, shunday ekan biz ham unga hamnafas bо‘lishimiz, u bilan baravar qadam tashlashimiz kerak. Bunga harakat qilmagan advokat esa raqobat muhitida о‘z-о‘zidan chetga chiqib qolishi tayin.

- Safar aka, qariyb 40 yilga yaqin prokuratura tizimida turli lavozimlarda mehnat qilgan, endilikda advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan huquqshunos sifatida mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan bugungi islohotlarni qanday baholaysiz?

- Sud-huquq tizimida adolat, insonparvarlik bayrog‘i hilpiray boshladi. Mana, о‘zingiz eslang,  tо‘rt-besh yil oldin palonchiga oqlov hukmi chiqibdi, degan gap ochiq havoda chaqmoq chaqishiga о‘xshash gap edi. Bunga favqulodda voqea sifatida qaralardi. Ayrim viloyatlarda bir yilda bitta ham oqlov hukmi chiqmagan va bu о‘sha hududdagi tergov, sud organlari uchun eng yaxshi natija sifatida qayd etilgan. Bugun esa ahvol mutlaqo о‘zgardi. О‘tgan 2018 yilning о‘zida birgina jinoyat ishlari bо‘yicha viloyat sudlari tomonidan 91 ta oqlov hukmlari chiqarildi, 2019 yilning shu davrida 50 dan oshiq fuqaro oqlandi.

- Darhaqiqat, statistik ma’lumotlarga kо‘ra, oqlov hukmlari chiqishi borasida viloyatimiz respublikada birinchi о‘rinni egallab turibdi ekan. Bu yaxshi natijami yoki yomon?

- Shuncha odam oqlandi, bu - yaxshi, shuncha odam avval aybsiz javobgarlikka tortilgan, bu - yomon. Haqiqatan ham shunday. Dastlabki tergov organlari va quyi sudlar xatolarining viloyat  sudiga kelib bartaraf qilinishi achinarli holat, albatta. Ammo quvonarli jihati shundaki, oxir-oqibat adolat qaror topmoqda. Odamlarda shunga ishonch uyg‘ondi. 

Albatta, sohada kamchiliklar ham yо‘q emas. Misol uchun, ayrim tergov organlari jinoyat ishini ochdimi, u albatta, sudga ketishi kerak, degan  eski tushunchadan qutila olmayapti. Axir jinoyat ishi faqatgina kimnidir ayblash uchun emas, balki zarur tergov harakatlarini olib borib, haqiqatni aniqlash uchun о‘tkaziladi. Aybi yо‘q ekanligi isbotlandimi, demak jinoyat ishini tugatish lozim. Mana shu oyda shuncha jinoyat ishini  ayblov xulosasi bilan tamomlashing kerak, degan talab yо‘q-ku. Umuman, jinoyat ishlarining tugatilishi tergovchi uchun "minus", ya’ni, salbiy emas, agar tо‘g‘ri, qonuniy asosda tugatilgan bо‘lsa, ijobiy  holat sifatida baholanishi kerak. Ana shuni sohada faoliyat yuritayotgan har bir xodim ongiga singdirish vaqti keldi.

-  Deylik, avval nohaq  ayblanib, javobgarlikka tortilgan fuqaro bir necha yildan sо‘ng oqlandi. Bu davr ichida u ishidan ketdi, qamoqda bо‘ldi, о‘zi va oila a’zolari ruhiy tushkunlikni boshdan kechirdi. Buning uchun kim javob beradi?

- Belgilangan tartibga kо‘ra reabilitatsiya etilgan shaxsning barcha mulkiy, moddiy va ma’naviy zararlari tо‘liq qoplab berilishi shart. Ammo amaliyotda bu masalada boshqa bir muammo kelib chiqayapti. YA’ni, qonunda ushbu zararlar moliya organlari tomonidan tо‘lab berilishi kо‘rsatilgan. Chunki davlat organlari yetkazgan zarar uchun davlat mas’ul. Lekin moliya organlari bu zararni tо‘lab berishdan bosh tortadi. Chunki ularda buning uchun manbaa yо‘q. Moliyaga pullar maqsadli keladi: tibbiyot, maorif, ish haqlari, pensiyalar va hokazolar uchun, nohaq jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlarga tovon puli tо‘lash uchun esa alohida mablag‘ ajratilmagan. Shuning uchun men advokat sifatida Oliy Majlis va Senatga murojaat qilib, bundan sо‘ng mazkur xarajatlar uchun ham mablag‘ ajratilishini sо‘radim.

Tо‘g‘ri, hozir ham ayrim hollarda bо‘lsa-da, bu pullar tо‘lab berilayapti. Lekin adolatsizlikdan aziyat chekkan fuqaro bir necha oy yoki yillar davomida bu tovon pullarini ololmasligi yana arizabozliklarning davom etishi, yangi huquqbuzarlik holatlariga olib keladi.

- Aslida bu zarar fuqaroni asossiz ravishda ayblagan  tergovchi, prokuror yoki sudyadan undirilishi kerak emasmi? Chunki adolatsizlik ularning aybi bilan bо‘lgan-ku.

- Mantiqan tо‘g‘ri. Lekin ayrim fuqarolar 5-10 yildan sо‘ng ham oqlanayapti, bu orada xatoga yо‘l qо‘ygan mas’ul shaxslar nafaqaga chiqib ketgan bо‘lishi, vafot etishi mumkin. Bu holda fuqaroga endi sizga yetkazilgan zararni undirib bо‘lmaydi, deb rad qilish ham adolatdan emas. Qolaversa, tergovchi, prokuror yoki sudya davlat nomidan harakat qiladi, sud hukmi esa Respublika nomidan chiqariladi. Shunday ekan, davlat barcha mas’uliyatni о‘ziga olishi shart. Albatta, moliya organlari tо‘langan tovon pullarini qaytarma da’vo arizasi qilib, aybdordan undirishni sо‘rashi mumkin. Ammo, buning uchun ularda jur’at bо‘lishi kerak.

Yana bir muammo ma’naviy zarar summasini belgilash amaliyotida yaqqol kо‘zga tashlanadi. Xususan, qonunlarda bunga oid aniq bir miqdor kо‘rsatilmagani uchun ma’naviy zarar summalarini sudlar umumiy sud amaliyotidan kelib chiqib о‘zlaricha belgilashmoqda. Demak, buning ham aniq mexanizmlarini ishlab chiqish zarur.

Xullas, tadbirkorlik subyektlari, fuqarolarning haq-huquqlarini tо‘liq va mukammal darajada himoya qilish uchun qonunchilikdagi bu kabi kamchiliklar bartaraf etilishi, hammasi aniq va shaffof bо‘lishi lozim. Ana shundagina fuqarolarning odil sudlovga, о‘zining haq-huquqlarini munosib himoya qila olishga bо‘lgan ishonchi yanada ortadi. Chet ellik investorlarning mamlakatimizda hech ikkilanmasdan faoliyat boshlashi uchun ham bu juda muhim. "Toshkent huquq bahori" forumida ana shu jihatlar xususida ham fikrlashildi.

Jahongir BOYMURODOV

suhbatlashdi

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

12-06-2019 |
Foto galereya