160 dan ortiq davlat odam savdosiga qarshi kurashishga oid xalqaro hamkorlikka qо‘shilganiga qaramay har yili dunyo bо‘yicha 20 milliondan ortiq inson bu illat ortidan jabr kо‘rmoqda. Ularning 80 foizini ayollar va bolalar tashkil qiladi. Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonida  30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurash kuni munosabati bilan "Birgalikda odam savdosiga karshi kurashamiz!" shiori ostida bо‘lib о‘tgan aksiyada shu haqda aytib о‘tildi.

Tadbir viloyat xokimligi, "Yuksalish" axborot-maslaxat resurs markazi, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazining viloyat bо‘limi, ichki ishlar va madaniyat boshqarmalari, О‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Ta’kidlandiki, odam savdosi xalqlarning urf-odatlari, dini va mentalitetiga mutlaqo zid bо‘lib, oqibatda odamlarning о‘z milliy kelib chiqishi, tarixi hamda ma’naviyatini unutishga olib keladi. Ushbu jinoyat orqali insonning huquqlari poymol etilib, uning sha’ni, qadr-qimmati oyoqosti qilinayotgani g‘oyat achinarlidir. Bu jarayonda asosan yosh yigit-qizlar jabr kо‘rayotganligini hisobga olsak, uning millat kelajagiga nechog‘lik salbiy ta’sir kо‘rsatishini tasavvur qilish qiyin emas.

Dunyoda bо‘lgani kabi mamlakatimizda ham odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida “Odam savdosiga qarshi kurashish tо‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi bilan ushbu jinoyatga qarshi kurashish, uning oldini olish hamda bu illatdan jabrlanganlarga yordam kо‘rsatishning huquqiy kafolatlari belgilab berildi. 

Shuningdek, tadbirda aholining, ayniqsa, xotin-qizlarning odam savdosi qurboniga aylanishlarining oldini olish, huquqiy savodxonligini oshirish, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarning Vatanga qaytishlariga hamda jamiyatda qayta tiklanib, moslashishlariga kо‘maklashish, ularga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy psixologik yordam kо‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi tomonidan odam savdoga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, markazning "Dolzarb aloqa tarmog‘i" faoliyati, odam savdosidan jabrlanganlarga kо‘rsatilayotgan yordam, ularni hayotga qaytarish borasida qilinayotgan ishlar, bu jarayonga hissa qо‘shayotgan kо‘ngillilar haqida keng tushuncha berildi.

Tadbir doirasida ishtirokchilarga odam savdosi muammosi, chet ellarga chiqish va о‘zga davlatlarda bо‘lish qoidalari, u yerlarda norasmiy va noqonuniy ishlashning oqibatlari, ushbu jinoyatdan jabrlanganlar uchun yо‘naltirilgan axborotni о‘zida mujassam etgan bukletlar taqdim etildi.

Shuningdek, aksiya davomida rasmlar kо‘rgazmasi tashkil etilib, Qarshi shahridagi maktab, kollej va letsey о‘quvchilari о‘rtasida rasm chizish bо‘yicha kо‘rik-tanlov ham bо‘lib о‘tdi. G‘oliblar va barcha ishtirokchilarga kitoblar tо‘plami sovg‘a qilindi.

Aksiya davomida san’atkorlar, ijodiy jamoalar ogohlikka chorlovchi qо‘shiq va raqslari bilan ishtirok etdi.

Shohista BOZOROVA

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Murodulla KOMILOV olgan suratlar

01-08-2019 |
Foto galereya